Qozog‘istondan qaytarilgan qochqinlarning eng so‘nggisi mahkum etildi

Image caption Qochqinlarning oilalari hanuz uchinchi davlatlardan boshpana qidirayotganlari aytiladi

Qozog‘istondan O‘zbekistonga majburiy ravishda qaytarilgan qochqinlardan eng so‘nggisi 12 yilga ozodlikdan mahrum qilingan.

Parijda joylashgan "O‘tyuraklar klubi" inson huquqlari tashkilotining ma‘lum qilishicha, Qashqadaryo viloyat mahkamasi Xayrullo Tursunovni diniy ekstremizmda aybdor, deb topgan.

Tashkilotga ko‘ra, Tursunovning mahkamasida qatnashgan yaqinlari jinoiy ishning qalbakilashtirilgani va mahkamaning adolatsiz o‘tganini da‘vo qilishgan.

Tursunov ekstraditsiya qilingan payt BMT Qochqinlar bo‘yicha Oliy Komissarligi uning siyosiy boshpana so‘rab, yozgan arizasini ko‘rib chiqayotgan bo‘lgan.

Xayrullo Tursunovning turmush o‘rtog‘i Nodira Bo‘riyeva ham O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari tomonidan qidiriladi.

"Noqonuniy ekstraditsiya"

Xayrullo Tursunov singari 70 dan ziyod o‘zbekistonlik boshpana izlovchilar o‘tgan yil yoziga qadar Qozog‘istonning Olma-Ota shahrida qochqinlik maqomi berilishini kutib yashayotgan edilar.

Ular O‘zbekistonda diniy qarashlari uchun ta‘qibga uchraganliklari va u yerda qiynoqlarga tutilganliklarini aytishgan.

Biroq Qozog‘istonda qochqinlar to‘g‘risidagi milliy qonun chiqqanidan so‘ng, 2010 yilning may-iyun oylarida O‘zbekistonda qidiruvda bo‘lgan 30 nafar boshpana izlovchilar qo‘lga olindi.

Qozog‘iston ularga siyosiy boshpana berishdan bosh tortgan.

Qozoq mahkamasi mamlakat Bosh prokurorining ekstraditsiya haqidagi qarorini qo‘llab-quvvatlagan va bir yildan so‘ng, hibsdagilarning deyarli hammasi O‘zbekistonga ekstraditsiya qilingan.

Inson huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlar Qozog‘istonning o‘zbek qochqinlarini ekstraditsiya qilish haqidagi qarorini noqonuniy, deya tanqid qilganlar.

Qozoq rasmiylari O‘zbekiston tomoni ularni qiynoqqa tutmaslik borasida ishontirganini aytishgan.

Ammo huquq faollari va yaqinlari ularning tergov jarayonida shafqatsiz qiynoqlarga tutilganliklarini aytishgan.

Ekstraditsiya qilingan boshpa izlovchilar O‘zbekistonda uzoq yillik qamoq jazolariga mahkum etilgan.

Qozog‘istonda qolgan ularning oilalari va boshqa boshpana izlovchilar turli tazyiqlar ortidan mamlakatni tark etishga majbur bo‘lishgan.

Ayollarning ayrimlari O‘zbekistonga qaytgan bo‘lsa, ayrimlari farzandlari bilan uchinchi davlatga chiqib ketishga muvaffaq bo‘lganliklari aytiladi.