Jahon chempionati: O‘zbekiston 0-4 Frantsiya

Image copyright AFP

O‘z tarixida ilk bor jahon chempionatining chorak finalida to‘p surayotgan O‘zbekiston Yoshlar milliy terma jamoasi frantsiyalik raqiblariga 0:4 hisobida o‘yinni boy berdi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Yoshlar milliy terma jamoasi bu yilgi jahon chempionatida o‘z tarixida ilk bor nimchorak va chorak final bosqichlariga chiqishga muvaffaq bo‘ldi.

Turkiyadagisi bilan o‘z tarixida uchinchi bor jahon chempionati final bosqich bellashuvlarida ishtirok etgan O‘zbekiston bundan avval har ikki gal ham guruh bosqichidan ortga qaytishga majbur bo‘lgandi.

Shunday qilib, dastlabki chorak final bellashuvi ortidan, Frantsiya Yoshlar o‘rtasida 2013 yilgi jahon chempionatining yarim finaliga chiqqan birinchi jamoa bo‘ldi.

Yana birozdan so‘ng bugunning ikkinchi uchrashuvida Urugvay va Ispaniya bir-birlariga qarshi maydonga tushishadi.

Uchrashuv 1-bo‘limi asosan Frantsiyaning ustunligi bilan kechdi. O‘yinda ham hisobni 31-daqiqada frantsuzlar ochishdi. To‘pni Yaya Sanogo o‘z hisobiga yozdi.

O‘zbekiston yoshlar 30 daqiqa yaxshi himoyalandi. Ammo himoyada yo‘l qo‘yilgan xato ularga qimmatga tushdi.

Buning ortidan Tohir Shamshitdinovning xatosi frantsuzlar foydasiga 11 metrlik jarima to‘pi bilan yakunlandi. 36-daqida Pol Progba hisobni 0:2 ga yetkazdi.

Oradan bor-yo‘g‘i 5 daqiqa o‘tib, O‘zbekiston jarima maydonchasida hakam to‘p Diyorbek Turopovning qo‘liga tegdi, deb topdi.

Frantsuzlar navbatdagi 11 metrlik jarima to‘pini ham bexato amalga oshirishdi. To‘pni Florian Tauvin o‘z hisobiga yozdi.

Uchrashuvning 1-bo‘limi Frantsiya foydasiga 0:3 hisobi bilan yakunlandi.

Shundan so‘ng Turkiyada bo‘lib o‘tayotgan 2013 yilgi jahon chempionati dastlabki chorak final uchrashuvining 2-bo‘limi boshlandi.

63-daqiqaga qadar darvozasini daxlsiz ushlagan O‘zbekiston yana bir to‘p o‘tkazib yubordi.

Burchakdan tepilgan to‘pni Kurt Zauma boshi bilan O‘zbekiston darvozasiga yo‘llab, hisobni 0:4ga yetkazdi.

Uchrashuv 2-bo‘limining boshlarida hujumga zo‘r bergan esa-da, O‘zbekiston o‘yinda hisobni kamaytirishning uddasidan chiqa olmadi.

68-daqiqada ikkinchi sariq kartochka olib, Tohir Shamshitdinov maydonni tark etdi.

O‘zbekiston uchrashuvning qolgan qismini Frantsiyaga qarshi 10 ta o‘yinchisi bilan o‘tkazdi. Lekin shunga qaramay, qolgan 24 daqiqa darvozasini daxlsiz ushladi.

Agar O‘zbekiston Yoshlar milliy terma jamoasi bugun Frantsiyani yengsa, o‘z tarixida ilk bor jahon chempionatining yarim finaliga ham chiqqan bo‘lardi.

Uchrashuv arafasida

Jamoa Bosh murabbiysi Ahmadjon aka Musayev bugungi uchrashuv arafasida BBC O‘zbek Xizmatiga Turkiyadan bergan suhbatida "bo‘lajak har tomonlama jangga tayyor ekanliklari"ni aytgandi:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

"Frantsiyaga qarshi o‘yinda shu narsani ko‘rasizlarki, befarq yigitimiz bo‘lmaydi. Men shuni aytishim mumkin. Mening o‘zim, yigitlarimiz har doim tayyor".

"Men va shogirdlarim shuni bilishadiki, biz har doim shuni ta‘kidlaymizki, o‘yin 90 daqiqa bo‘ladimi yoki 120 daqiqa, aynan o‘sha paytda kim qaysi holatda bo‘lsa, o‘sha yutib chiqadi u kim bo‘lishidan qat‘inazar".

"Qo‘rqqanimizda, biz umuman jahon chempionatiga kelmasdik. Shaxsan o‘zimga keladigan bo‘lsak, men hech qachon hech qaysi jamoadan qo‘rqmaganman, faqat hurmat qilaman. Yigitlarimiz ham shu ruhda tarbiyalangan. Ruhiyati ham shunaqa", deydi Bosh murabbiy.

Ayni o‘rinda shuni ham eslatib o‘tish joizki, jarohati tufayli jamoaning yetakchi yarim himoyachisi Jamshid Iskanderov, olgan ogohlantirishlari sabab, ikki markaziy himoyachisi Sardor Rahmonov va Boburbek Yo‘ldoshevlar Frantsiyaga qarshi o‘yinda maydonga tusha olishmaydi.

O‘zbekistonlik Bosh murabbiy bu, "jamoaning o‘yiniga jiddiy ta‘sir qilishi hammaga ayon ekani, ammo har bir jamoa nimagadir erishmoqchi bo‘lsa, uning bor kuchi, irodasi, jasorati shu kabi qiyin paytlarda ko‘rinishi"ni aytadi.

"Bahona tariqasida aytmoqchi emasman. Bizda har bir, hali o‘yinga tushmagan o‘yinchining ham o‘zining joyi bor. Bolalarimiz juda shay. Endi, har doim o‘ynaydigan o‘yinimiz emas, sal boshqacha uslublarni ham qidirib, topib, shuning ustida ishlayapmiz hozir", deydi Ahmadjon aka Musayev.

Tarixiy uchrashuv

Image copyright AP

O‘zbekiston uchun tarixiy uchrashuv Toshkent vaqti bilan soat kechki 20:00 da Turkiyaning Rize shahridagi "Yeni Shehir"stadionida bo‘lib o‘tadi.

O‘zbekiston Yoshlar milliy terma jamoasi bu galgi jahon chempionatida ketma-ket tarixiy natija qayd etishga muvaffaq bo‘ldi.

Jamoa nimchorak finali barobarida dunyo birinchiligining chorak finaliga ham chiqishga muvaffaq bo‘ldi.

Bu - O‘zbekiston Yoshlar milliy terma jamoasining o‘z tarixida ilk bor jahonning eng kuchli sakkiz jamoasi safidan o‘rin olganini anglatadi.

O‘zbekiston yoshlari bundan avval ikki bor jahon chempionatiga yo‘llanma olishgan esa-da, guruh bosqichidan ortga qaytishga majbur bo‘lishgan.

Frantsiya Yoshlar milliy terma jamoasi "A" guruhida Ganani yengib, AQSh bilan durang o‘ynab va Ispaniyaga yutqazib, o‘zbekistonlik futbolchilar kabi uch o‘yindan 4 ochko bilan nimchorak finaliga chiqqandi.

Ammo, ayni o‘rinda shuni ta‘kidlab o‘tish joizki, frantsiyalik yoshlar jahon chempionatining yaqin tarixida, ya‘ni 1997 va 2001 yillarda ikki bor chorak finaliga chiqishgan.

2011 yilda esa, Frantsiya tarixida ilk bor jahon chempionatining yarim finalida to‘p surish baxtiga muyassar bo‘lishgan.

Bugunning ikkinchi uchrashuvida esa, O‘zbekiston Yoshlar milliy terma jamoasining ashaddiy raqibi Urugvay Ispaniyaga qarshi maydonga tushadi.

2 va 3 iyul kunlari bo‘lib o‘tgan nimchorak final bellashuvlari ortidan, Ispaniya, O‘zbekiston, Frantsiya, Urugvay, Gana, Chili, Iroq va Janubiy Koreya yarim finalga chiqish uchun bellashishadi.

Ayni o‘rinda shuni ham ta‘kidlash joizki, nimchorak finaliga chiqqan har uch Osiyo milliy terma jamoasi jahon chempionatining chorak finaliga ham chiqishga muvaffaq bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, yoshlar orasidagi 2013 yilgi jahon chempionati 21 iyun kuni Turkiyada start olgan va 24 milliy terma jamoa yagona kubok uchun kurashlarini boshlab yuborishgandi.