Misr: Musulmon Birodarlar saylovlar jadvalini rad etishdi

Image caption Mo‘rsiy tarafdorlari demokratik saylovlarda saylangan prezidentning ag‘darilganidan norozilar

Misrda davom etayotan notinchliklar manzarasida mamlakatning muvaqqat rahbari yangi saylovlar vaqtini belgilagan.

Biroq, Misrdagi Musulmon Birodarlarning yuqori darajali rasmiylari Adli Mansurning jadvalini rad qilishgan.

Birodarlarning yetakchi a‘zosi Essam al-Erian konstititsion o‘zgarishlar va kelgusi yilga mo‘ljallangan saylovlar "mamlakatni yana ortga suradi"

Birodarlarning siyosiy qanoti bo‘lmish Ozodlik va Adolat partiyasi raisi o‘rinbosari janob Erian muvaqqat rahbar qarorini "davlat to‘ntaruvchilari tomonidan tayinlangan odamning qarori" deya tavsirladi.

Ayni damda Ozodlik va Adolat partiyasining huquqshunosi Ahmad Abu-Baraka qaror "kuchsiz va noqonuniy" ekanini aytdi.

Birodarlar voizi Gehad al-Haddad esa seshanba kuni Misr bo‘ylab yana ko‘plab namoyishlar o‘tkazilishini e‘lon qildi. Namoyishlar dushanba kuni Qohiradagi zo‘ravonliklarda o‘ldirilgan Mo‘rsiy tarafdorlarining dafn marosimlari bilan qo‘shilib ketishi kutiladi.

Adli Mansurning qarorida sobiq Islomiy hukumat tomonidan tuzilgan konstitutsiyaga o‘zgartirishlar va referendum ko‘zda tutiladi. Referendum kelgusi yil boshida saylovlar o‘tkazilishiga yo‘l ochib beradi.

Qohiradagi to‘qnashuvlarda dushanba kuni 51 odam halok bo‘lgan.

Musulmon Birodarlar o‘z a‘zolari Prezident Muhammad Mo‘rsiyga dastak bildirib, o‘tirgan holda namoyish o‘tkazayotganlarida o‘qqa tutilganlarini aytmoqda. Armiya esa qurolli provokatsiyaga javoban o‘t ochganini bildirdi.

Zo‘ravonliklar ortidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida Musulmon Birodarlar a‘zolari armiya rahbari General Abdul Fattoh al Sisiyni "qotil va qassob" deb atashgan.

Misrning ilk erkin tarzda saylangan rahbari janob Mo‘rsiy o‘tgan hafta yuzaga kelgan yirik namoyishlar ortidan lavozimidan chetlatilgan.

Uning tarafdorlari armiyani davlat to‘ntarishini amalga oshirishda ayblashmoqda, biroq uning tanqidchilari bu jarayon 2011 yilda Prezident Husni Muborakni to‘ntargan inqilobning davomi deyishmoqda.

Namoyishlar

Janob Mansur o‘z qarorini dushanba oqshomida e‘lon qilgan.

Unda aytilishicha, konstitutsiyani o‘zgartirish uchun mas‘ul bo‘lgan hay‘at 15 kun ichida tuziladi. Amaldagi konstitutsiya o‘tgan hafta to‘xtatib qo‘yilgan.

O‘zgartirishlar so‘ngra kelgusi yil boshida o‘tishi kutilayotgan referendumga qo‘yiladi.

Prezident saylovlari esa yangi parlament ish boshlaganidan keyin chaqiriladi.

Janob Mansurning qarori Muhammad Mo‘rsiyning tanqidchilari va tarafdorlari tomonidan o‘tkazilayotgan yirik namoyishlar manzarasida qabul qilinmoqda.

BBCning Qohiradagi muxbiri Jim Myuirga ko‘ra, bu jadval muvaffaqiyatli bo‘lishi uchun avvalo Misrdagi vaziyat tinchishi kerak bo‘ladi.

Hozir esa asosiy e‘tibor yana zo‘ravonliklar avj olib ketmasligining oldini olish, hamda saylovlarga tayyorlanish uchun muvaqqat hukumatni tuzishga qaratiladi.

Ayni damda AQSh Misrdagi zo‘ravonliklarni qoralagan va tomonlarni imkonqadar vazminlikka chaqirgan.

Oq Uy chiqargan bayonotda Vashington biron siyosiy harakatning yonini olmayotgani aytiladi. Bayonotda, shuningdek, Misrga beriladigan harbiy yordamni kesish AQSh manfaatlarida emasligi ta‘kidlanadi.