Jahon chempionati: O‘zbekiston chorak finalda Frantsiyaga qarshi

Image copyright AP

Jahon chempionligi uchun o‘z kurashini davom ettirayotgan O‘zbekiston Yoshlar milliy terma jamoasi chorak finalda Frantsiyaga qarshi to‘p suradigan bo‘ldi.

Frantsiya seshanba kuni bo‘lib o‘tgan nimchorak finali uchrashuvida mezbon Turkiyani yirik (4:1) hisob bilan mag‘lub etdi.

Xuddi shu kuni yunonistonlik raqiblarini 1:3 hisobida yenggan O‘zbekiston Yoshlar milliy terma jamoasi ham o‘z tarixida ilk bor chorak finalga chiqishga muvaffaq bo‘lgandi.

O‘zbekiston - Frantsiya chorak final bellashuvi esa, 6 iyul kuni Turkiyaning Rize shahrida bo‘lib o‘tadi.

O‘zbekistonlik nomdor murabbiy, O‘zbek futboli afsonasi Birodar aka Abduraimov O‘zbekiston yoshlarining bo‘lajak raqibidan "xavotirda" ekanini yashirmaydi.

"Men murabbiy sifatida xavotirga tushayapman. Frantsiya milliy terma jamoasi, haqiqatan tan olish kerak, kuchli".

"Bu eng avvalo ularning o‘yin sifatida ko‘rinadi. Frantsuzlar, birinchidan, kombinatsion o‘yinni yaxshi ko‘radi. Bundan tashqari, bolalarining texnikasi kuchli. Bo‘lmasa, mana, qarang, turklar o‘z uyida o‘ynagani, futbol ishqibozlari qo‘llab-quvvatlab turishganiga qaramay, ularning darvozasiga bittamas, ikkitamas, to‘rtta gol urdi. Buni juda katta muvaffaqiyat deyish mumkin", deydi Birodar aka Abduraimov:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

"Endi, balkim, kecha turklarni yutgandan keyin, frantsuzlar mag‘rurlanib ketishi mumkin. Shu tomonlaridan bizning murabbiylar foydalanib olishsa, balkim, yomon bo‘lmas edi".

Image copyright AP

Ammo, o‘zbekistonlik nomdor murabbiy, "Frantsiya qancha kuchli bo‘lsa, bizning bolalar ham bo‘sh kelishmaydi", degan fikrda.

"Butun bor kuchini tashlaydi. Nega deganda, bu chorak final uchrashuvi. Yutqazgan jamoa chiqib ketadi. Yutgan jamoa qoladi. Agar frantsuzlarga ham qarshi yaxshi o‘yin ko‘rsatsak, nur ustiga nur bo‘lardi-da", deydi Birodar aka.

Shuni ham eslatib o‘tish joizki, O‘zbekiston milliy terma jamoasi Birodar aka Abduraimov hammurabbiyligi ostida o‘z tarixida hozircha ilk bor Osiyo O‘yinlari chempioni bo‘lgan.

Frantsiya Yoshlar milliy terma jamoasi "A" guruhida Ganani yengib, AQSh bilan durang o‘ynab va Ispaniyaga yutqazib, o‘zbekistonlik futbolchilar kabi uch o‘yindan 4 ochko bilan nimchorak finaliga chiqqandi.

Ammo, ayni o‘rinda shuni ta‘kidlab o‘tish joizki, frantsiyalik yoshlar jahon chempionatining yaqin tarixida, ya‘ni 1997 va 2001 yillarda ikki bor chorak finaliga chiqishgan.

2011 yilda esa, Frantsiya tarixida ilk bor jahon chempionatining yarim finalida to‘p surish baxtiga muyassar bo‘lishgan.

O‘zbekiston Yoshlar milliy terma jamoasi o‘z tarixida bu galgisi bilan uchinchi bor ishtirok etayotgan bo‘lsa, ikki bor guruh bosqichidan ortga qaytishga majbur bo‘lgan, ammo bu gal o‘z tarixida ilk bor nimchorak va chorak final bosqichlariga chiqishga muvaffaq bo‘lgan.

Chempionat boshlanishida jamoa Bosh murabbiyi Ahmadjon Musayev BBC O‘zbek Xizmati bilan suhbatida, "Har bir inson kabi barcha milliy terma jamoalarni hurmat qilishlari, lekin ularning hech biridan qo‘rqmasliklari, bunga yetarlicha asoslari bor"ligini alohida ta‘kidlagandi.