San-Frantsiskoda Janubiy Koreya uchog‘i halokatga uchradi

Image copyright AP
Image caption Uchoq bortida 292 yo‘lovchi va 16 ekipaj a‘zosi bo‘lgan.

Janubiy Koreyaning Asiana havo shirkatining Boeing 777 uchog‘i San-Frantsisko aeroportiga qo‘nayotgan paytda yonib ketgan.

Favqulodda qo‘nishga majbur bo‘lgan uchoq halokatida ikki inson halok bo‘lgan, 180 kishi jarohatlangan.

Seuldan uchib kelayotgan uchoq bortida 292 yo‘lovchi va 16 ekipaj a‘zosi bo‘lgan.

Koreya matbuoti rasmiylarga tayanib xabar tarqatishicha, halokat oqibatida ikki Xitoy fuqarosi halok bo‘lgan.

Shifoxonaga yotqizilgan 10 insonning ahvoli juda og‘ir ekani xabar qilinmoqda, ularning ikki nafari bola.

Halokatga nima sabab bo‘lgani aniq emas.

Boeing 777 uchog‘i 300 yo‘lovchi tashiy oladi, Seuldan San-Frantsiskogacha parvoz 10 soat 23 daqiqa davom etgan.

Uchoq yo‘lovchilaridan birining CNN telekanaliga aytishicha, uchoq yerga qo‘nishi bilan alanga olgan.

So‘ng bir tomonga qiyshayib ketib, bir qanoti uzilib tushgan.

Uchoq halokati haqidagi xabar va uning suratlari bir zumda Twitter orqali tarqagan, yo‘lovchilardan biri o‘zlarining omon qolganlarini aytgan va bunga ishonib bo‘lmaydi, degan.

Qutqaruvchilar va o‘t o‘chiruvchilar tezda yetib kelganlar, yo‘lovchilar zudlik bilan evakuatsiya qilina boshlangan.

Yo‘lovchilardan biri aviahalokatni 11 sentyabr portlashlariga qiyoslagan."Bunday hodisani 11 sentyabrdan buyon ko‘rmagan edim", degan u.

Xabar qilinishicha, Asianahavo shirkati uchog‘i 10 soatdan oshiq parvozdan so‘ng qo‘nayotgan bo‘lgan.

Halokat tafsilotlari o‘rganilayotganligi aytilmoqda.

Asiana shirkati ta‘kidlashicha, halokatga uchragan uchoq dvigatelida ilgari muammolar bo‘lmagan va uchoqning o‘zi ham deyarli yangi bo‘lgan.