Misr: armiya Mursiy tarafdorlariga qarata o‘t ochdi

Image copyright c
Image caption Armiya "tinch namoyishlar"ga ruxsat berishini aytgan

Misr xavfsizlik kuchlari ag‘darilgan Prezident Muhammad Mursiy tarafdorlariga qarata o‘t ochishi natijasida uch kishi halok bo‘lgan.

Hodisa Qohiradagi Prezident gvardiyasi qarorgohining zobitlar klubi tashqarisida yuz bergan.

Janob Mursiy shu yerda hibsda ushlab turilgan, deb ishoniladi.

"Musulmon Birodarlari" Muhammad Mursiyning prezidentlikka qaytarilishini talab qilishmoqda.

Ommaviy norozilik namoyishlariga javoban Mursiyni hokimiyatdan chetlatgan Misr armiyasi Qohira ko‘chalarida qo‘shinlarni joylashtirgan.

Hodisa sahnasida bo‘lgan BBC muxbiri Jeremi Bouenning xabar berishicha, Rabaa jome‘ masjididagi juma namozidan keyin 2000 ga yaqin Mursiy tarafdorlari zobitlar klubiga qarab yurishgan.

Askarlar odamlarni ko‘chani kesib o‘tmaslik haqida ogohlantirganlar.

Ammo g‘azabnok olomon oldinga qarab ilgarilashi ortidan askarlar o‘t ochishgan.

Avvaliga havoga, keyin esa namoyishchilarga qarata o‘t ochilgani aytiladi.

BBC muxbiri kiyimlari qonga belangan namoyishchilardan birining yerga qulaganiga shohid bo‘lgan.

Avvalroq Misr armiyasi "tinch namoyishlarga ruxsat berishi"ni aytgandi.

Yangi muvaqqat Prezident Adli Mahmud Mansur "xalqning haqiqiy irodasi"ga tayangan saylovlar o‘tkazishga va‘da bergan.

"Musulmon Birodarlari" rahbari Jehad al-Haddad yangi tuzum bilan hamkorlikdan bosh tortgan.

Misrning birinchi erkin saylab qo‘yilgan rahbari Muhammad Mursiy va "Musulmon Birodarlari"ning boshqa qator yuqori martabali a‘zolari hibsda qolishayotir.