Xitoy sobiq vaziri o‘lim jazosiga loyiq topildi

Image copyright Reuters
Image caption Korruptsiyaga qarshi kurashning eng yuqori lavozimli qurboni

Xitoy mahkamasi sobiq Temir yo‘llar vaziri Lyu Chizyunni poraxo‘rlik va mansab vakolatlarini suiste‘mol qilgani uchun o‘lim jazosiga hukm qilgan.

Ammo hukm ijro etilishi qoldirilgan.

Lyu o‘tgan 25 yildan ortiqroq vaqt davomida 10 million AQSh dollaridan ko‘proq pora olishda ayblangan.

Qoralovchilarga ko‘ra, Lyu hukumat shartnomalarini shirkatlarga pora evaziga tortiq qilgan.

Lyu Xitoy yangi rahbariyatining korruptsiyaga qarshi kurashi "qurboni" bo‘lgan eng yuqori lavozimli mulozimdir.

Xitoyning Temir yo‘llar vazirligi shu yil Mart oyida tarqatib yuborilgandi.

Lyu janoblari Pekindagi mahkamada hukm qilindi.

Uni o‘lim jazosiga loyiq topdilar, ammo ikki yillik muhlat bilan jazo qoldirildi.

Sobiq vazirning shaxsiy mol – mulki ham musodara etiladi.

Ammo Lyu janoblarining o‘lim jazosi ijro etilmaydi.

Xitoyda odatda o‘lim jazosi umrbod qamoq jazosi bilan almashtiriladi.

Sobiq vazir Xitoy kommunistlar partiyasi safidan may oyida haydalgan edi.

Image copyright Reuters
Image caption Xitoy tezyurar poyezdlari

Xitoyning tezyurar temir yo‘llarida "g‘ovlar"

Xitoyning tezyurar poyezdlar tarmog‘i dunyodagi eng yirik tarmoq sanaladi.

Ammo so‘nggi yillar ayni temir yo‘llar xavfsizlik nuqtai nazaridan tanqid ostida qolmoqda.

Temir yo‘llardagi nosozlik bir necha baxtsiz hodisalarga sabab bo‘lgani aytiladi.

Ana shunday hodisalardan biri 2011 yilda ro‘y bergan va unda qirq kishi qurbon bo‘lgandi.

Hukumatning kamida ikki tekshiruvi bu sohada ko‘zbo‘yamachilik va davlat mablag‘ini suiste‘mol qilish hollarini aniqlagan.