Vladimir Putin Qozog‘istonga safar qilgan

Prezident Vladimir Putin Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyevning tug‘ilgan kuni bilan shaxsan tabriklash uchun Ostonaga borgan.

Bu borada RIA Novosti agentligi Putinning matbuot kotibiga iqtibosan xabar beradi.

Rossiya Prezidentining Qozog‘istonga safari rasman bildirilmagan edi.

Matbuot voizi Dmitriy Peskovning so‘zlariga ko‘ra, ikki davlat rahbari orasida telefon suhbati bo‘lib o‘tgan.

Putin Qozog‘iston prezidentiga sog‘lik-omonlik, qozoq xalqiga farovonlik tilagan.

"Bu tashrif Qozog‘iston prezidentini tabriklash, shuningdek ikki tomonlama munosabatlar borasida muzokaralar o‘tkazishda uchun yaxshi imkoniyat bo‘ladi", degan janob Peskov.

Ostonada uchrashgan prezidentlar ikki davlat orasidagi hamkorlikdan tashqari xalqaro kuchlarning Afg‘onistondan qo‘shinlarini olib chiqish bilan bog‘liq mintaqaga doir masalalarni ham muhokama qilishadi.

"Bu muhokama qilib olinadigan juda muhim masala", degan janob Putin Nazarboyevga.

6 iyulda Qozog‘istonda "Poytaxt kuni" ham nishonlanadi va mamlakatda uch kunlik ommaviy sayillar, festivallar, mushakbozliklar bo‘lib o‘tadi.

73 yoshli Nursulton Nazarboyev 1991 yildan buyon Qozog‘iston davlati rahbari bo‘lib, 2010 yil iyunda unga "el boshi"maqomi berilgandi.