Nega O‘zbekistonda dehqonchilikdan katta daromad olish qiyin?

Image caption O‘zbekistonda ho‘l va quruq meva boshqa qo‘shni davlatlarga nisbatan doimo arzon bo‘ladi

Ayni pishiqchilik payti O‘zbekistonda mevalar narxlari qo‘shni davlatlarga nisbatan bir necha baravar arzon bo‘ladi.

Toshkentdan 800 chaqirim masofadagi Olma otada kilosi 5 dollar bo‘lgan uzumni Toshkent viloyatida dehqonlar ulgurji narxda 18 tsentdan sotishga majbur.

Mutaxassislar O‘zbekistonda narx navo eksportga qo‘yilgan sun‘iy to‘siqlar tufayli ushlab turilganini aytishadi.

Farg‘ona vodiysi va Toshkent viloyatidan uzum, shaftoli, pomidor va bodring kabi mahsulotlarni olib kelib, Jizzaxda sotish bilan shug‘ullanadigan Mas‘ud narxlar tez-tez o‘zgarib turishini aytadi.

"Uzumni 1000 so‘mdan olayotgandik, bugun 1600 – 1800 gacha chiqib ketibdi. Sababini bilmayman. Qizg‘ishrog‘ini 1500 dan berdi, olib kelib do‘konlarga topshirdik. Shaftolini 1300 dan oldik", - deydi Mas‘ud.

Mas‘udga ko‘ra, ular mevalarni o‘rtada turgan tujjorlardan olishadi. U bog‘dan mevalarni ikki baravar arzonga olish mumkinligini aytadi.

Misol uchun, sal oldinroq 25 kilo o‘rikni bog‘dan 1 dollarga olgan.

"Vodiydan o‘rik tashidik, banan solinadigan qutini to‘ldirib uch ming so‘mdan oldik. Ichiga 25 kilo ketadi. Qizlarga daraxtdan terdirib olasiz, har bir qiz kuniga 20 ming so‘mdan ishlaydi", - deydi Mas‘ud.

Jizzaxlik Ziyodilla aka oldin fermerlarning qo‘lida ishlab dehqonchilik qilardi. Fermer tomonidan berilgan yerga qovun, oshqovoq ekib tirikchilik qilgan. Ammo, yetishtirgan mahsulotini "suv tekin"ga sotgani uchun bu ishni ham yig‘ishtirib qo‘yganini aytadi.

"Men nima eksam, o‘sha yili arzon bo‘ladi. Bir yili oshqovoq ekkan edim. Kilosini 160 so‘mdan sotdim. O‘sha yili oshqovoq ko‘payib ketdi. Undan oldin qovun ekkan edim, qovun ko‘payib ketdi. Keyin "borey" deb, dehqonchilik ham qilmay qo‘ydim", - deydi Ziyodilla aka.

Ziyodilla aka olti oy ishlab, bir gektar yerdan 6 tonna mahsulot olgan. Qilgan daromadi esa 800 ming so‘mni tashkil qilgan.

Dehqonning aytishicha, qovun, oshqovoq kabi mahsulotlarining asosiy xaridori Navoiy, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlaridan kelgan xaridorlar bo‘lgan.

O‘zbekistonlik dehqonlar yetishtirilgan hosilni o‘ta arzon bahoda sotishga majbur ekanliklarini aytishadi.

Buning bir necha sababi borligi aytiladi.

"Shulardan biri - dehqonlarda hosilni chet elda sotish imkonlari yo‘qligi", - deydi "Mashvarat-Maslahat" konsalting firmasi asoschisi, iqtisodchi Anvar Husainov.

"Hosilni Rossiya, Qozog‘iston yoki Ovro‘poga yetkazish uchun maxsus transport kerak. Bu mevalar tez buziladigan mahsulot hisoblanadi. Ularni xorijga olib borish uchun maxsus transport vositalari kerak. Sovuqxonalarga ega bo‘lgan temir yo‘l vagonlari va yuk mashinalari kerak. Ammo ularning narxi osmonda", - deydi Anvar Husainov.

Transport vositalaridan ham tashqari dehqonlarning oldida turgan asosisy muammolardan biri bu - chetga mahsulot olib chiqishda davlat tomonidan qo‘yiladigan sun‘iy to‘siqlar.

Agar biror mahsulot narxi O‘zbekistonda ko‘tarilib ketsa, hukumat chegaralarni yopish bilan narxni tushirishga harakat qiladi.

Tijoratchilardan birining aytishicha, may oyida sotuvga chiqadigan "Qo‘qon" gilosini ulgurji narxda 2500 so‘mdan olib kelishgan.

Ammo shu kuni Rossiyaga ketishi kerak bo‘lgan vagon qoldirilgani sabab bir "Kamaz" gilos bozorda 2000 so‘mdan sotilgan. Meva chegaradan to‘siqlarsiz chiqib turgan vaqtda gilos bozorda to‘rt ming so‘mgacha sotilayotgan edi.

Iqtisodchi Anvar Husainov amaldorlarda mevani xorijga chiqarishni to‘xtatish orqali ichki bozorda narx navoni tushirish mumkin, degan noto‘g‘ri qarash shakllanib qolganini aytadi.

"Bu iqtisodiy jihatdan juda ham noto‘g‘ri fikr. Chunki dehqon o‘z mehnatidan katta foyda oladigan bo‘lsa, foydasini osmonga olib chiqib ketmaydi. Foydasiga o‘ziga yangi mexanizatsiya vositalari sotib oladi. Yerga beradigan o‘g‘itlarni sotib oladi. Yangi ish o‘rinlarini tashkil qilib maxsulotni ikki-uch barobarga oshiradi", - deydi Anvar Husainov.

Iqtisodchiga ko‘ra, fermer va dehqonlar kam daromad ko‘rayotgani bois, hattoki, chetdan olib kelingan o‘g‘itni ham sotib ololmaydigan darajaga tushib qolgan.

Qog‘ozda dehqonlarning manfaatini himoya qiluvchi tashkilot va uyushmalar bo‘lsa-da, amalda ularning manfaatlarini davlat va xolding kompaniyalar oldida himoya qiluvchi birorta tashkilot yo‘qligi aytiladi.