O‘shda Ramazon: Har kim holiga yarasha...

Image copyright bb
Image caption Odamlar ham o‘sha kunlarni unutish, hayotlarini izga qo‘yishga urinishmoqda

2010 yilgi iyun qirg‘inidan eng ko‘p jabr chekkan O‘shning "Cheryomushki" mavze‘sidan bo‘lgan suhbatdoshimizning aytishicha, bugun mingdan ortiq mahalladoshi ro‘za tutgan bo‘lishsa, oralarida qiynalayapman, deb noliganini halicha eshitgani yo‘q.

"Saharlikka yaxshi tayyorgarlik ko‘rishayapti. Kechki ovqatlari ham o‘zlariga ma‘qul keladigan. Kecha aynan shu masalada odamlar bilan suhbatlashdim, har yildagidan ko‘rayam Ramazon bu yil yaxshi mavsumga keldi, qiynalmayapmiz, deb yeyish-ichishlaridan noliganlari yo‘q", deydi u:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

"Kecha iftorga kirdik. Iftorliklarda osh, sho‘rva, somsa...Mamnun. Lekin men birorta odamning xafa bo‘lib, ro‘za tutolmadim, deganini eshitganim yo‘q".

O‘shda mayda tujjorlik bilan shug‘ullanuvchi suhbatdoshimiz, o‘z mahallasidagilar misolida, hozir bunga aksariyat odamlarning qurblari yetayapti, deydi.

"Chunki hozir qurilishlar bo‘layapti. Ishsiz odam kamroq. Masalan, Ramazon qish oylariga to‘g‘ri kelganida, qiynalishlari mumkin edi. Hozir ro‘za tutgan odam borki, qora qozonini qaynatish uchun mardikorchilik ham qilishayapti. Hech qayerda ishlamaydiganlari ham, kimlargadir yollanib ishlashyapti. Ishqilib, shu ro‘zani chiroyli qilib, maromiga yetkazib tutishga harakat qilishayapti".

Suhbatdoshimiz, o‘z navbatida, milliy nizolardan uch yil o‘tib, o‘z mavze‘larida ishsizlik yoki daromadining haminqadar ekanidan noliyotgan insonlarning ham deyarli yo‘q ekanliklarini ta‘kidlaydi.

"Yo‘q, yo‘q. Negaki ish topolmagani Rossiyada, o‘sha yerdan turib, bu yerga ozmi, ko‘pmi mablag‘ini jo‘natayapti-da...".

Narx-navolar-chi?

Image copyright none
Image caption O‘shlik suhbatdoshimizning so‘zlariga qaralsa, bu yil o‘zlarida ahvol nisbatan boshqacha...

Dunyoning aksariyat musulmon davlatlarida Ramazon oyining kirib kelishi bilan bozoru do‘konlarda oziq-ovqat mahsulotlari qiymatining ko‘tarilishi odatiy tus olgan.

Ammo, o‘shlik suhbatdoshimizning so‘zlariga qaralsa, bu yil o‘zlarida ahvol nisbatan boshqacha.

"Meva-cheva arzon. Bu yil kartoshka, piyoz, ro‘zg‘or uchun kerak mahsulotlar ancha arzon. Masalan, hech qachon kartoshkaning bir kilosi 10 som bo‘lmagan. 10 som deganim 1 AQSh dollarining to‘rtdan biri degani...".

"Go‘shtning kilosi 280 som bo‘lgan bo‘lsa, shu turishicha turibdi. Yaqinda 6-7 som bo‘lgan tuxum ham arzonlandi, hozir donasi 4-5 som. Non mahsulotlari, yog‘ mahsulotlari, ularning hammasi hozir arzonlagan. Chunki nonvoy ko‘paydi, yog‘ mahsulotlarini keltiruvchilar ko‘paydi. Sotuv do‘konlari har qadamda uchragani uchun bir-biriga raqobat kuchayganidan narxlarni pasaytirishdi", deydi u.

Suhbatdoshimiz ro‘za tutgan xotin-qizlarning tarovih namozini o‘qish uchun kechqurunlari mahallalar qoshida tashkil etilgan kichik masjidlarga ham bamaylixotir, hech narsadan qo‘rqmay borishayotganini ta‘kidlaydi.

"Katta masjidlarga erkaklar, o‘spirinlar, bolalar borishadi. Unaqa, birortasi masjidga qo‘rqib chiqayapman deganini eshitganim yo‘q".

Ammo...

Image copyright none
Image caption O‘shlik suhbatdoshimizning so‘zlariga qaralsa, nonimiz biroz tejalarmikan, degan o‘yda bugun ro‘za tutayotganlar ham ko‘pchilikni tashkil qiladi...

O‘shlik inson huquqlari faoli Izzatilla Rahmatullayevning aytishicha esa, qonli nizolardan jabr chekkan aholi orasida bugun oziq-ovqatim biroz tejalarmikan, degan o‘yda ro‘za tutayotganlari ham yo‘q emas.

"Ko‘pchilik xonadonlarda ishsizlar ko‘p. Hayotini zo‘rg‘a o‘tkazadi. Masalan, kuniga 2 ta non topib yeydiganlari, albatta, tejash uchun ro‘zadan foydalanib, ro‘za tutishadi-da", deydi faol.

"Iyun voqealaridan jabrlangan bir-ikkita qo‘shnilarim bor. Kecha gap ochiluvdi, "Mana, ro‘zayam kelib qoldi, buyog‘i non tejaladigan bo‘ldi, deb qolishdi".

O‘shlik faol, o‘z o‘rnida, hozir o‘zlari yashab turgan hududda ham besh qo‘l barobar emas qabilida vaziyat shakllanganini ta‘kidlaydi.

"Hozir aholi har xil qatlamlarga bo‘linib ketgan. Boy qatlam, o‘rta qatlam, quyi qatlam degandek. Hozir hammasi o‘zining qatlamiga qarab, dasturxon tuzashadi", deydi u.

Ammo, Izzatilla Rahmatullayevning ta‘kidlashicha, bugun kuni faqat nonu choy, mevayu sabzavotga qarab qolgan insonlarning soni juda ko‘p.

Faol bu kabi aholi qatlamining bir oylik daromadi o‘rtacha 10 ming qirg‘iz somiga yetib borishi, buning 205-210 AQSh dollariga teng mablag‘ ekanini aytadi.

"Bir qop un bugunga kunda 1.700 som turadi. Buni 10.000dan chiqarib tashlasangiz, 8 ming som qolayaptimi? Qolganiga kiyim-bosh degani bor, kartoshka-piyoz, oq yog‘ deymizmi...Umuman, bugungi kunda, avvalgidek, go‘sht yoki baliq mahsulotlarini sotib oladigan iste‘molchi o‘zi kam".

"Ana, anavi do‘konda o‘tgan haftadan buyon go‘shtlar qurib yotibdi, odamlar yarminiyam xarid qilishgani yo‘q. Qassob dodlab yuribdi", deydi faol.

Tarixcha o‘rnida

Image copyright BBC World Service
Image caption Mahalliy qirg‘izlar va o‘zbeklar orasida kelib chiqqan o‘sha to‘qnashuvlar yuzlab insonlarning umrlariga zomin bo‘lgandi

Mahalliy qirg‘izlar va o‘zbeklar orasida kelib chiqqan o‘sha to‘qnashuvlar yuzlab insonlarning umrlariga zomin bo‘lgandi. Minglab uy-joy va tijoratlarga o‘t qo‘yilgandi.

Orada kechgan vaqt davomida qirg‘in asoratlarini bartaraf etish uchun muayyan ishlarga qo‘l urilgan, vayron bo‘lgan binolarning aksariyati qayta tiklangan.

Odamlar ham o‘sha kunlarni unutish, hayotlarini izga qo‘yishga urinishmoqda.

Ammo mahalliy faollar qirg‘indan jabr ko‘rgan aholining aksariyati oradan uch yil o‘tib ham, har tomonlama yordamga muhtoj ekanliklarini aytishadi.

Mahalliy faollarning so‘zlaridan ayon bo‘lishicha, bugungi kunda jabrdiyda oilalarga na-da davlat va na-da xalqaro tashkilotlar tarafidan yordam beradigan odam yo‘q.