Tojikiston dunyodagi eng yirik choyxonani qurmoqchi

Xabarlardan ayon bo‘lishicha, qurilishi qariyb 60 million AQSh dollariga tushuvchi ulkan choyxona poytaxt Dushanbedagi Komsomolskoe ko‘li yoqasida qad rostlamoqda.

Bir necha go‘mbazli yangi choyxona poytaxt Dushanbedagi eng hashamatli "Hayatt" mehmonxonasi va ulkan charxpalak o‘rtasidan joy oladi.

Agar, qurilish ishlari rejaga muvofiq amalga oshsa, rekord hajmdagi choyxona shu yil sentyabr oyida - Tojikiston Mustaqilligi kunida foydalanishga topshiriladi.

EurasiaNet internet nashrining xabar berishicha, mazkur loyiha, "Tojikiston prezidenti Imomali Rahmonning nazariga tushishga uringan bir qancha yirik mahalliy shirkatlar tomonidan moliyalangan".

Choyxonaning "Prezident oshxonasi", bilyardxonalar va ulkan sharsharani ham o‘z ichiga olishi aytilmoqda.

Agar, muxbirlarimizning so‘zlariga tayanilsa, mustaqillik ortidan, Tojikistonda choyxona madaniyati nihoyatda urf bo‘lgan.

Ammo, choyxonaning qanchalik ulkan bo‘lishini nazarda tutib, shuncha katta sondagi odamning unda qanday qilib hordiq chiqarishi mumkinligini savol ostiga olayotganlar ham yo‘q emas.

Eng yirik, eng katta

Deylik, birgina o‘tgan ikki yilning o‘zida Tojikistonda dunyoda ustuni eng baland(165 metr) bayroq o‘rnatildi.

Markaziy Osiyodagi eng yirik Milliy kutubxona ochildi.

Agar, tojik hukumati qurish harakatida bo‘lgan Rog‘un GESi bitsa, dunyodagi eng baland to‘g‘on ham Tojikistonda bo‘ladi.

Tojikiston Markaziy Osiyoning eng qashshoq davlatlaridan biri sanaladi.

Ishsizlik chuqur ildiz otgan va mehnatga layoqatli aholisining yarmiga yaqini chetda mehnat muhojirligida band.

Tojikistonlik muxbirlarimiz mahalliy aholining bu kabi olamshumul loyihalarga ko‘nikib qolishgani, rekord o‘rnatgan inshootlardan esa, tom ma‘noda g‘ururlanishini aytishadi.

Ammo, ularning so‘zlariga qaralsa, Tojikiston ommaviy-axborot vositalarida hukumatning bu qabila sa‘y-harakatlarini tanqid qiluvchi chiqishlar, oz bo‘lsa-da, ko‘zga tashlanadi.

Maqolalarda mamlakat rahbariyati yangi ish o‘rinlari yaratish va to‘xtab yotgan zavodu korxonalarni ishga tushirishning o‘rniga bu kabi osmono‘par loyihalarga ulkan mablag‘lar sarflayotgani tanqid qilinadi.

Lekin, shunda ham, ulkan inshootlar qurib, tilga tushish bobida Tojikistonning o‘ziga anchayin to‘q qo‘shnilari Qozog‘iston va Turkmaniston anchayin ildam.

Qo‘shnilar

Deylik, ulkan gaz zaxiralariga ega Turkmaniston uch yil burun Markaziy Osiyodagi eng katta Olimpiya majmuasini qurishga kirishgan.

5 milliard dollarga tushishi aytilayotgan yangi loyiha tashabbusi bilan ham Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhammedov chiqqan.

Turkmaniston bundan avval ham o‘zining olamshumul qurilish loyihalari bilan tilga tushgan.

Deylik, marhum Turkmanboshi Saparmurot Niyozovning jazirama issiq Turkmanistonda ming kishiga mo‘ljallangan muz saroyi qurish taklifi anchagina shov-shuvlarga sabab bo‘lgandi.

Turkmanistonda, shuningdek, dunyodagi eng yirik masjidlardan biri ham qad rostlagan.

Turkmanistonda minglab chaqirim uzoqlikdan keltiriluvchi suv evaziga sahroda barpo etilishi rejalangan yangi ko‘l loyihasi ham poyoniga yetib qolgan.

"Oltin asr" deb nomlanuvchi yangi ko‘l loyihasi dunyodagi eng yirik va osmono‘parlaridan biridir. Uning qiymati ozmuncha emas - 20 milliard dollarga teng bo‘lishi mumkin.

Gurbanguli Berdimuhammedov 2007 yilda Kaspiy dengizi sohilida mamlakatning asosiy sayyohlik maskanini bunyod etishga 1 milliard dollar mablag‘ sarflash va bunga qo‘shimcha xorij sarmoyalarini jalb etish rejasini ham e‘lon qilgandi.

Qozog‘iston ham ortda qolmoqchi emas...

Bundan bir necha yil avval esa, Qozog‘iston poytaxti Ostonada ichida butunboshli shahar joylashgan dunyodagi eng ulkan shaffof o‘tov qurib, bitkazilgandi.

O‘tovning joylashgan hududi o‘nta futbol maydonidan ham katta bo‘lib, uning ichida xiyobon va daryolar, savdo markazlari va golf maydonchalari bor.

Qozog‘iston poytaxtida havo harorati -30 daraja sovuq bo‘lganda ham, ziyoratchilar o‘tov ichkarisida, xuddi yozdagidek, tennis o‘ynashlari, qayiqda suzishlari yoki yo‘lakchalarda qahva ichish imkoniyatiga egalar.

Neftdan tushgan pullar evaziga qurilgan va gumbazining balandligi 150 metr bo‘lgan Xon o‘tovining me‘mori esa, britaniyalik taniqli me‘mor Norman Foster edi.

Rahbarlari bu kabi ulkan qurilish loyihalariga milliardlab dollar mablag‘ sarflayotgan bir paytda, mahalliy kuzatuvchilar, har uch davlatda ham ishsizlik chuqur ildiz otgani, oziq-ovqatlar narxlarining qimmatligi, aholining olayotgan maoshi oz ekani bois, hayot kechirishning qiyinligi haqida ko‘p gapirishadi.