Markaziy Osiyo davlatlari aloqalariga yechilmagan chegara muammolari rahna solmoqdami?

Image caption O‘zbek-qirg‘iz chegarasida bot-bot o‘zaro ziddiyatli hodisalar ro‘y beradi

Markaziy Osiyo davlatlari orasidagi o‘zaro aloqalarga rahna solayotgan muammolar qatorida hali aniqlanmagan chegaralar va etnik anklavlar sanaladi.

Qirg‘iziston hududida joylashgan O‘zbekistonning ikki yirik anklavlari So‘x va Shohimardon masalasi bot-bot bahsu munozaralarga sabab bo‘ladi.

O‘zbekistonda esa Qirg‘izistonga tegishli Barak qishlog‘i bor.

Ikki mamlakat fuqarolari o‘zaro chegaralardan o‘tib-qaytishda turfa va asosan sun‘iy mushkulotlarga duch kelishadi.

Ikki davlat chegara hududlarida yashovchi aholi so‘nggi yillar mulozimlar bu kabi chegara mushkulotlarini yengillashtirish o‘rniga qaytaga yana ham og‘irlashtirayotganlari haqida aytadilar.

2001 yilda O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘z hududlaridagi qog‘ozda bir-biriga qarashli bo‘lgan hududlarni birato‘la almashtirish yo‘li bilan hal etishga harakat qilishgani ma‘lum.

Ammo turfa sabablar bilan bu masala hal bo‘lmay qolgan.

Toshkent va Bishkek o‘zaro kelisha olishmagani aytiladi.

Avvaliga hukumatlararo komissiya qariyb 20 ta qishloq joylashgan So‘x anklavini O‘zbekistonning asosiy hududi bilan birlashtirish va evaziga So‘xning janubiy qismini Qirg‘izistonga o‘tkazib berishni taklif qilgan.

Lekin Qirg‘iziston mulozimlari bu yerlar dehqonchilikga yaroqli emas, hamda shunday almashtirish oqibatida Laylak va Botken tumanlari mamlakat hududidan ajralib qoladi, degan xavotirlar bilan mazkur taklifdan voz kechgan.

Anklavlar aloqalarga rahna soladimi?

Image caption Qirg‘iziston va Tojikiston chegara hududi ham muammolardan xoli emas

Qirg‘iziston hukumatining davlatlararo chegaralarni aniqlash bo‘yicha mulozimi Qurbonboy Iskandarovning bildirishicha, mustaqillik davrida O‘zbekiston bilan chegara muzokaralari 2000 yildan buyon davom etmoqda.

"O‘zbekiston bilan chegara muzokaralari boshlangach, shu paytga kadar 1378 kilometr chegara chizig‘idan 1007 chaqirim masofasini aniqlashga muvaffaq bo‘ldik. Shu qismini hukumatlararo delegatsiyalar darajasida tasdiqladik.

Endi faqat eng og‘ir va o‘zaro bahstalab qismlar qolgan, ana shularni hal etish uchun muzokaralar kechmoqda", - deydi hukumat mulozimi.

Kirgiziston hududida Tojikistonga qarashli Vorux anklavi xam joylashgan. Chegara masalalarida mutaxassislarning bildirishicha, o‘tgan asrning saksoninchi yillaridan buyon shu hudud atrofida yer va suvga doir tortishuvu talashlar sodir etilgan.

O‘sha davrda Vorux – Tangi va Matchoh – Oq-Tatir deya nomlangan tojik va kirg‘iz qo‘shni qishloqlar aholisi o‘rtasida bir necha bor janjal chiqqani ma‘lum.

Qurbonboy Iskandarov aytishicha, Tojikiston bilan ham bir necha mushkul chegara masalalari bor.

"Tojikiston bilan bizning 970 kilometrlik chegara chizig‘imiz bor, shu paytga qadar 517 chaqirim masofasini aniqlaganmiz... Bu asosan tog‘lar orqali o‘tgan chegara chizig‘i, shuning uchun ham o‘rtada hech bir kelishmovchilik bo‘lmagan. Ammo navbat Farg‘ona vodiysidan o‘tgan chegara chizig‘iga yetganda muammolar ham urchib bormoqda", - deydi Qirg‘iziston hukumati mulozimi.

Mutaxassislarga ko‘ra, uch davlat chegaralari tutashgan hudud muammolari 1999-2000 yillarda ro‘y bergan Botken voqealari payti alohida keskinlashib ketgan.

O‘shanda O‘zbekiston Islomiy Harakati Shimoliy Tojikiston orqali Qirg‘iziston va O‘zbekiston hududlariga hujum kilgan va bu bevosita Toshkent rejimiga xavf o‘laroq ko‘rilgandi.

O‘zbekiston Qirg‘iziston bilan Tojikiston chegara hududlariga mina ekib chiqqani va So‘x-Shohimardon anklavlariga harbiy qismlar kiritgani ham Dushanbe va ham Bishkekda norozilik uyg‘otgan.

Toshkent ushbu choralarni o‘z davlat xavfsizligini mustahkamlash ehtiyoji bilan izohlagan.

Ammo shu qurolli to‘qnashuvlardan tashqari, umuman Kirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi talashlar asosan yer va suv zahiralari bilan bog‘liq bo‘lmoqda.