Noqonuniy muhojirlar: xo‘rlangan va haqoratlanganlar

Image caption Kommersant nashrining "Hokimiyat" ilovasi

Rossiyaning Kommersant‘ nashri markaziy osiyolik noqonuniy mehnat muhojirlarining achinarli taqdiri haqida hikoya qiluvchi maqola chop etgan.

Mualliflarga ko‘ra, Moskva hokimligiga saylovoldi kampaniyasida mehnat muhojirligi masalasi "bayroq" qilinmoqda.

Deyarli barcha nomzodlar, nashrga ko‘ra, bir fikrda yakdil. Ya‘ni, mehnat muhojirlari soni qisqartirilishi kerak.

Mutaxasislarga ko‘ra, saylovoldi kampaniyasida eng mashhur va "yutish kafolati" bor bo‘lgan mavzu shudir.

Mualliflar Olga Allenova va Sergey Rasulovlar noqonuniy mehnat muhojirlarining bugungi taqdirini ko‘chma ma‘noda "qullar" hayotiga mengzashadi.

O‘zbekiston fuqarosi Lutfullo Eshonqulovni Maxachqal‘adagi mashinalar yuvadigan korxonada topishdi, u hushsiz edi deb boshlashadi bu hikoyani mualliflar.

Eshonqulov kasalxonada ko‘zini ochadi va uni Moskvadan Maxachqal‘aga keltirishganini aytadi.

"Ish beruvchilar" unga yaxshigina ish va‘da qiladilar, hali Moskvada ekan uning hujjatlarini olib qo‘yishadi.

Moskvadan Dog‘istonning tog‘li mintaqasiga keltirib cho‘ponlik qilasan deyishadi.

To kasal bo‘lib qolmaganiga qadar u qo‘y boqib kun kechiradi.

Salomatligini yo‘qotgan Lutfullo bir necha kundan keyin kasalxonada jon taslim qiladi.

Bu orada Dog‘istonda bir qator ko‘ngillilar ijtimoiy tarmoqlarda bong urishadi, deb yozadi Kommersant‘.

Ular Lutfulloning yaqinlari bilan bog‘lanishga harakat qiladilar.

Image copyright RIA Novosti
Image caption "Memorial" yana mehnat muhojirlariga yordamchi bo‘lgan

Dog‘istonlik jurnalist Zokir Ismoilovga ko‘ra, odamlar mehnat muhojiriga bunaqa munosabatdan g‘azabga kelishgan.

"Ular ayni masala o‘rganilishini talab qilishdi, ammo hozirga qadar jinoiy ish ochilganmi yo‘qmi, aniq emas. Umid qilamanki, ochilgan... Mulozimlar o‘z qilmishlariga yarasha jazo oladilar".

Ko‘ngilli hayrixohlar mahalliy masjid yordamida muhojirni dafn etish uchun mablag‘ to‘plashadi.

Ammo Kommersant‘ nashriga ko‘ra, marhumning yaqinlari Dog‘istonga safar qilishdan cho‘chishadi.

Moskvadagi inson huquqlari faollari aralashuvi bilan ular Eshonqulovni Dog‘istonda diniy rasm-rusumlarga mos dafn qilishmoqchi bo‘ladilar.

Jurnalistga ko‘ra, shu orada Lutfulloning akasi telefon qilib Samarqanddan yo‘lga tushganini aytadi.

To‘plangan pullar jasadni faqat Moskvaga qadar jo‘natishga yetadi.

Moskvada esa "Tojikiston" jamg‘armasi va "Grajdanskoye sodeystviye" tashkilotidan Svetlana Gannushkina yordami bilan tobut Samarqandga jo‘natiladi.

"Huquq va migratsiya" tashkiloti va "Memorial"markaziga ko‘ra, o‘tgan yili Dog‘istonga kelgan muhojirlar soni va rasman ro‘yxatdan o‘tganlar orasida juda katta farq bor.

Inson huquqlari faoli Yelena Denisinkoning aytishicha, respublikada ishchi kuchiga ehtiyoj katta, ammo mulozimlar ishlash huquqini juda oz muhojirlarga berishadi.

Uning aytishicha, bu mintaqada noqonuniy mehnat muhojirlari ko‘payishiga ham sabab bo‘lmoqda.

Kommersant‘ nashriga ko‘ra, Dog‘iston Muhojirlar Xizmatiga har kuni Markaziy Osiyo, Vьetnam va Xitoy fuqarolari keltiriladi.

Ular g‘isht zavodlaridan tashqari qurilish va qishloq xo‘jaligi sohalarida ishlashadi.

Lutfullo Eshonqulovning fojeali qismati alohida bir holat emas, deb yozadi Kommersant‘.

Image copyright none
Image caption "Sazoyi" qilingan mehnat muhojirlari

Rossiyaning ovloq qishloqlarida Markaziy Osiyodan kelgan muhojirlar qullar kabi ishlatilayotgani bor gap.

Hatto Moskvadagi dala hovli egalarining ayrimlari, mana shu "qullar mehnatini" afzal bilishadi, deb yozadi mualliflar.

Ish va turmushning abgorligidan aksariyat muhojirlar salomatliklarini boy berishadi.

Ammo noqonuniy ishlayotganlari uchun ham ular ko‘pincha tibbiy yordamsiz qolishadi.

"Qullikka tushgan va berkitib ishlatilayotgan muhojirga yordam berish juda qiyin. Hech kim ular haqida bilmaydi. Muhimi bu holatlarni oshkor qilish, ular haqida xabar berishda", deydi mehnat muhojirlari kasaba uyushmasi raisi Renat Karimov.

Umuman olganda, mehnat muhojirlarini qullarga aylantirish holatlari kamaymoqda, deydi u.

Ammo bir necha oylab ishlatib pul bermay quvib yuborish odat tusiga kirib bormoqda.

Kommersant‘ nashri jurnalistlari yana bir o‘zbekistonlik mehnat muhojiri bilan uchrashishgan.

Feruza Tillamurodovaga bir oyu 18 kunlik ish haqini bermay ishdan quvganlar.

Feruza ikki kun kasal bo‘lib qolganini, ishga qaytsa o‘rniga boshqa odam olinganini aytadi.

Feruzani ham rasman ishga olingani haqida ro‘yxatga tirkashmagani huquqlarining poymol etilishiga sabab bo‘ladi.

Hozir Feruza barcha hujjatlarini rasmiylashtirgan.

Ishlash huquqini ham olgan.

Ammo ish beruvchilar huquqlarini himoya qila oladigan ishchini emas, balki noqonuniy mehnat muhojirini ma‘qul ko‘rishadi, deb yozadi Kommersant‘.

Ayrim ma‘lumotlarga qaraganda, bugun Rossiyada 10 million mehnat muhojiri bor va ulardan to‘qson foizi noqonuniy muhojirlardir.