"Biometrik pasport talab qilinishi qonunga zid"

Image caption Pasport berish jarayonining samarasizligi va yozning issiq kunlarida soatlab navbatda turish ko‘p fuqarolarni qiynamoqda

O‘zbekiston hukumatining rasmiy xabar agentligi bildirishicha, nobiometrik pasportlar 2015 yil oxirigacha amal qiladi, hamda o‘qishga kirish yoki chet elga safar qilish uchun biometrik pasport talab qilinishi qonunga ziddir.

Bu haqida O‘zA milliy axborot agentligiga intervyu bergan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Xorijga chiqish-kelish va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Ulug‘bek Toshxo‘jayev bildirgan.

O‘zbekiston rahbarining 2009 yil 23 iyunda qabul qilingan "O‘zbekiston Respublikasida pasport tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoniga asosan mamlakatda aholiga xalqaro standartlarga javob beradigan biometrik pasportlar topshirish davom etmoqda.

Mazkur hujjatga muvofiq O‘zbekiston 2015 yil oxirigacha biometrik pasport tizimiga to‘liq o‘tadi.

Ammo, O‘zbekistondan olinayotgan ko‘plab xabarlarga ko‘ra, yangi pasport olish jarayoni qog‘ozbozlik va norasmiy qo‘shimcha to‘lovlar bilan murakkablashtirilgan.

Odatda 9 kunda beriladigan pasport sun‘iy talabning orttirilishi va resurslarning yetishmasligi natijasida kamida bir oy deganda berilmoqda.

Toshkent viloyatida istiqomat qiluvchi ayol yoz mavsumining issiq kunlarida ko‘plab odamlar sarson bo‘layotganini aytadi.

"Ocheredga yozilish kerak, keyin soatlab kutish kerak. Ba‘zilar pul berib ocheredga yozilayapti va ocheredi kelganda telefon orqali chaqirilib, kelib olib ketishayapti. Boshqalar jazirama issiqda tikka turishibdi, koridor odamga to‘lib ketgan, kim nima qilayotganini ham bilmaydi, kabinetma-kabinet yurish kerak. Man kechki soat sakkiz yarimgacha kutib, keyin ketdim", - deydi u.

Suhbatdosh yaqin orada chet mamlakatga chiqishga shaylanayotgani, biroq OVIR vizasi bosib berilishi uchun yangi biometrik pasport olishi aytilganini bildirdi.

Janob Toshxo‘jayevning aytishicha, o‘qishga kirish uchun hujjat topshirishga uringan talabalardan yangi biometrik pasportni talab qilish noqonuniy amaldir.

"O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2011 yil 5 yanvarda qabul qilingan "O‘zbekiston Respublikasida pasport tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmoniga asosan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining amaldagi pasporti 2015 yil 31 dekabrgacha haqiqiyligi belgilab qo‘yilgan. Shunga asosan, oliy o‘quv yurtlariga hujjat topshirayotgan abituriyentlardan, boshqa ta‘lim muassasalariga o‘qishga kirayotgan fuqarolarimizdan biopasport talab qilish ushbu farmon talablariga ziddir. Amaldagi nobiometrik pasporti haqiqiy bo‘lgan fuqarolar o‘quv yurtlariga o‘sha pasport asosida hujjat topshirishlari, o‘qishga kirishlari mumkin", - deydi u.

Janob Toshxo‘jayev xorijga chiqish uchun aviakassadan chipta olgani borgan fuqarolardan ham biopasport talab qilinayotgan holatlarni izohlar ekan, bu kabi talablar ham qonunga zidligini bildirgan.

"Fuqarolarning amaldagi nobiometrik pasportlari 2015 yil 31 dekabrgacha haqiqiy hisoblanadi va fuqarolar amaldagi pasportlari asosida avia va temir yo‘l chiptalarini sotib olishlari mumkin. Shunga ko‘ra, pasportining amal qilish muddati tugamagan fuqarodan aviakassadan chipta olishda biopasport talab qilish qonunga zid", - deb aytgan rasmiy.

O‘zbekiston, Shimoliy Koreya va Saudiya Arabistoni bilan bir qatorda, o‘z fuqarolaridan chiqish vizasini talab qiladigan sanoqli mamlakatlardan biridir. Eng repressiv va yopiq rejimlardan biri deb ko‘rilgan Kuba joriy yil boshida chiqish vizasini bekor qildi.