"O‘zbek so‘mining amalda qadri qolmadi"

O‘zbekiston Havo Yo‘llari shirkatining chiptalarni xorijiy valyutaga sota boshlaganligi o‘zbek so‘mining qadri nuqtai nazaridan nimani anglatadi?

O‘zbekiston qonunlari bo‘yicha mamlakat hududidagi barcha savdo-sotiq milliy valyuta o‘zbek so‘mida amalga oshirilishi kerak.

Ammo hozirda aksar hollarda oziq ovqatlar, kiyim-kechak kabi mayda tijoratni hisobga olmaganda, yirik savdo-sotiqda o‘zbek so‘mi deyarli ishlatilmaydi.

Ko‘chmas mulk savdosi norasmiy tarzda bo‘lsa ham hamisha xorij valyutasida amalga oshirilishi keng ma‘lum.

Avtomashina va mana endi aviachiptalar savdosi uchun ham davlatning o‘zi chiqargan milliy so‘mini emas, balki xorijiy valyutani ishlatishni afzal ko‘rmoqda.

Bu qadam ortida qanday omillar bor?

Iqtisodiy tahlilchi Alisher Taksanovning BBC bilan suhbatda aytishicha, asosiy sabab o‘zbek so‘mining qadrsizlanib ketganidir.

Alisher Taksanov: Avvalo aytish joizki, barcha jiddiy molyaviy oldi-berdi ishlari, uy-joy va avtomashina savdosi allaqachon erkin konvertatsiya bo‘ladigan xorijiy valyutada amalga oshirilib kelinadi. O‘zbekiston so‘mini bunaqa jiddiy amaliyotlarda ishlatishmaydi. Havo yo‘llari shirkati esa xorijiy davlatlarga parvozlarni amalga oshiradi va faoliyati chet el bilan bog‘liq. Bunday holatda o‘zbek so‘mi shirkatning xo‘jalik yuritishiga imkoniyat bermaydi. Shu bois havo yo‘llari shirkati o‘zining muayyan amaliyotlari uchun xorijiy valyuta ishlatishga o‘tishga majbur bo‘lgan.

BBC: O‘zbek so‘mining qadri nuqtai nazaridan bu nimani anglatadi?

Alisher Taksanov: Bu shuni ko‘rsatadiki, o‘zbek milliy so‘mining amalda kuchi yo‘q. So‘m muomalaga chiqqanidan beri o‘tgan 20 yil davomida bu pul, adashmasam, bir necha yuz baravarga qadrsizlandi. Hozir O‘zbekiston davlati uchun milliy so‘mning moliyaviy kuch-qudrati yo‘q, desa ham bo‘ladi. Modomiki, davlat o‘z hududida xorijiy valyutaga savdo-sotiq qilishga ruxsat berib qo‘yar ekan, demak Prezident Karimovning pul-valyuta sohasida yuritgan siyosati tanazzulga yuz tutibdi. Chunki ilgari ham avtomashinalar savdo-sotig‘i kabi yirik oldi-berdilar norasmiy jihatdan xorijiy valyutada yurtilayotgan edi. Mana endi ochiqdan-ochiq o‘tilayapti.

BBC: Lekin O‘zbekiston qonunlari bo‘yicha mamlakat hududidagi barcha moliyaviy amaliyotlar milliy valyuta ya‘ni so‘mda amalga oshirilishi kerak emasmi? Nega O‘zbekiston davlati o‘zi chiqargan qonunni buzadi unda?

Alisher Taksanov: Gap shundaki, O‘zbekistondagi qonunlar faqat qog‘ozda mavjud. Bu qonunlar faqatgina prokuror qo‘liga tushgan odamlarga qarshi ishlatish uchun mavjud. Amalda esa, davlatning nazorat idoralari ayni shu qonunlarni bemalol buzishlari uchun imkoniyatlar yaratilgan. Chunki davlat bunga yo‘l qo‘yib berishga majbur. Deylik, hozirgi xorijiy valyutada aviachipta sotishga ruxsat berish ham majburan qabul qilingan qarordir. Bu shuni ko‘rsatmoqdaki, hozir davlatni boshqarayotgan odamlar bu davlatdagi mavjud moddiy va moilyaviy zaxiralarni boshqarishga qodir emas. Ular iqtisod rivojlanishi uchun kerakli sharoitlarni yarata olishmayapti. Shu bois ham hozirgi ahvol vujudga kelmoqda.

BBC: O‘zbekistondagi iqtisodiy moliyaviy siyosat noto‘g‘ri deb aytish oson. Ammo aynan qanday hatti-harakat va yo noto‘g‘ri siyosat o‘zbek so‘mining hozirgidek o‘z yurtida qadrsizlanishiga olib keldi?

Alisher Taksanov: Har qanday valyuta asosini ishlab chiqarish tashkil qilishi kerak. Ya‘ni moliyaviy soha milliy ishlab chiqarishga tayanadi. Shu qatorda, eksport-import amaliyotlari hajmi ham muhim. Ammo bu o‘rinda milliy valyuta erkin shaklda xorijiy valyuta bilan ayriboshlanishi kerak. Bir tarafdan qaraganda, bizda eksport hajmi oshmoqda va 9 milliard dollarga yetgan. Lekin unda bu pullar qani, qayerda? Balki bu pullar offshor hududlarda qolayotgandir, balki g‘arb banklariga qo‘yilgandir va tabiiy unda ushbu pullar O‘zbekistona endi qaytib kirmasa kerak. O‘zbekiston xazinasini esa nima bilan to‘ldirasiz? Ma‘lumki, O‘zbekistonda ishlab chiqarish pasaymoqda. Tijoratlar mamlakatdan qochib ketishga intilmoqda. Davlat byudjeti daromad sohasini to‘ldirish uchun mablag‘ qolmayapti. Tabiiyki, bunday sharoitda iqtisod zaiflashaveradi va oxirida butunlay qulaydi.

BBC: Siz ishlab chiqarish pasaymoqda deysiz. Axir O‘zbekiston gaz va paxta ishlab chiqarib chetga sotmoqda. Mana avtomashinalar ishlab chiqariladi. Rasman ishlab chiqarish o‘sayotgani, ish o‘rinlari yaratilayotgani aytilayapti-ku?

Alisher Taksanov: To‘g‘ri bir tomondan eksport o‘sayotgani aytiladi. Lekin biz asosan qo‘shimcha narxi oshirilgan, qayta ishlangan mahsulotlarni sotmaymiz-ku. Gaz, paxta va oltin kabi xomashyo mahsulotlari sotamiz. Xomashyo esa qayta ishlangan mahsulot kabi katta daromad keltirmaydi. Lekin eksportdan tushayotgan daromadning qanchasi O‘zbekistonga qaytib kirayotganini ham bilmaymiz. Chunki, deylik, paxta eksporti bilan faqat ikki-uchta tashqi savdo shirkati shug‘ullanadi, xolos. Ammo ular o‘zbek paxtasi savdosidan tushgan valyutani O‘zbekistonga qaytarayaptimi yo‘qmi - ma‘lum emas. Chunki bu tizim yopiq va shaffof emas. Chunki davlat korruptsiyaga botgan. Mulozimlar kerakli pullarni to‘plab bo‘lishgan. O‘zbekistonga nima bo‘lishi ularni tashvishga solmaydi.