AQSh: O‘zbek mahkumining mahkamasi bir yilga kechiktirildi

Image copyright AP
Image caption Fazliddin Qurbonov

Shu yil may oyida terrorchilik bilan bog‘liq ayblovlarda ayblangan o‘zbekistonlik Fazliddin Qurbonovning mahkamasi kelasi yilning 1 iyul kuniga qoldirilgan.

Xabarlarga ko‘ra, amerikalik federal prokurorlar o‘tgan hafta ana shunday so‘rov bilan chiqishgan.

Ular buning sababini Fazliddin Qurbonov ishining "o‘ta chalkash" ekani bilan izohlashgan.

30 yoshli Fazliddin Qurbonovning mahkamasi aslida kecha seshanba kuni bo‘lib o‘tishi kerak edi.

Hibs va ayblovlar

2009 yilda Amerikaga kelgan va u yerda haydovchilik qilgan Fazliddin Qurbonov joriy yilning 16 may kuni Boyse shahri janubidagi kvartirasida hibsga olingan edi.

17 may kuni mahkama qarshisida hozir bo‘larkan, u Aydaxo shtati huquq-tartibot organlari o‘ziga qo‘ygan uch bandlik ayblovlarni tan olmagandi.

Aydaxoda Fazliddin Qurbonov terrorchilarga va xorijiy terrorchilik tashkiloti deb tan olingan O‘zbekiston Islomiy harakatiga moddiy ko‘mak berish uchun til biriktirish, portlovchi moddaga egalik qilish ayblovlari qo‘yilgan.

Yuta shtatida esa, u portlovchi modda yasashni o‘rgatishda ayblanmoqda.

Fazliddin Qurbonov, go‘yo shu yil yanvarida qanday qilib portlovchi modda yasash, kerakli ashyolarni qayerdan sotib olish bobida yo‘l-yo‘riq ko‘rsatgan, internetdan maxsus videolavhalarni topib, namoyish etgan.

Ammo Boysedagi mahkama jarayonida u o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni tan olmasligini bildirgandi.

Federal hakam Maykl Uilyams o‘shanda Fazliddin Qurbonov mahkamasi 2 iyul kuni boshlanishini aytib, tinglovni yakunlagandi.

Tarixcha o‘rnida va boshqa mahkumlar

Image caption Fazliddin Qurbonov shu yil may oyida hibsga olingandi

Fazliddin Qurbonov 2009 yil avgustidan AQShda yashagan.

Fazliddin Qurbonovning hibsga olinguncha yuk avtomobili haydovchisi bo‘lib ishlagani, himoyachi yollash uchun o‘zining mablag‘i yo‘qligi mahkamada aytilgan.

Hakam Mikel Uilyams Richard Rubinni Fazliddin Qurbonovning manfaatlarini mahkamada himoya qiluvchi advokat sifatida tayinlagan.

Aydaxo shtati Qochqinlar idorasiga ko‘ra, Fazliddin Qurbonov 2009 yil avgustida qochqin maqomini olganidan keyin Boyse shahrida o‘rnashgan.

Rasmiylar uning AQShda qonuniy yashaganini aytmoqdalar.

Shtat rasmiylari aytishlaricha, Aydaxoda 650 atrofida O‘zbek istiqomat qiladi.

So‘nggi yillarda bir necha o‘zbekistonlik Qo‘shma Shtatlarda terror harakatlariga oid ayblar bilan hibsga olingan.

2011 yil yozida 22 yashar Ulug‘bek Qodirov Prezident Obamani o‘ldirishga qasd qilish aybi bilan qo‘lga olingan va 2012 yil iyulida 15 yillik qamoq jazosiga hukm etilgandi.

2012 yil 21 yanvarida esa jizzaxlik Jamshid Muxtorov ham terrorchi guruhlarga ko‘mak ko‘rsatishga oid ayblar bilan aeroportda hibsga olingan.

Yanvar oyidan buyon AQSh hibsxonasida qolayotgan Jamshid Muxtorovning mahkama jarayoni ham noma‘lum muddatga kechiktirilgan.