Gulnora Karimova Jenevadagi diplomatik faoliyatini tugatdi

Shveytsariya Tashqi Ishlar Vazirligining BBCga bildirishicha, O‘zbekiston Prezidentining qizi Gulnora Karimova Jenevadagi BMT vakolatxonasi va boshqa xalqaro tashkilotlardagi vakolatini tugatgan.

Bu haqda Shveytsariyaning Toshkentdagi elchixonasini 2013 yilning 9 iyul kuni O‘zbekiston Tashqi Ishlar vazirligi xabardor qilgan.

Shveytsariya Federal Tashqi Ishlar vazirligi bu borada boshqa tafsilotlarni oshkor qilmadi.

Shveytsariyalik jurnalist Iv Shteynerning o‘z manba‘lariga tayanib aytishicha, Gulnora Karimova oldiga tanlov qo‘yilgan: Shveytsariyada qolib mahkamaga tortilish, yo-da ketish yo‘li ila Shveytsariyadagi mol-mulkini saqlab qolish.

"Bu degani endi Gulnora Karimovaning Shveytsariyada diplomatik daxlsizligi bekor qilindi" - deb izohladi shveytsar jurnalisti.

Ayni vaqtda bu xabar chiqishidan sal avvalroq BMTning Jenevadagi qarorgohi matbuot xizmati Gulnora Karimova hanuz O‘zbekiston vakolatxonasining rahbari sifatida qayd qilinganligini bildirgandi.

O‘tgan hafta frantsuz politsiyasi mamlakatdagi Gulnora Karimovaga tegishli ikki ko‘chmas mulkni xatlagani haqida xabar kelgandi.

Gulnora Karimova homiylik qilishi aytilgan "Fond Forum"ga yaqin manbaning bildirishicha, 17 va 18 iyun kunlari Gulnora Karimovaga tegishli Parijdagi hashamatli uy va San Trope oromgohidagi villaga muhr bosilgan.

Fransuz politsiyasi Shveytsariyada tergov qilinayotgan noqonuniy pullarni yuvish bilan bog‘liq jinoyat ishi doirasida amal qilgani aytiladi.

Bu ishni boshqarish uchun, Shveytsariyalik jurnalist Iv Shteyner manbalariga ko‘ra, frantsuz hakami Serj Turner (Serge Tournaire) tayinlangan.

Shveytsariya prokuraturasi Frantsiya huquq-tartibot idoralarining o‘z so‘roviga binoan O‘zbekiston Prezidentining to‘ng‘ich qiziga tegishli ekani aytilgan bir necha manzilga reyd uyushtirganini tasdiqlagan.

Aytilishicha, amaliyotdan maqsad "hujjatlarni qo‘lga kiritish bo‘lgan".

Iyun oyida esa Shvetsiyalik tekshiruvchilar "Teliasonera" mobil telefon shirkatining O‘zbekistondagi korruptsion faoliyati yuzasidan o‘tkazilgan jurnalistik tekshiruvda ishlatilgan Gulnora Karimova bilan bog‘liq hujjatlarni ularga taqdim etilishini so‘ragandilar.

Ushbu dasturda "Teliasonera" to‘g‘ridan to‘g‘ri Gulnora Karimova bilan muzokaralar olib borganligi haqida hujjatlar taqdim qilinib, shirkat o‘zi uchun himoya yo‘lida Karimova xonimning xayriya tashkilotlariga haq to‘laganligi da‘vo qilingandi.

Bu hujjatlarda Gulnora Karimova shaxsan o‘zi yozgan dastxatlar borligi aytildi. Missiya tekshiruvga ko‘ra, huddi ana shu hujjatlarni tekshiruvchilar talab qilganlar.

Shu yil boshida esa Shvetsiya Appelyatsion Mahkamasi TeliaSonera mobil telefon shirkatining O‘zbekistonda faoliyat yuritish uchun litsenziya olish jarayonida pora berganmi yo‘qligini tekshirgan va bu pora Shvetsiya hududida yuz bergan deya qaror qilgandi.

Shundan so‘ng Gulnora Karimovaga yaqin shaxs tomonidan boshqarilgan, deya ishonilgan Takilant shirkatiga tegishli bank hisoblaridagi millionlab dollar mablag‘ muzlatib qo‘yilishi haqda qaror chiqarilgandi.