"Muftiy Boboxonovlar" jamg‘armasi raisi Amirsaidxon Usmonxo‘jayevga savol bering

Image caption Amirsaidxon Usmonxo‘jayev ko‘p yillar bobosi, tog‘asi va akasining yonida yurib, uch muftiy hayoti va faoliyati haqida batafsil ma‘lumotlar to‘plab kelgan

Amirsaidxon Usmonxo‘jayev - O‘rta Osiyoning birinchi muftiysi, taniqli din ulamosi Eshon Boboxon ibn Abdulmajidxonning 37 nabiralaridan biri.

1944 yilda Toshkent shahrida tavallud topgan.

O‘rta maktabni tugatib, Xalq xo‘jaligi institutida tahsil olgan.

1961 yildan boshlab savdo sohasida xizmat qilgan.

1977-79-yillarda O‘zbekiston Davlat savdo va matlubot kooperatsiyasining raisi lavozimida xizmat qilgan.

1984-1986 - yillarda Moskvadagi SSSR Ministrlar Kengashi qoshidagi Xalq Xo‘jaligi Akademiyasida tahsil olgan.

1986-1990-yillarda O‘zbekiston savdo vazirining o‘rinbosari bo‘lgan.

Hozirda Boboxonovlar sulolasi tarixini o‘rganish va diniy-ma‘naviy merosini targ‘ib qilish bilan mashg‘ul.

2007 yil noyabrida Nijniy Novgorod viloyati muftiysi Umar Hazrat Idrisov tashabbusi bilan Rossiyada "Muftiy Boboxonovlar" jamg‘armasi ta‘sis etilgan va jamg‘armaga Amirsaidxon Usmonxo‘jayev rais etib tayinlangan.

2008 yilda Moskvada uning "Jizn muftiyev Babaxanovyx: Slujeniye vozrojdeniyu islama v Sovetskom Soyuze" nomli birinchi kitobi chop etiladi.

Ushbu kitob 2011 yilda Toshkentda "Dinimiz fidoyilari" nomi bilan nashr qilingan.

Kitobga Rossiyaning sobiq Tashqi ishlar vaziri va Bosh vaziri Yevgeniy Primakov so‘zboshi yozgan.

Hozirda "Islom ma‘rifatchilari avlodi tarixidan" nomli navbatdagi kitob ustida ishlayotganini aytadi.

Amirsaidxon Usmonxo‘jayev 2008 yilda Muftiy Boboxonovlarning diniy-ma‘naviy merosini o‘rganish va targ‘ib etishdagi xizmatlari uchun Rossiya Muftiylar kengashining "Al-Faxr" ordeni bilan taqdirlangan.

Bobosi- Eshon Boboxon ibn Abdulmajidxon O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy idorasining asoschisi, birinchi raisi, ayni paytda O‘rta Osiyodagi besh jumhuriyatning muftiysi bo‘lgan.

1945 yilda Eshon Boboxon tashabbusi bilan Buxorodagi "Mirarab" madrasasi qayta ochilgan.

1957 yilda Eshon Boboxon 99 yoshida vafot etganidan so‘ng, o‘rniga o‘g‘li Ziyovuddin Boboxon muftiylikka tayinlanadi va 25 yil davomida O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlariga rahbarlik qiladi.

1971 yilda uning tashabbusi bilan Toshkentda sobiq Ittifoqdagi birinchi Islom instituti - Toshkent Oliy Islom Ma‘hadi ochiladi.

1982 yil dekabrida Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxon 74 yoshida vafot etishidan sal avval, uning o‘g‘li Shamsiddin Boboxon muftiylikka tayinlangan.

1989 yilgacha muftiylik lavozimida ishlagan.

1994 yildan 2003 yilda 66 yoshida vafot etguniga qadar O‘zbekistonning avval Misr, keyin Saudiya Arabistoni, shuningdek, Iordaniya, Quvayt, Bahrayn va Jazoyirdagi favqulodda va muxtor elchisi bo‘lib xizmat qilgan.

"Muftiy Boboxonovlar jamg‘armasi" raisi Amirsaidxon Usmonxo‘jayevga savolingizni sahifamiz pastidagi maxsus forma orqali yo‘llang.

Suhbatni shanba va yakshanba kunlari "Daraklar" dasturida tinglay olasiz.

Uning to‘liq matni bilan ushbu sahifada tanishishingiz mumkin.

Elektron pochtamiz manzili: uzbek@bbc.co.uk