Muftiyatning fidya raqamlariga ishonilsa aksar O‘zbekiston yarim och yashamoqda

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashining 2013 yilgi zakot, fitr sadaqa va fidya miqdori bo‘yicha qaroriga muvofiq, musulmonlar berishi kerak bo‘lgan zakot miqdori 200 ming so‘m, fidya miqdori esa 8 ming so‘m etib belgilangan.

Zakot miqdori 85 gramm tillo, fidya esa bir och odamning bir kunlik ovqati barobarida hisoblab chiqilgan.

O‘zbekiston Musulmonlar idorasi raisi Usmonxon Alimov imzolagan qarorda ta‘kidlanishicha, bu yilgi fitr sadaqasi miqdori bozorlardagi 2 kilogram bug‘doy narxidan kelib chiqqan holda belgilangan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashining qarori mamlakatda 15 avgustdan boshlab aholi ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar hamda nafaqalar miqdori o‘rta hisobda 1,15 baravar oshirilgan bir paytga to‘g‘ri kelmoqda.

O‘zbekiston prezidenti qabul qilgan farmonga ko‘ra, eng kam ish haqi oyiga 91 ming so‘mdan sal oshiqroq, yoshga doir pensiyalar va nogironlarga - oyiga 179 ming so‘m hamda mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqa deyarli 110 ming so‘m etib belgilangan.

O‘zbekiston muftiysi o‘rinbosari Abdulaziz Mansurning BBC bilan suhbatda aytishicha, bu yilgi fidya miqdori inflyatsiya darajasini nazarda tutib, ko‘tarilgan va mamlakat hududidagi o‘rtacha oshxonada bir inson qornini to‘ydirish uchun yetarli mablag‘ miqdoridan kelib chiqib qaror qabul qilingan.

Abdulaziz Mansurning aytishicha, boshqa tomondan oyiga 240 mingni tashkil qilishi mumkin bo‘lgan mablag‘ni to‘lash ham hamma uchun oson bo‘lmasligi mumkin. Shuning uchun fidya beruvchilarning ham moddiy ahvollari nazarda tutilgan.

Ulamoning aytishicha, diniy tarixiy ma‘lumotlar asosida fidya bir och qolgan odamning qornini o‘rta darajada to‘ydirish uchun lozim bo‘lgan mablag‘dan kelib chiqib belgilanadi.

Shuningdek, ulamoning aytishicha, shariat qonunlariga muvofiq inson haddan tashqari o‘z nafsiga berilmasligi, ortiqcha to‘qlik ortidan tushmasligi nazarda tutiladi.

"Insondek yashashni istaymiz"

Muftiyat hisob-kitobiga tayanilgan holda, agar bir kishining bir kun to‘yib ovqatlanishi uchun 8 ming so‘m kerak bo‘lsa, unda bir odamning faqat oziq-ovqati uchun oyiga 240 ming so‘m kerak bo‘ladi.

O‘zbekistonda oila boqayotgan va qo‘shimcha sarf-xarajatlari bisyor insonlar bugun o‘rtacha 250-300 ming so‘m maosh olishadi.

Uzoq yillardan beri muallimalik qiladigan Mohira (ismi o‘zgartirilgan) 300 ming so‘mga yaqin maosh oladi.

Eri ham davlat korxonasida ishlaydi va maoshi 400 ming so‘m atrofida.

Ammo ular qaramog‘ida to‘rt nafar talaba va o‘quvchi farzandlari hamda keksa ota-onasi bor.

Qariyalarning 130-150 ming so‘m atrofidagi nafaqalari kechiktirib beriladi.

Oila umumiy daromadi nafaqalar bilan qo‘shib hisoblaganda, rasman bir million so‘m atrofida.

Bu mablag‘ 8 kishi boshiga taqsimlansa, oyiga har bir kishi uchun 125 ming so‘mdan to‘g‘ri keladi.

Ya‘ni, O‘zbekiston muftiyati hisob-kitob qilib chiqargan fidyaga ishonilsa, bu oila rasman yarim och kun ko‘rmoqda.

Shunda ham bu oila o‘z daromadini faqat oziq-ovqatga sarflasa, bu holatda kiyim-kechak, dori-darmon olmaligi, avtobusga chiqmasligi va uy solig‘i hamda boshqa kommunal to‘lovlarni to‘lamasligi kerak.

Agar bu sarf-xarajatlarni ham qo‘shib hisoblasak, rasman bu oila hatto qornini yarim to‘ydirishi ham imkonsiz ko‘rinadi.

"Shu uchun tomorqada qo‘shimcha sabzavot ekamiz, biroz yordam bo‘ladi. Ammo sug‘orishga suv topish muammo bo‘lib qoldi keyingi yillari" - deydi Mohira.

"Uyda sigir bor edi, sut-qatiq, sariyog‘ chiqib turardi. Ammo qaynotam kasal bo‘lib, uni davolatish, dori-darmon olish uchun sigirni sotdik, bu ham yetmay qarzga botdik".

Suhbatdoshimiz Prezident Karimovning O‘zbekistonda bugun hech kim ochidan o‘layotgani yo‘q, degan gapini qisman tasdiqlaydi, ammo inson faqat ochidan o‘lmaslik uchun yashamasligini ham urg‘ulaydi.

"Hayvonlar ochidan o‘lmaslik uchun yashashadi, biz insonmiz-ku, insondek yashashni istaymiz" - deydi u - "Prezident Karimov nazarida endi ochimizdan o‘lmasak bo‘ldi ekan-da. Nima, o‘zbek xalqi orzu-havas ko‘rishi kerak emasmi, faqat ochidan o‘lmaslik uchun yashashi kerakmi?"

Suhbatdoshimiz qarindosh va qo‘shnilari hozir Rossiya hamda Qozog‘istonda ishlashayotganini, ayrim tanishlari esa uch-to‘rt yil buyon Qirg‘iziston va Tojikistonga qatnab, savdo qilishganini aytadi.

"Rossiya va Qozog‘istonda odamlar qanday yashashayotganini aytishsa, bizga ertakdek tuyuladi" - deydi hozir hatto Toshkentga borishga ham qurbi yetmaydigan muallima - "Hatto urushdan chiqqan Tojikiston kambag‘alroq bo‘lsa ham, odamlar ishqilib, hukumatni va rasmiylarni bemalol tanqid qilib, ko‘nglidagi dardlarini bo‘shatishlari mumkin ekan".