Misrda jihod alomatlari paydo bo‘lmoqdami?

Image copyright Getty
Image caption Mo‘rsiyning ag‘darilgani kimga qo‘l keladi?

Bu savolni o‘rtaga otishning o‘ziyoq aksariyatni g‘azablantiradi.

To‘palonlar ro‘y berayotgan mintaqalardan uzoqlarda esa millionlab misrliklarning hayoti avvalgiday davom etmoqda.

Misrning eng asosiy muammosi siyosiy emas, balki iqtisodiydir.

Ammo Musulmon Birodarlar misrliklarni "inqilobni tanklar bilan o‘g‘irlashga intilayotganlarga qarshi isyonga" chaqirar ekan, o‘nlab odamlar qurbon bo‘ldi va Al Azhar shayxul ulamosi fuqarolar urushi bilan ogohlantirdi. Bu esa boshqa bir "noqulay" savolni o‘rta otadi. Misr Islomchilar tomonidan mulozimlarga qarshi jihod boshlashi arafasida turibdimi?

Aqidaparast aqalliyat

Image copyright Reuters
Image caption G‘arb demokratiyasida islomchilarga joy yo‘qmi degan savol kun tartibiga chiqdi

O‘tgan hafta Misr prezidenti Mo‘rsiy harbiylar tomonidan ag‘darilar ekan, har holda Arab dunyosining eng aholisi ko‘p mamlakati diniy aqidaparastlik asosida zo‘ravonliklar domiga tushmaydi degan qarashda sobit insonlar talaygina. Xushbinlik bor.

Misrda ikki bora bir necha yildan yashashimga to‘g‘ri keldi.

Men misrliklar qanchalar ochiqko‘ngil, toqatbaror va odobli ekanliklarini yaxshi bilaman.

Ular orasida ekstremistlar yo‘q emas, ammo aqidaparastlar aqalliyatdir.

Bu aqidaparastlar qanchalar baqir-chaqir qilishmasin, aksariyat ularni dastaklamaydi.

Misr tarixda bir necha inqirozlardan omon chiqqan mamlakatdir.

1981 yilda mujohidlar mamlakat prezedentiga suiqasd qilishadi.

Jangarilik oqibatida o‘tgan asr to‘qsoninchi yillar oxirlarida 700 dan ortiq inson qurbon bo‘ladi.

1997 yil 58 nafar xorijiy sayyoh qirg‘in qilinadi.

Ammo o‘tgan haftalarda kechgan voqealar manzarasida Misrda yana "muqaddas urush" urug‘lari ekilayotganiga ko‘z yumib bo‘lmaydi.

"Shahidlik" tillarda va shiorlarda

Image copyright Reuters
Image caption Ayrim guruhlar armiya va politsiyaga qarshi kurashga chaqirishmoqda

Mo‘rsiy tarafdorlaridan birining "biz portlovchi uskunalarni olib yuramiz, qo‘llarimizga qurol olamiz va bizni o‘limdan tashqari hech narsa Prezident Mo‘rsiyni yana qudratga olib kelishdan qaytarolmaydi" degan so‘zlari Al Hayot gazetida nashr etildi

Ana shu norozilik namoyishlarida ayrim yoshlar oppoq matolarni o‘rab chiqishdi. Bu shahidlik ramzidir.

Mo‘rsiy janoblarining qudratdan chetlatilishidan keyin ayrim internet forumlar Misr armiyasiga qarshi qasos amallariga chaqirdi.

Ularni "Islom dushmanlari" deb atadi.

Politsiya va askarlarni hujumlar uchun nishon deb e‘lon qildi.

Hozircha bu da‘vatlar asosan so‘nggi voqealardan "ilhomlanish"dir.

Qurollar

2011 yilda Misr prezidenti Husni Muborak ag‘darilar ekan, mamlakatda xavfsizlik yomonlashdi.

Ammo Suriya, Liviya , Iroq va Yaman bilan solishtirganda Misrda o‘tochar quroli bor shaxslar oz.

Qo‘shni Liviyada Muammar Qaddofiy rejimining yakson etilishi bilan aslahaxonalarga urilgan qulflar sindirildi.

Aksariyat qurollar jihodchi guruhlar qo‘liga tushdi.

Qaddofiyga qarshi qo‘llanilgan qurollar endi butun mintaqaga yoyilmoqda deyiladi BMTning hisobotida.

Hisobotga ko‘ra, qurollar orasida kichigidan tortib, portlovchi qurilmalar, minalar va hatto kichik havo mudofaasi aslahalari bor.

Hisobot aprel oyida nashr etilgan va o‘shanda ayni qurollar Sinaydagi askilhukumat isyonkorlar qo‘liga tushib Misr xavfsizligiga tahdid solishi aytilgandi.

Diniy ziddiyatlar

Image copyright .
Image caption Nasroniylarga qarshi hujumlar oz bo‘lsa ham ro‘y berib turadi

Misrning qariyb o‘n foiz aholisi nasroniylardir.

Nasroniylar musulmonlar bilan ahil yashab kelishgan.

Ammo ayrim aqidaparast guruhlar ularni xuddi Iroq nasroniylari kabi quvib chiqarishni istashadi.

Misr nasroniylari va cherkovlariga qaratilgan hujumlar kamdan kam bo‘lsa ham ro‘y berib turadi.

Nasroniylar Mo‘rsiy janoblari ularning huquqlarini himoya qilishiga shubha qilishardi.

Ana endi Mo‘rsiy janoblari ag‘darilar ekan, hatto Musulmon Birodarlari tarkibida ham bu voqeani nasroniylar bilan bog‘layotganlar bor.

Agar Misr jihodchi zo‘ravonlik domiga tushsa, mamlakat nasroniylari o‘zlarini eng oson nishon deb bilishadi.

Siyosiy tushkunlik

Image copyright AP
Image caption Misr qayoqqa qarab ketadi?..

Yaqin Sharq masalalari bo‘yicha aksariyat mutaxassislar bir fikrda yakdil qolishmoqda.

Mo‘rsiy janoblarining hukumati qanchalar qusurli bo‘lmasin, uni qudratdan ag‘darish islomchilar uchun yomon va xatarnok xabar yetkazdi.

Islomchilar "mana sizga demokratiya ahvoli" qabilida xulosaga kelishlari mumkin.

Ya‘ni, "G‘arbning baqir-chaqir qiladigan demokratiyasida islomchilarga joy yo‘q, endi qo‘lga qurol olsa bo‘ladi", degan bir xatarli xulosadir bu.