O‘zbekiston Havo Yo‘llari: chiptangiz bo‘lsa, nega ucholmaysiz?

Image caption Istanbul aeroportidagi o‘zbekcha tiqilinch

Istanbulning Otaturk aeroportidagi manzaraga o‘zbek bozorlarida ham guvoh bo‘lmaganman. "E aravangni tort bu yoqqa! Man sandan oldin kelganman!" deb baqirgan ayolga javob sifatida boshqa ayol aravasini sal tortib, kuch bilan unikiga uradi. "Sani orqangdagi o‘ntasi sandan oldin kelgan. O‘zing tort!" deb qichqiradi bu yoshroq juvon ham bo‘sh kelmay.

Aeroportning O‘zbekiston Havo Yo‘llari yo‘lovchilari registratsiyadan o‘tishi kerak bo‘lgan bu qismida butkul xaos yuzaga kelgandi. Hali parvozga uch soatdan oshiq vaqt bo‘lishiga qaramay, bir-birini turtish, so‘kish, qarg‘ash va yig‘lashlar avjiga chiqayotgandi.

Bir qator bo‘lib navbatga turish va tartib bilan registratsiyadan o‘tish go‘yoki bu yo‘lovchilar uchun umuman yot tushuncha edi. Hijob o‘ragan andijonlik opaxon bilan marg‘ilonlik do‘mboq savdogar qiz ham aytishuvga tushib ketishdi. Hamma yoq arava to‘la yuk. O‘zbek ayollari orasida bitta-ikkita ko‘ringan erkaklar miq deb tovush chiqarmasdi.

Nihoyat registratsiyani ochish uchun uch turk xodimi yetib keldi. Ular navbat ilon izi tarzida bo‘lishi uchun barerlarni o‘rnata boshladilar. "Aravangni tort" degan chaqiriqlar befoyda bo‘lar ekan, uch xodimdan eng yoshi bo‘lgan turk yigit onasi tenggi o‘zbek ayollarining bahaybat to‘rvalarini tepib, ularni qo‘pol ravishda itara boshladi. Nimalar deb so‘kardi ham. Uning ikki ayol hamkasbi esa qiqirlab kulishardi.

Qisqasi, ana tomoshayu, mana tomosha... Ba‘zi xorijlik sayyohlar to‘xtab, tekin tomoshadan "huzur" olishardi.

"Sharmandalik. Mana o‘zbekning ahvoli. Mana o‘zbeklarni qanday urib-tepishayapti," - deydi Istambuldagi qizini ko‘rib ketayotganini aytgan 70 yoshlardagi onaxon. U mazasi bo‘lmayotganini aytib, kuzatayotgan qizidan suv olib kelishni so‘raydi. Imillab, aravalar orasidan chiqa olmayotgan qizi aftidan shok holatida.

"O‘zlari aybdor. Qarang, navbatga ham turishni bilishmaydi bu bozorchilar. Surbetlar, tarbiyasiz. Yana hijob o‘raydi", - deydi Toshkentga qaytishga umid qilayotgan rusiyzabon boshqa ayol.

"Opalar, navbatga tursanglar-chi? Hammangizda chipta bor, chiptada o‘rindiq joyi ko‘rsatilgan, baribir chiqasiz-ku o‘sha samolyotga", - deyman men urushqoq vatandoshlarimga.

"Qanaqa chipta? Chipta bo‘lsa ham, joy yo‘q deyishadi. Oxirida qolsangiz, joysiz qolib ketasiz, samolyotga chiqarishmaydi", - deydi boshqa savdogar opa.

Nahotki?

Bu da‘volarni surishtirib ko‘rsam, xavotirlar asosli bo‘lib chiqdi. Ayon bo‘lishicha, bir parvozga ajratilgan chiptalardan bir necha baravar ko‘p chipta sotish oddiy holga aylanib ulguribdi.

Buni menga O‘zbekiston havo yo‘llari va Toshkent aeroportida ishlaydigan ikki ayri manba tasdiqlashdi. Albatta, ikkovi ham ismi-shariflarini oshkor qilmasligim sharti bilan.

"O‘zbekiston Havo Yo‘llarining ba‘zi yo‘nalishdagi qatnovlarida hamisha muammolar bo‘lib turadi. Masalan, Istambuldan Toshkentga uchishda yo‘lovchilar ucholmasdan qolib ketishi mumkin. Buning sababi "sverxlimitnaya prodaja", ya‘ni keragidan ortiq chiptalar sotiladi. Masalan, Boingda 300ga yaqin odam uchadi. Hozirgi yangi chiqqan Eyrbaslarda ham tahminan 300ga yaqin odam ketadi. Lekin, hamma chiptalar sotilib bo‘lgandayam, Havo Yo‘llariga tegishli aviakassalar ancha ko‘proq chiptalarni sotadilar", - deydi suhbatdoshim.

Uning aytishicha, bu holat odatda talab katta bo‘lgan yo‘nalishlarda ro‘y beradi.

"Bangkok reysidan bir martaning o‘zida 30dan oshiq yo‘lovchi samolyotga chiqolmay qolib ketishdi. Rossiya reyslari uchun esa bu oddiy hol - deyarli har kuni chiptali odamlar ortda qolib ketishadi," - deydi u.

"Reysdan qolib ketishganidan keyin nima bo‘ladi? Axir ularning butun boshli rejalari, mehmonxonalar, kutib olishlar kabi jihatlar ostin-ustun bo‘lsa kerak."

"Reysdan qolgandan keyin, albatta, urush-to‘polon, janjal bo‘ladi. Noroziliklar... Ularga keyingi reysga joy va‘da qilinib, bileti o‘zgartiriladi. Ularga tushuntiriladi, kassa ularga ortiqcha bilet sotgani, birinchi kelganlar o‘tib ketgani, ular kech qolgani va hokazolarni. Bunda aeroport xodimlari aybdor emas. Bunda to‘laligicha avikassa xodimlari aybdor."

"Keyingi reys to‘la bo‘lsa-chi? Undagilar ham keyin joysiz qolishadimi?" - deb so‘rayman men.

"Keyingi reysda ham eng oxirgi kelgan yo‘lovchilar qolib ketishadi... Toshkent-Dehli yo‘nalishi bo‘yicha ham juda ko‘p bo‘ladi bu holat. Hatto eng jiddiy deb ko‘riladigan haftasiga ikki martalik Nyu-York reysida shunday holatlar bo‘ladi. Bu "kontrolnyy reys" deyiladi, lekin shunda ham yo‘lovchilar joy yetmay qolib ketadi."

Suhbatdoshimga ko‘ra, O‘zbekiston Havo Yo‘llariga tegishli 12ta aeroportning yerda ishlayotgan xodimlari bu holatga mas‘ul emaslar. Uning aytishicha, mazkur boshboshdoqlik va korruptsiyaga O‘zbekiston Havo Yo‘llarining GAVS ("Glavnoye agenstvo vozdushnyx soobshcheniy") tarmog‘i sababchidir. Chunki, unga ko‘ra, parvoz chiptalarini sotuvchi barcha nuqtalar shu agentlikka bo‘ysunadi.

"Shu agentlik orqali chipta pullari O‘zbekiston Havo Yo‘llariga kelib tushadi. Kimdir katta pul qilayapti bundan. Katta pul qilinayapti ekan, demak, bu davom etaveradi. Hamma bundan xabardor. Lekin, hech qanday chora ko‘rilgani yo‘q", - deydi suhbatdoshim.

Qo‘lingizga chipta kelib tushishi bu bir kichik yutuq. Bu yutuqqa erishish uchun avvaliga boshqa to‘siqlarni yengib o‘tish kerak bo‘ladi. Aviakassaga murojaat qilganingizda "Chipta yo‘q" deb javob olish ham odatiy hol.

"Birinchi marta bilet so‘rab kelsangiz, "Ha, bor, marhamat" deb hech kim sizga bilet sotmaydi. Keyin tanish-bilishlar bo‘lsa, ularga murojaat qilasiz, pul bervorasiz, ular olib beradi. Kassada oldida turib, ortiqcha pul sanash mumkin emas, chunki hamma joyda kameralar o‘rnatilgan. Lekin, hamma narsani ilojini qilishadi. Xullas, joy bo‘lsayam, bilet ola olmaysiz."

"Qirqiga chidagan, qirq biriga ham chidaydi"

Ur-to‘polon va so‘kish-qarg‘ashlar faqat registratsiya stollari qarshisidagi tomosha emas. Yo‘lovchilar haqiqiy yengil va og‘ir atletika qobiliyatlarini Toshkentga uchib kelishgan chog‘larida ham namoyish qilishga majburlar. Bir tanishim aytgandek, "Qirqiga chidagan, qirq biriga ham chidaydi".

Reys Toshkentga qo‘nib, yo‘lovchilar avtobuslardan qo‘nish zaliga to‘kilar ekan, avtobus eshiklari ochilishi bilan hamma yoppasiga yugurishni boshlaydi. Afrika cho‘llaridagi bizonlar podasining dupur-dupuriga o‘xshash to‘polon sadolari orasida soddaroq yo‘lovchilarning "Nimaga yugurayapmiz?" degan savollari quloqqa chalinadi. Aeroportda ishlaydigan manbamga ko‘ra, bu poyga aslida aravalarning yetishmasligi bilan bog‘liq ekan.

"Toshkentdagi xalqaro aeroport kichkina. Boshqa dunyo aeroportlariga solishtirilsa, bizdagi uchib kelish zali nisbatan judayam kichkina. Rossiya, Istambul, Dubaydan uchib kelgan yo‘lovchilar avtobusdan tushishlari bilan yugurishadi. Bu kulgili holat. Chunki telejka, ya‘ni aravalar yetmaydi. Chunki yukini aravaga solib to taksigacha olib borishi kerak. Bu haqiqatdan jiddiy muammo bizda. Yaqinda o‘zim uchib keldim, o‘zim ham aravasiz qoldim. Yukim ko‘p edi. Hamma yugurgan, bir-birini turib, haqorat qilib", - deydi aeroport xodimi.

Uning aytishicha, hozirda aeroport ma‘muriyati tomonidan pul to‘lab arava olish uchun jeton beruvchi maxsus uskuna o‘rnatilgan, biroq bu uskuna ham qo‘shib chipta sotish tajribasi haqida eshitgan bo‘lsa kerak, ko‘p hollarda 3 ming so‘mingizni oladiyu jetonni bermaydi.

O‘zbekiston Havo Yo‘llari munosabati

Men parvozlarga qo‘shib chipta sotish va yo‘lovchilarning uchoqlardan qolib ketishi sabablarinini bilish uchun avvalo O‘zbekiston Havo Yo‘llarining chiptalarni sotish bo‘yicha bosh idorasiga sim qoqdim. Idora rahbari Shuhrat Yodgorov da‘volarni na rad etdi yo na tan oldi. U menga yozma ravishda arz qilishni tavsiya qildi.

Men so‘ngra O‘zbekiston Havo Yo‘llarining matbuot kotibi Feruza Qurbonova bilan bog‘landim. Qurbonova xonim bu ma‘lumotlar noto‘g‘ri ekanini aytdi. Uning aytishicha, havo yo‘llariga bu kabi shikoyatlar juda ko‘p kelib tushadi, lekin bunga yo‘lovchilarning o‘zlari sababchilar.

Qurbonova xonimning aytishicha, bu yo‘lovchilar kutish ro‘yxatiga qo‘yiladilar, biroq shunga qaramay joy talab qilib parvoz kuni aeroportga borib oladilar.

Matbuot kotibi so‘ngra mendan yo‘lovchilar shikoyatlarini yozma ravishda jo‘natishimni so‘radi va bunga rasman javob berilishini aytdi. Men da‘volar yozma ravishda emasligi, hamda bu da‘volarni O‘zbekiston Havo yo‘llari va Toshkent aeroportining ikki xodimi tasdiqlaganlarini aytganimda, go‘shakni qo‘yib qo‘ydi.