HRW: "Lopes Turkmanistonda olgan pulini hayriya qilsin!"

Image copyright AFP
Image caption Lopesning vakili uning Turkmanistondagi ahvoldan bexabar bo‘lganini aytgan

Human Rights Watch tashkiloti amerikalik taniqli qo‘shiqchi va aktrisa Jennifer Lopesni turkman prezidentiga kuylagani uchun olgan haqni Turkmanistondagi siyosiy repressiyalar qurbonlari uchun hayriya qilishga chaqirgan.

Nyu Yorkda joylashgan inson huquqlari tashkiloti chorshanba kuni tarqatgan bayonotda aytilishicha, Lopes xonim olgan pullarini Front Line inson huquqlari tashkiloti, Markaziy Osiyodagi huquq faollari yoki BMTning "Qiynoq qurbonlariga yordam jamg‘armasi" singari tashkilotlarga berishi mumkin.

"Turkmaniston hukumati shafqatsiz qiynoqlar qo‘llashi va huquq faollarining ovozini o‘chirib kelishi bilan ma‘lum", - deb aytgan Human Rights Watch ijrochi direktorining o‘rinbosari Kerol Bogert.

"Jennifer Lopes hayriya qilish bilan o‘z xatosini tuzatishi mumkin", - degan tashkilot vakili.

29 iyun kuni Turkmanistonning Kaspiybo‘yi istirohatgohidagi kontsertda ishtirok etgan amerikalik taniqli aktrisa va qo‘shiqchi Prezident Gurbanguli Berdimuhamedovni tug‘ilgan kuni bilan tabriklagan.

Kontsert Xitoyning davlat neft va gaz shirkati China Petroleum tomonidan moliyalangani aytiladi.

"Bexabar"

Lopes xonimning kontsert uchun 1 million AQSh dollariga yaqin haq olgani xabar qilingan.

Uning so‘zchisi Jennifer Lopes Turkmanistondagi inson huquqlarining ahvolidan bexabar bo‘lganini aytgan.

"Jennifer u yerdagi vaziyatdan xabardor bo‘lganida Turkmanistonga bormas edi", deb aytgan qo‘shiqchining agenti Jey Lo.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Jennifer Lopesdan "Tug‘ilgan kuningiz bilan, mister Prezident!" nomli qo‘shiqni ijro etishni eng so‘nggi daqiqada so‘rashgan va Lopes xonim "iltifot yuzasidan bunga rozi bo‘lgan".

Jennifer Lopesni birinchi bo‘lib Inson Huquqlari Federatsiyasi tanqid qilib chiqqan.

"Lopes Turkmaniston prezidenti bazmida qatnashib, Amnesty International tashkilotining himoyachisidek unvonni obro‘sizlantirdi", - deb aytgan tashkilot 30 iyun kuni tarqatgan bayonotida.

Janob Berdimuhamedovning 56 yoshga to‘lishi munosabati bilan Kaspiy bo‘yidagi "Ovoza" oromgohida uyushtirilgan dabdabali kontsertda Jennifer Lopesdan tashqari, Rossiyadan Filipp Kirkorov, Sati Kazanova, Ani Lorak, shuningdek, Turkiya va Livandan san‘atkorlar ishtirok etishgan.

Human Rights Watch tashkiloti Turkmaniston dunyodagi eng repressiv tuzumlardan biri ekanini aytadi.

Biroq Jennifer Lopes jahon miqyosida tanqidlarga tutilgan ilk yulduz emas.

2010 yilda britaniyalik taniqli qo‘shiqchi Sting O‘zbekiston Prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaning tadbirida qo‘shiq kuylagani uchun g‘arb matbuotida "ikkiyuzlamachi" deya ayblangan.