"Aziya-Plyus" mustaqil axborot agentligi asoschisi, Markaziy Osiyoda taniqli jurnalist Umed Boboxonovga savol bering

Image caption Umed Boboxonov "Aziya-Plyus" bayramida o‘g‘li Farzon bilan

Umed Boboxonov 1962 yilda Dushanbeda ziyolilar oilasida tavallud topgan.

Tojikiston Davlat universitetining Sharqshunoslik fakulteti arab tili bo‘limini tamomlagan.

1982-83 yillarda Liviyada arabchasini mukammallashtirib qaytgan.

1987 yilda "Komsomolets Tadjikistana" gazetasiga muxbir bo‘lib ishga kiradi.

1991-96 yillarda "Komsomolskaya pravda" gazetasining Tojikistondagi muxbiri bo‘lib ishlaydi.

Umed Boboxonov Tojikistonda fuqarolar urushi yillarida(1992-97) qator dalil maqolalari bilan taniladi.

Hali fuqarolar urushi tinmagan Tojikistonda 1995 yilda mamlakatda birinchi va Markaziy Osiyoda ham birinchilardan bo‘lgan mustaqil xabar agentligi "Aziya-Plyus"ga asos soladi.

Image caption Burhoniddin Rabboniy bilan uchrashuv,1992 yil

1996 yilda axborot tahliliy ilk byulleten nashr qilinadi.

Bugunga kelib "Aziya-Plyus" (news.tj) mintaqadagi yetakchi axborot agentliklaridan biri sanaladi.

"Aziya-Plyus"ning veb sahifasi nafaqat Tojikiston, balki Markaziy Osiyoda ham o‘qilishi darajasi bo‘yicha eng oldingi o‘rinlarda turadi.

"Aziya-Plyus" bugun nafaqat axborot agentligi, balki shu nomdagi mustaqil gazeta, radiostantsiya va ishbilarmonlar uchun mo‘ljallangan jurnalga ham ega.

Media mutaxassislarga ko‘ra, "Aziya-Plyus" Tojikistonda eng mustaqil nashrlardan biri sanaladi.

Mamlakatdagi turli siyosiy-ijtimoiy muammolar yoritilishi jarayonida "Aziya-Plyus"ning internet nashriga bir necha bor to‘siq qo‘yildi.

Umed Boboxonovning hamkasblari uni Tojikistondagi o‘z fikri va so‘ziga ega bo‘lgan jasur jurnalist deb ta‘riflashadi.

U Tojikiston mustaqil ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi boshqaruvi a‘zosi.

Umed Boboxonov uylangan, uch nafar o‘g‘li bor.

Qator xalqaro va milliy mukofotlar sohibi.

Savollaringizni quyidagi maxsus forma orqali qoldirishingiz va yo uzbek@bbc.co.uk manziliga maktub bilan yo‘llashingiz mumkin.