Xalqaro audit: "TALCO ekologik xavfsizlik tizimi standartlarga mos"

Tojikistondagi alyuminiy korxonasi TALCO tomonidan chiqarilgan matbuot bayonotida aytilishicha, shu kunlarda nihoyasiga yetgan mustaqil audit guruhi xulosalariga ko‘ra, shirkat ekologik xavfsizlik tizimi xalqaro standartlarga muvofiqdir.

Lekin O‘zbekiston chegarasiga yaqin Tursunzoda shahrida joylashgan va jahondagi eng yiriklaridan hisoblangan ushbu korxonaning atrof muhitga yetkazayotgan zarari haqida O‘zbekiston tomoni ko‘pdan beri bong urib keladi.

Bu masala yaqinda Londondagi O‘zbekiston elchixonasi tomonidan uyushtirilgan anjumanda alohida ko‘tarilgan edi. Ana shu manzarada audit guruh xulosalarini qanday talqin qilishimiz mumkin?

TALCO taklifi bilan shirkat faoliyatini o‘rgangan xalqaro (Frantsiya, Litva, Qozog‘iston va Olmoniya vakillaridan tashkil topgan) mustaqil audit guruhi a‘zosi Anna Jolumbetovaning BBC bilan suhbatda aytishicha, korxona o‘z mahsulotlarini tashqi bozorda sotayotgani va xususan, London moliya birjasida hissalari sotilishi bois shirkat nafaqat ekologik jihatdan balki, boshqa jihatlardan ham xalqaro me‘yorlarga ne qadar mosligini aniqlash ehtiyoji tug‘ilgan.

Anna Jolumbetova: Bu audit shirkat ana shu standartlarga mos kelishga harakat qilayotganligini namoyish etish uchun muhim edi. Albatta, TALCO mamlakat ichidagi va tashqarisidagi ekologik vaziyatni yaxshilash yo‘lida hali ko‘p ishlar qilishi kerak. Lekin shirkatning bu standartlarga erishish yo‘lida qadamlar qo‘ya boshlagani va bu maqsadda tizimlarni yaxshilay boshlaganining o‘zi katta ijobiy holdir.

BBC: Ekologik vaziyatni yaxshilash uchun hali ko‘p ishlar qilinishi kerak, dedingiz, aynan nimalar va qaysi sohada qilinishi kerakligini aytib bera olasizmi?

Anna Jolumbetova: Afsuski biz o‘z nomimizdan bu xulosalarni oshkor eta olmaymiz. Gap shundaki, bizning xulosalarimizning hammasi shirkat egaligidagi narsadir. Lekin umumiy tarzda shuni aytishim mumkinki, audit guruhi o‘zi tekshiruv olib borgan standartlarga TALCO shirkati mos ekanligi haqida xulosaga kelgan.

BBC: Bu auditni boshlashdan avval TALCO faoliyatining atrof muhitga yetkazayotgan zarari haqida qo‘shni mamlakatlar tomonidan izhor etilayotgan xavotirlardan boxabar edingizmi va ularga e‘tibor qaratdingizmi?

Anna Jolumbetova: Ha albatta bunga e‘tibor qaratildi. Audit guruhining yetakchi mutaxassisi korxona atrofidagi ekologik muhitni muxofaza qilish yo‘lida nimalar qilayotganligi bilan yaqindan tanishib chiqdi. Ushbu korxona joylashgan yerga chegaradosh mamlakatlar da‘volariga e‘tibor qaratildi. Albatta korxona 70- yillarda, Sovet Ittifoqi yagona hudud hisoblangan vaqti qurilgan bo‘lgani uchun bu sohada saqlanib qolgan savollar mavjud. Lekin hozirgi kunda TALCO bu muammolarni yechish yo‘lida qadamlar qo‘ymoqda va ular bizga buni namoyish qila oldilar.

Image copyright BBC World Service
Image caption O‘zbekiston tomoniga ko‘ra, TALCO har yili havoga o‘rtacha 22-23 ming tonna zaharli modda chiqarmoqda.

BBC: Qadamlar qo‘yish tizim mutlaqo standartlarga mos keladi, deganini anglatmaydi, shunday emasmi?

Anna Jolumbetova: Yo‘q albatta. Men yana bir marta ta‘kidlab aytaman bu faqatgina yirik muammoni yechish yo‘lida qo‘yilgan birinchi qadam. Buni yechish uchun ulkan moliya kerak. Lekin atrof muhitga chiqarilayotgan zararli moddalarni hech bo‘lsa kamaytirish yo‘lida harakat qilinayotganini shirkat bizga namoyish qila oldi. Asosan havoga chiqarilayotgan zararli moddalarni hech bo‘lmasa kamaytirishga harakat qilinmoqda.

BBC: Yaqinda Londondagi O‘zbekiston elchixonasida TALCOning atrof muhitga yetkazayotgan zarari muammosi ko‘tarilib, unda shirkat yiliga havoga 23 ming tonna zararli modda chiqarayotgani aytildi. Siz ham shunday xulosaga keldingizmi?

Anna Jolumbetova: Aynan ekologik jihatdan yetkazilayotgan zarar haqidagi raqamlarni men sizga bera olmayman. Bizning auditimizning maqsadi atrof muhitga chiqarilayotgan zaharli moddalar miqdorini nazorat qilish emas, shirkat standartlarga erishishga harakat qilyaptimi- yo‘qligini aniqlash edi. Bu standartlarda atrof muhitga qancha zaharli modda chiqarilishi mumkinligi aytilmagan. Bu moddalar 23 tonna bo‘lishi ham mumkin, yoki undan ham ko‘proq. Lekin bu borada boshqa chora amallar ijro etilayotgan bo‘lsa va standartlarga muvofiq bo‘lsa ana shunisi nazraga olinadi. Insoniy nuqtai nazradan bu raqamlar boshqacha qabul qilinishi mumkin, lekin standartlar bu boshqa narsa. Biz aniqlagan standartlarda mana buncha zaharli modda chiqarish mumkin, deb aytilmagan. Balkim bu talablar boshqa bir standartlarda keltirilgandir, lekin biz tekshiruv o‘tkazgan standartlar bo‘yicha bu kabi raqamlar yo‘q edi.

BBC: TALCO shirkati chiqargan matbuot bayonotida "ekologik xavfsizlik tizimiga mos kelishi haqida xulosa berildi", deb aytilgan. Siz hali ko‘p ishlar qilinishi kerak deyapsiz. Demak bayonotdagi ibora oshirilganmi?

Anna Jolumbetova: Audit vaqtida ilgari suriladigan qator talablar bor. Ekologik boshqaruv tizimi standartida nima deyilgan? Unda aytilishicha, shirkat atrof muhitga chiqarilayotgan zaharli moddalarni nazorat qilishi kerak deyilgan. Ularni kamaytirishga harakat qilishi kerak deyilgan. Ana shu jihatdan matbuot bayonotida hamma narsa to‘g‘ri yozilgan. Chunki ular yuqorida aytib o‘tganlarimni qilishyapti, nazorat qilishyapti va kamaytirishga harakat qilishyapti. Biz sertifikatni berayotganimzda ana shu jihatlarni e‘tiborga olganmiz.

O‘zbekiston da‘volari

Image copyright BBC World Service
Image caption Jahondagi eng yirik alyuminiy ishlab chiqarish korxonalaridan biri hisoblangan TALCO O‘zbekiston bilan chegaraga yaqin Tursunzoda shahrida joylashgan.

O‘zbekiston jamoatchiligi O‘zbek-Tojik chegarasidagi dunyodagi eng yirik alyuminiy ishlab chiqarish korxonasining insonlar salomatligi va nabotot olamiga salbiy ta‘siri haqida 1990-yillardan buyon ogohlantirib keladi.

Jumladan O‘zbekiston parlamentida maxsus maqomga ega bo‘lgan O‘zbekiston Ekologik Harakati zavod atmosferani zaharli chiqindilar bilan zaharlamoqda, deya bong urgan.

Bir necha yil oldin TALCO ta‘siriga qarshi mahalliy aholi Ekologik Harakat tashabbusi bilan norozilik chiqishlarini uyushtirgandi.

2013yil may oyida O‘zbekistonning Londondagi elchiligi Buyuk Britaniyadagi jurnalistlar va tadqiqotchilar uchun Tojikiston Alyuminiy zavodining O‘zbekiston atrof-muhitiga ta‘siriga bag‘ishlangan brifing tashkil qilgan edi.

Brifingda aytilishicha, TALCO atrof-muhitga chiqarayotgan sanoat chiqindilari tufayli chegaradosh hududlarda, ya‘ni O‘zbekistonning janubiy Surxondaryo viloyatidagi Sariosiyo, Uzun, Denov, Oltinsoy va Jarqo‘rg‘on tumanlarida yashaydigan bir milliondan ortiq aholi zararli ta‘sir ostida qolgan.

Tojikistonning Tursunzoda shahrida joylashgan TALCO zavodi 1975 yilda ishga tushgan va o‘zbek mutaxasislarning fikricha, bugunga kelib texnologiyalari eskirgan, biroq shunga qaramasdan korxona faoliyat yuritmoqda.

TALCO har yili havoga o‘rtacha 22-23 ming tonna zaharli modda chiqarmoqda, deb ogohlantirishadi o‘zbek rasmiylari.

Bundan tashqari, o‘zbek rasmiylarining bildirishicha, zavodning zaharli chiqindilari Surxondaryo viloyatidagi bir necha tumanlarda istiqomat qiladigan ayollarining reproduktiv salomatligiga xavfli ta‘sir ko‘rsatmoqda, chaqaloqlarning nogiron va o‘lik tug‘ilishlariga sabab bo‘lmoqda.

Zavod Tojikiston valyuta daromadining to‘rtdan uch qismini tashkil etadi va minglab axolini ish bilan taminlagani sabab ichki iqtisodda muhim o‘rin tutadi.

Biroq Tojikiston O‘zbekiston rasmiylarining TALCO borasidagi xavotirlarini rad etib keladi, rasmiy Toshkentning da‘volarini "siyosiylashgan" deb ataydi.