Rossiya: firibgar o‘zbekistonlikning hujjatlarini qaytardi

Image copyright BBC World Service
Image caption Rossiyaga ish izlab borgan tajribasiz yoshlar ko‘pincha tovlamachilar tomonidan aldanib qolishi aytiladi.

Sankt-Peterburgdagi o‘zini ish beruvchi deb tanishtirib, o‘zbekistonlik mehnat muhojiridan xujjatlarini olib qo‘ygan kishi topildi.

Ommaviy axborot vositalarida chiqqan maqola uni qo‘rqitib yuborgan ko‘rinadi.

5000 rubl evaziga xujjatlarni egasiga qaytarmoqchi bo‘lgan firibgar fikridan qaytdi, deya xabar berdi Markaziy Osiyolik mehnat muhojirlariga yordam berish Fondi matbuot xizmati.

"Bu voqeaga keng ommaning e‘tibor qaratgani uni qo‘rqitib yuborgan ko‘rinadi", - deydi matbuot xizmati xodimi. "Biz bu ma‘lumot haqida OAVlarni xabardor etgan edik. Oradan ikki kun o‘tib, u Farrux Rahmonovga qo‘ng‘iroq qilib xujjatlarini qaytarishini aytdi. Hech qanday pul, ta‘ma yoki po‘pisalarsiz".

Shuningdek, OAVga berilgan ma‘lumotda ushbu firibgarlik yuzasidan politsiya ariza bilan murojaat etilgani, o‘zini ish beruvchi deb tanishtirgan kishi qidirilayotgani bildirilgan edi.

Voqeaning bunday jiddiy tus olishini kutmagan firibgar xujjatlarni o‘z egasiga tinchgina qaytarishni ma‘qul topdi.

Bu borada Markaziy Osiyolik mehnat muhojirlariga yordam berish Fondi xodimlarining sa‘i harakatlari tahsinga sazovor.

"Mehnat muhojirlari uchun barcha xizmatlar bepul amalga oshirilayapti, - deydi Fond matbuot xizmati rahbari Maxmud Mamatmo‘minov. - Yordam so‘rab kelayotganlar juda ko‘p, imkon qadar ma‘naviy va moddiy yordamlar ko‘rsatilayapti. Ammo murojaat etuvchilarning hammasiga ham moddiy yordam ko‘rsatishga qurbimiz yetmaydi. Haligacha Fondimizga "yurtdoshlarimiz uchun mana, meni hayriyam" deb kelgan oliyhimmat o‘zbeklarni uchratmadik".

Sankt-Peterburgda mehnat muhojirlariga ko‘maklashishdek xayrli ishga qo‘l urgan Fond jamoasining mehnati Rossiyadaning boshqa barcha viloyatlaridagi o‘zbek diasporalariga ibrat qilib ko‘rsatsa, arzigulik. Rossiyadagi minglab yurtdoshlarimiz amaliy yordamga muxtoj.