Rossiyada uch O‘zbek o‘ldirilib jasadlari yoqib yuborilgan

Image caption Yoqib yuborilgan jasadlar Nijnebakanskoy qishlog‘idan 3 kilometr uzoqlikdagi tashlandiq joydan topilgan

Rossiya janubidagi Krasnodar o‘lkasining Krymsk tumanida uch nafar o‘zbekistonlik mehnat muhojirini o‘ldirib, jasadlari yoqib yuborilgan.

Mahalliy aholi vakili bo‘lgan ikki kishi qotillikda gumon qilinmoqda.

"2 iyul kuni politsiyaga 23, 29 va 40 yoshli uch nafar o‘zbekning yo‘qolganligi haqida xabar kelib tushdi. Bu haqida ularning qarindoshlari yozma murojaat qildilar", - deya ma‘lumot bergan Rossiya Tergov qo‘mitasi Krasnodar o‘lkasi rahbarining bosh yordamchisi Ivan Sengerov.

Tekshirishlar natijasida qurbonlar Rossiyaga ishlash uchun borishganligi aniqlandi.

Taxminlarga ko‘ra, 24 iyun kuni ular va yana ikki kishi Nijnebakanskoy qishlog‘idagi "Tekila-bum" kafesida o‘tirishgan.

"O‘tirish chog‘ida erkaklar va ikki mahalliy aholi vakillari orasida nizo chiqib, mushtlashuvga aylanib ketadi, - deydi Ivan Sengerov. - Muhojirlar qochgan, ammo mahalliy erkaklar quvib ularning birini tutib bog‘lab tashlashadi. Do‘pposlanayotgan do‘stlariga yordam berish uchun ikki o‘zbek ortiga qaytishganida, ularni ham ushlab bog‘lashgan".

Shundan keyin uch muhojirni qarindoshlari qaytib ko‘rishmagan.

Mazkur hodisa bo‘yicha 11 iyul kuni jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

"Politsiya yo‘qolgan o‘zbekistonlarning jasadlarini 13 iyul kuni Nijnebakanskoy qishlog‘i janubidan 3 kilometr uzoqlikdagi tashlandiq joydan topdi. Jasadlar yoqib yuborilgan edi", - deya xabar bergan Krasnodar o‘lkasi Ichki ishlar bosh boshqarmasi matbuot xizmati.

Mazkur qotillik bo‘yicha ikki kishi gumon qilinmoqda.

Gumondorlarning biri mahalliy aholi vakili bo‘lgan 42 yoshli kishi qo‘lga olindi.

U qilgan jinoyatiga iqror bo‘ldi.

Uning 35 yoshli tanishiga nisbatan esa qidiruv e‘lon qilingan.

Surishtiruv ishlari davom etmoqda.