Uzwebistonda hafta manzarasi

Kechgan haftada AQShning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Jorj Krolning O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi munosabatlar borasidagi so‘zlari qator internet websaytlar diqqat markazida bo‘ldi.

Janob elchi Markaziy Osiyo Yangiliklar xizmatiga bergan eksklyuziv intervyusida O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi munosabatlarga baho berdi, deya yoziladi uz.ca-news.org websaytida.

"Ilgari O‘zbekistonda harbiy bazamiz bor edi, biz bu yerda yana bazamiz bo‘lishini xoh-lamaymiz", deydi elchi janoblari muxbirning O‘zbekiston AQSh ko‘magida mintaqada Rossiyaning harbiy ta‘siriga qarshi chiqyaptimi, degan savoliga javoban.

"Ekspertlar orasida Rossiya va AQSh o‘rtasida Markaziy Osiyoda ta‘sirga ega bo‘lish uchun "katta o‘yin" ketayotganligi haqida gap-so‘zlar borligini ko‘p eshitaman. Men hozir nafaqat AQShning O‘zbekistondagi elchisiman, balki o‘z vaqtida AQSh davlat kotibining Markaziy Osiyo bo‘yicha yordamchisi bo‘lib ishlaganman. Tushunadigan odamlar yaxshi biladi: bu yerda AQSh, Rossiya va Xitoyning manfaatlari bor. Ammo men bu yerda keskin qarama-qarshiliklarni ko‘rmayman. Bizning mavqeimiz va siyosatimiz Rossiyaga qarshi emas. Biz Markaziy Osiyoda uzoq muddatli iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy barqarorlik bo‘lishini xohlaymiz", deydi Krol.

Ayni bir paytda elchi janoblari "Biz O‘zbekistonga islohotlarni qanday o‘tkazishni o‘rgatmoqchi emasmiz", deb aytgan. Elchining bu so‘zi ta‘kidlangan vatandosh.com web-saytida uning O‘zbekistondagi demokratiya borasidagi so‘zlari keltiriladi.

Jorj Krolning qayd etishicha, u O‘zbekiston hukumati vakillari bilan har bir uchra-shuvda demokratiya masalasini muntazam ko‘tarib chiqadi. "Biz ushbu masalaga konstruktiv yondashuvni topishni istaymiz. Biz O‘zbekistonga islohotlarni qanday amalga oshirishni o‘rgatmoqchi emasmiz, ammo istiqboldagi barqarorlik uchun erkin OAV, mustaqil sud tizimi singari nufuzli demokratik institutlar kerak ekanligiga ishonchimiz komil", deydi elchi janoblari.

O‘zbekistondan tashqarida ish yuritayotgan websaytlarda huquq himoyachilarining kaltaklanishi haqida xabarlar berilgan.

"Qarshida 3 iyul kuni kaltaklangan taniqli huquq himoyachisi Yelena Urlayeva va "Bir-damlik" muxolifat harakatining O‘zbekistondagi vakili Malohat Eshonqulovalar Shahrisabz shifoxonasiga olib kelindi," deya xabar beradi Uznews.net.

Bu ikki huquk himoyachisi joriy yil 17 iyul kuni jinsiy tajovuzda ayblanib hibsga olingan 71 yashar Hasan Choriyev, "Birdamlik" lideri Bahodir Choriyevning otasini ozod etilishini talab qilib piket qilishmoqchi edi.

Biroq piket hali boshlanmasidan, ular endigina prokuratura binosi oldiga kelib turishlari bilan yigirmatacha ayol va yetti erkak chiqib kelib huquq himoyachilari va Choriyevning 13 nafar qarindoshiga tashlanishgan. Piketchilar hatto qariyani ozod etish haqidagi arizalarini qabulxona darchasi orqali uzatishga ham ulgurishmagan. Hujum qiluvchilar kutilmaganda bir nechta tomondan chopib kelishgan va aktsiya ishtirokchi-larini ura boshlashgan. Urlayeva kuchli zarbadan hushidan ketib qolgan. Shuningdek, piket ishtirokchilarining barchasidan sumkalari tortib olingan, Eshonqulova va Hasan Choriyevning qizi Zulayhoning qulog‘idan tilla sirg‘alarini yulib olishgan.

Militsiya xodimlari kelishi bilan, hujum qilganlar g‘oyib bo‘lishdi, deya yoziladi fergananews.com saytida.

"Farg‘ona" xalqaro axborot agentligi amalga oshmagan aktsiya ishtirokchilarini Qarshi shahar militsiya boshqarmasiga olib borishgani, u yerda hujum haqida ariza yozdirishgani borasida xabar beradi.

UzDaily.uz ning xabar berishicha o‘tgan o‘quv yilida O‘zbekistondagi kollej va litseylarda o‘qiyotgan 5 ming nafardan ortiq o‘quvchi muntazam ravishda hech bir sababsiz ravishda darsslarga kelishmagan. Bu borada O‘zbekiston Bosh prokurori Rashitjon Qodirovning "Pravda Vostoka" gazetasida chop etilgan maqolasida ta‘kidlangan.

Maqolada Bosh prokuror kollej va litseylarda o‘qish uchun barcha zarur sharoitlar muhayyo etilganini ta‘kidlar ekan, ayrim o‘quv dargohlari rahbarlari o‘quvchilar taq-diriga e‘tiborsizlik bilan qarashgani tufayli javobgarlikka tortilganliklarini keltiradi.

U misol tariqasida Toshkent shahridagi 27-maktab direktori va muovinining jinoiy kelishuvga qo‘l urganliklarini keltiradi. Bu rahbarlar garchi maktabning 5-sinf o‘quvchisi D. Boymamatova 4 yil davomida Belgiyada bo‘lsada, unga darslarni o‘zlashtirish baholari qo‘yilishi, sinfdan sinfga ko‘chirilishiga yo‘l qo‘yib berishgan.

Bosh prokuror keyingi yil va joriy yilning 5 oyi davomida maorif tizimida ishlayotgan 2 ming nafar kishi o‘z vazifasini zaruriy tarzda bajarmaganligi, aynan o‘quvchi va talabalarning darsga kelishlarini ta‘minlamaganlari uchun intizomiy javobgarlikka tortilganliklarini ta‘kidlaydi.

O‘z o‘rnida u ota-onalarning farzand tarbiyasidagi mas‘uliyatini eslatgan holda 2012 yilda 3,5 ming nafar ota-ona javobgarlikka tortilgani, 250 nafar kishi ota-onalik huquqidan mahrum etilgani haqida yozadi maqolada.

Bosh prokuror darslarga bormaslik o‘smirlar orasida jinoyatchilik kelib chiqishiga sabab bo‘lishi borasida misollar keltiradi. Shningdek, keyingi o‘quv yili davomida 2100 nafardan ko‘proq balog‘atga yetmagan qiz erta turmushga uzatilgan. Ularning 944 nafari darslarga bormay qo‘ygan bo‘lishgan.

Uzmetronom.com esa, O‘zbekistonda yig‘ilayotgan yengil avtomashinalar narxining yana oshganini xabar qiladi. Jumladan, Matiz - 28,1 foiz, Nexia -26,4 , Spark - 16, Lacceti - 22,6, Malibu -12, Damas -15 foizga qimmatlagan.

Narx oshganidan so‘ng, masalan, Captiva rusumli mashina 90 million so‘m turadi, deb yoziladi saytda. Agar hech qanday pora olmasdan ishlaydigan davlat shifoxonasi vrachi bu mashinani sotib olmoqchi bo‘lsa, yemay-ichmay 45 yil mablag‘ to‘plashi zarur.

O‘zbekistonliklar boshqa ishlab chiqaruvchilarning mashinalarini sotib olishni istashadi. Lekin yuqori aksizlar va bojxona yig‘inlari bois bunday mashinalar narxi O‘zbekiston chegarasiga o‘tgandan so‘ng asliga qaraganda ikki-uch baravar oshadi, deya yozadi uzmetronom.com.

Har galgidek ko‘pgina websaytlar O‘zbekiston sportchilarining yutuqlari borasida xabar berishgan.

"Hindistonning Puna shahrida yengil atletika bo‘yicha davom etayotgan Osiyo chempionatida O‘zbekiston sportchilari yana ikkita oltin va bitta kumush medalni qo‘lga kiri-tishdi", deya xabar beradi turkistonpress.uz

Bundan bir necha yil oldin O‘zbekiston ommaviy axborot vositalari uchun tabu bo‘lgan odam savdosi hozirda eng ko‘p yoritilayotgan mavzulardan bo‘lib qolgan. Podrobno.uz Turkiyaga uchib ketishayotganda bojxona xodimlari tomonidan to‘xtatib qolingan besh qiz haqida yozgan.

Qizlarga chet elda yaxshi ish va katta ish haqi va‘da qilishgan. Lekin amalda ular An-qaraga yetib borishlari zahoti tungi klublarga joylashtirish rejalangan. Bu rejani amalga oshirmoqchi bo‘lgan ikki ayol qo‘lga olingan.

Podrobno.uz "Pravda Vostoka" gazetasi ma‘lumotlariga suyangan holda odam savdosi masalasiga to‘xtalar ekan, yosh ayollarni aldov yo‘li bilan chetga olib ketish joriy yildagi birinchi hodisa emasligini urg‘ulaydi.

Boshqa bir guruh odam savdogarlari esa ishsiz yosh yigitlarni Rossiyaga jo‘natishga urinishgan. Ularni "Sizlar issiqxonada ishlaysiz. Yaxshi haq olasizlar", deb aldashgan.

"Yaponiya uran qazib olish bo‘yicha O‘zbekiston bilan hamkorlik qiladi", deya xabar beriladi darakchi.uz websaytida. Bu sayt ITAR-TASS agentligiga suyangan holda

"Yaponiya milliy neft, gaz va metall korporatsiyasi (JOGMEC) O‘zbekiston bilan hamkor-likda mamlakatimizda uran qazib olish bilan shug‘ullanadi", deya yozadi.

Saytga ko‘ra foydali qazilmalarga ega bo‘lmagan Yaponiya uranni import evaziga sotib olishga majbur. Uran asosan Kanada va Avstraliyada katta miqdorda qazib olinadi. Biroq kunchiqar mamlakat ana shu modda zahiralariga boy bo‘lgan Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlik qilishga qiziqmoqda.

Shu o‘rinda Tojikiston va Qirg‘izistondagi uran qazib olingan va uning chiqindilari tashlangan yerlarda radiatsiya miqdorining oshib borishi natijasida Sho‘rolar Ittifoqi tarqab ketgandan keyin yuzaga kelgan xavotirli holat, bu borada ekspertlarning bong urishi haqida eslatish joiz.

Tahlilchilar tabiiy ofatlar, masalan, qattiq sel natijasida radiatsiya chiqindilarining Sirdaryoga oqib tushish xavfi mavjudligi, bu ko‘ngilsiz holat tufayli faqat Tojikiston va Qirg‘istonda yashayotgan odamlar emas, balki daryo suvidan foydalanadigan O‘zbekiston va Qozog‘iston aholisi ham jabr chekishi mumkinligi borasida tashvish bildirishadi.

Markaziy Osiyo mamlakatlarida yashayotgan kishilarning hayoti ko‘p jihatdan bir-biriga bog‘liq ekanligini eslagan holda, biz keyingi sharhda websaytlarda O‘zbekiston qo‘shnilari hayoti borasidagi xabar va maqolalarga ham yuzlanishga harakat qilamiz.