Toshkentdan maktublar: Shukur Burhon

BBC O‘zbek xizmati "Toshkentdan maktublar" rukni ostida yangi loyihaga qo‘l urmoqda.

O‘zbekistonning yetakchi yozuvchisi Murod Muhammad Do‘st bu ruknning muallifidir.

Birinchi maktubda adib mashhur aktyor, Xalq artisti Shukur Burhon haqidagi esdaliklari bilan o‘rtoqlashadi.

Sadaf ko‘chasidan Qorasuvga tushishda, yo‘lning chap tarafida o‘tgan asrning ikkinchi yarmida Mirzacho‘lda yoppasiga qurilgan baraklarni eslatadigan pastak g‘ishtin imorat bor. Oxirgi yillarda qad ko‘targan ko‘rkam va baland ko‘shklar yonida o‘ta g‘arib ko‘rinadigan bu uyda bir zamonlar Shukur Burhon yashardi.

"Bu – maning mahallam", – deb maqtanardi rahmatli Shukur muallim o‘zining ma‘lum va mashhur ovozini baralla qo‘yib.

Sho‘rolar zamonida mahalla muhri bo‘lgan–bo‘lmaganini bilmayman, lekin shahar xaritasida Shukur Burhon yashaydigan mahallaning nedir rasmiy nomi bo‘lgani tayin. Lekin bu mahalla Toshkandi azimda rasmiy nomi bilan emas, balki unda Shukur Burhon yashashi bilan mashhur edi. Shu qadar mashhurki, mahalla ahli uyiga mehmon aytganida bu maskanga eltuvchi jamiki kattako‘cha, torko‘cha, jinko‘cha va, tabiiyki, pirovardda Sadaf ko‘chasini tilga olardi, shundayam tushuntira olmasa, eng oxirgi chorani qo‘llab, bo‘lajak mehmon ko‘zidan jug‘rofiy ko‘rlik pardasini sidirib tashlardi: "E, qanaqasiz o‘zi, Shukur Burhonning mahallasini bilarsiz, oka?.."

Xullas, Shukur muallimning butun bir mahallani "o‘zlashtirib" olganiga birov ajablanmasdi. Ustod ko‘nglida "egalik" hissi vaqti–vaqti bilan shu qadar ishtig‘ollanib ketardiki, ba‘zan birga ko‘cha aylanib yurganimizda atrofi panjara bilan o‘ralgan keng maydonda to‘p tepib yurgan yosh–yalangga zavq bilan qarab, "Ko‘rvossanmi, mana bu – maning stadionim", deya xitob qilardi.

Bu zamzamalar, o‘lay agar, unga yarashardi.

Shukur muallim bir kech televizorga chiqib, "Maning buyuk aktyor bo‘lib yetishganimda Mannon Uyg‘ur bilan Yatim Bobojonning katta hissasi bor", deya e‘tirof qilganini haligacha zavqlanib eslaymiz. Shu zavq asnosida Shukur Burhonning batamom haq ekanini yana bir bor tan olamiz. Ustodning andak nokamtarligi masalasiga kelsak, ha, nima bo‘pti... aytsa aytibdi–da... Umuman, Shukur Burhonday odam kamtar bo‘lishi shunchalik shartmi? Qolaversa, u maqtanmadi, qarzini uzdi, xolos. Ustozlarini ulug‘lash burchi edi, gapni ko‘paytirmay, o‘z shaxsini misol qilib keltirdi. Ya‘niki, uning ustozlari shu qadar ulug‘ ediki, katta boshlarini kichik qilib, uni, Shukurni, ko‘chada chang ko‘tarib yurgan to‘pori o‘spirinni tarbiya qildi va eng yuksak sahnalarga olib chiqdi.

Va yana bir gap. Umuman, maqtanchoqlik qilayotganini o‘zi bilmaydigan, bilish ham gapmi, mutlaqo sezmaydigan soddadil odamga nisbatan qattiqqo‘l bo‘lish shartmi?

Shukur Burhon yoshligida yolchitib o‘qimaganini bugun juda kam odam biladi. Rolini yodlash uchun avval eskicha zeru zabarda yirik–yirik qilib qalin daftarga ko‘chirib chiqardi. Uning imlosida sahifa jonivor nari borsa o‘nta so‘z bilan to‘lardi–qolardi. U hijjalab yodlagan va ijro etgan yuzlab rollar imlosi uchun necha yuz ming sahifa sarf bo‘lganini tasavvur qilishga yurak betlamaydi.

Shukur akani tanishimga rejissyor Botir Ahmadxo‘jayev sabab bo‘lgan. Endi Maskovdan qaytib, kinostudiyaga ishga kirgan edim. Afg‘onga pul topgani ketgan o‘ris er–xotinning bir xonali joyini ijaraga olganman. Da‘voyu iddao – bir dunyo, lekin cho‘ntakda hemiri yo‘q, saxtu sumbat och ichakka monand – bo‘y jonivor bir yuz sakson besh, vazn oltmish kiloga yetar–etmas, o‘zimga o‘xshash kindigi umurtqasiga yopishgan to‘rt–besh shoiru yozuvchi oshnalar bilan har kech arzon musallasga to‘yib, kechalari ko‘yma–ko‘y yurib, Toshkandi azimni zabt etishga kirishgan paytlarimiz edi.

Qisqasi, u zamon meni birov bilmasdi, lekin Botir Ahmadxo‘jayev xayolparast bir o‘spirin haqida "Aziz" degan kino olib, el orasida ancha mashhur bo‘lib ulgurgan edi. Bir kuni telefon qilib: "Starik, sobiraysya, Shukur nas jdet", deb qoldi.

Bordik. Shukur Burhon rostdan ham Botir akani tanirkan. Darchani o‘zi ochib qarshiladi, so‘ng dasturxon oldiga yog‘och panjara tutilgan ayvonga boshladi...

Shukur akaning hovlisida ayni kuchga kirgan ikki–uch tup gilos daraxti bo‘lardi. Turgan gapki, bu duch kelgan joyda o‘saveradigan xashaki gilos emas. Shukur Burhonning gilosi. Shukur Burhonning qaysidir akademik oshnasi "o‘zi payvandlab, o‘zi opkelib, o‘zi qazib, o‘zi o‘tqazib bergan" (izoh ham, tabiiyki, Shukur Burhonga tegishli). Shukur muallimning giloslari rostdan ham o‘ta serhosil edi, mevasi yirik–yirik va juda shirin edi. Faqat bir narsa – dunyodagi eng totli gilos Shukur Burhonning hovlisida o‘sayotganidan barcha toshkandlik surbet maynalar, chumchug‘u chug‘urchiqlar ham qaydandir xabar topgani, vaqti–vaqti bilan bulutday yopirilib kelib, daraxt shoxlarida bazm qurgani yomon edi.

– Bizzi uyda hammasi "sh"dan boshlanadi, – deb hazil qilardi rahmatli, – Shukur, Shakar, Sharik...

Shukur kimligi aniq. Shakar – Shukurning xotini. Sharik – Shukurning iti, yaxshi it, lekin zoti pastligini xaspo‘shlash uchun bemeyor g‘ayrat bilan hurgani yomon.

Shukur – ayvonda muxlislar bilan ovora. Shakar ichkarida – nedir o‘zining yumushi bilan band, tashqariga chiqmaydi hisob. Choy–poyni kimdir begona ayol tashiydi. Rosti, Shakar opa turli shogirdlaru muxlislarni unchalik xushlamaydi. Bir hisobda, u – haq. Ya‘niki, kimsan xalq artisti Shukur Burhonning bebaho vaqtini o‘g‘irlash insofdan emas.

Shukur – Shakarning aksi. Vaqt bilan ishi yo‘q. Xuddi dostonchi aytganiday: "dam bu damdir, o‘zga damni dam dema"... Kattayu kichik, yoshu qari – o‘zini yo‘qlab kelgan hamma odamga barobar e‘tibor ko‘rsatadi. Uning fe‘lini bilmagan odam avvaliga hurkib turadi. Ammo muddat o‘tib, shohona viqor ortidan bolafe‘l, sodda bir odam chiqib keladiki, hadik o‘rnini zavq egallay boshlaydi.

Qolgani – ma‘lum. Shukur Burhon o‘ziga teng qo‘yib so‘ylashgan chog‘da eng pachaq odamning ham qaddi tiklanadi. Shu sabab, ustod ziyoratiga kelganlar uzoq ushlanib qoladi, ketolmaydi.

Mening och–yupun yurishimni sezardi chog‘i, ba‘zida shahar chetidagi obod choyxonalarga olib borardi. Shukur aka ostona hatlasa bo‘ldi, kattayu kichik junbushga kirib dasturxon tuzardi. Shukur aka shunchaki nomiga tatinardi. So‘ng hali–hanuz ikki qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, odobi jigarni ezarli darajada tavoze ko‘rsatib turgan choyxona egasini oshiribroq maqtardi. So‘ng menga amr qilardi:

–Manga bo‘lmaydi, shakarim bor, o‘zing hammasini yeysan, yemasang bular xafa bo‘ladi.

Yemak vaqtida choyxona ahli– birov oshkora, birov sal tortinib, lekin birday izzat bilan, – Shukur Burhonni tomosha qilardi. Turli kalinshohu edipshohlarni o‘ynayverib mashqi oshgan emasmi, bunday lahzalarda Shukur aka yuzu ko‘zlariga shohona bir salobat berib, men faqirga bepisandroq ohangda gap qotardi:

–Ko‘rvossanmi, Shukur Burhonni hamma taniydi.

–E, Shukur aka, sizni tanimay meni tanisinmi!

–Bu gaping ham to‘g‘ri, lekin sanam chakkimassan, ana, mani yaxshi yozibsan–ku...

Shu joyda o‘zimni fosh etishga majburman. Ustozni yo‘qlab borishimizning asl sababi ham shu – Botir akaning qutqusi bilan Shukur Burhon haqida kinoga atab kichik bir matn yozganim edi. Matnki, Shukur aka bilan tanishganimdan keyin ancha boyidi, xususan, gilos daraxti tagida yotadigan Sharik ham alohida personaj sifatida kirdi.

...Sharik hovli burjidagi katakka zanjirband edi. Tepasida – serbarg, sersoya gilos daraxti. Gilos daraxtining teparoq ayrisidan pastga tushgan po‘lat sim uchiga eski paqir osilgan. Paqir ichida – besh–olti qayroqtosh. Simning ayridan nari qismi hovli sahni uzra havolanib borib, ayvon ustuniga bog‘langan. Ustun yonida – baquvvat kursi. Kursida – kelbatidan sher ham hurkadigan Shukur Burhon. Ovozini baralla qo‘yib, ko‘rgan–kechirganidan so‘zlaydi. Shu asnoda o‘g‘ri maynalar bir dunyo shovqin solib, giloslarga hujum qiladi. Shukur Burhon gapdan to‘xtamaydi, o‘ng qo‘lini ko‘tarib, ustunga bog‘langan simni pastga tortib, ikki–uch silkiydi, so‘ng tag‘in qo‘yib yuboradi. Sim tortilganda gilos ayrisiga osilgan paqir teparoqqa ko‘tariladi. Bexos silkingan chog‘i ichidagi toshlar taraqlab ketadi. Maynalar hurkib uchadi. It norozi bo‘lib vovillaydi. O‘zi kichkina bo‘lgani bilan, ovozi baland. Shu sabab, Shukur Burhon uni insofga chaqirishga majbur bo‘ladi:

–Tixo, Sharik!

Shu joyida men o‘zimni kulgidan tutolmayman, sekin gap qistiraman:

–Itingiz o‘zbekcha bilmaydimi, Shukur aka?

–Qiziqmisan, Sharik bo‘lgandan keyin... u bilan yana qaysi tilda gaplashasan? Ana, o‘zing dublyaj qibber bo‘masa!..

Shukur Burhon shu joyda jim qoladi. Jamiki salobati qaygadir yo‘qoladi, qiyiq ko‘zlari suzilib, quv bolaga aylanadi–qo‘yadi. So‘ng qiyiq ko‘zlar kattaroq ochiladi, menga teparoqdan qirg‘iyqarash qiladi. Yo‘q, xayriyatki, portlay deb turgan qahqaha bo‘g‘izda qoladi, qirg‘iy, itolg‘u, sorlochinu burgut rosmana hamla qilishga ulgurmaydi, surbet maynalar gilos shoxlariga qaytib keladi ­– yana sim tortiladi, yana paqir silkinadi, tosh taraqlaydi, maynalar hurkib uchadi, ko‘ppak vovilaydi...

Oxir–adog‘i yo‘q ko‘rimli manzara ediki, haligacha eslab huzur qilaman.

Yozgan matnim yaxshi edi, deb aytolmayman. Shukur muallimga yoqqani bekor, uning fe‘li ma‘lum, o‘zi haqida bo‘lsa bas, hamma narsa barobar yoqardi. Katta bir alьbo‘m tutib, zamona shoirlari bitib nisor etgan son–sanoqsiz qasidalarni yig‘ib yurardi. Bir–ikki she‘riy madhiyani menga qiroat bilan o‘qib bergan, yoqmaganini sezib astoydil xafa ham bo‘lgan. Noiloj qolib yupatganmanki, endi, siz, Shukur aka, yanada yaxshiroq she‘rlarga munosibsiz, ana, Xurshid Davron degan yosh shoir bor, siz haqingizda zo‘r she‘rni o‘sha yozgan.

–Oshnang bo‘lsa kerak–da, shunga maqtavossan, – degan Shukur Burhon shubha bilan.

–Oshnalikka oshnam, lekin she‘ri judayam zo‘r, Shukur aka.

–She‘ri zo‘r bo‘lsa, naga manga opkemaydi? – degan Shukur Burhon battar norozi bo‘lib.

Ming mashaqqat bilan yozilgan filьm matniga qaytadigan bo‘lsak, u matn ekanicha qolib ketdi. Rejissyor Botir Ahmadxo‘jayev ishlaydigan telefilьmlar studiya ostonasiga bir necha bosh urib ko‘rdik, lekin direktorni ko‘ndirish qiyin bo‘ldi. To‘g‘ri, u ochiq rad qilmadi, aksincha – matnni maqtadi, lekin... tepaning roziligisiz... Direktor barmoq nuqigan yuksak ma‘voda ministrning birinchi muovini, televizionning kattasi, badiiy so‘z ustasi Ubay Burhon o‘tirardi. Tabiiyki, u bizni qabul qilmadi.

Nochor qolib, Botir aka ikkimiz yana Shukur muallimning huzuriga bordik. Lekin Shukur aka vositachilik qilishga ko‘nmadi.

–Ubaying kim bo‘pti? – dedi norozi bo‘lib. – Ubaying kim bo‘ptiki, man unga yalinib borsam?!.

Biz chekinmadik. Bugungi tilda aytganda, ustozni shunday "o‘radik"ki, rozilik berganini o‘zi bilmay qoldi.

Shukur Burhon do‘rillab kirib borishi bilan Ubay Burhonning ahli arzga to‘la qabulxonasi bo‘shadi–qoldi. Kotiba ayol shoshqaloq hudaychi kabi o‘zini ichkariga – rahbarning kabinetiga urdi. Zum etmay ministrning birinchi muovini Ubay Burhonning o‘zi peshvoz chiqib, bizni ichkariga taklif qildi. Botir aka, o‘zida yo‘q xursand, zimdan menga ko‘z qisadi: bo‘ldi, ishimiz bitdi hisob.

To‘rtta piyola bilan choynakda choy keldi. Ubay Burhon katta boshini kichik qilib o‘zi choy quyib uzatdi. Tug‘ishgani emasmi, Shukur akasining, Shakar kennoyisining... hatto u yog‘i Sharikning kayfiyatiga qadar batafil surishtirdi. Shukur Burhon negadir mehribon ukaning savollarini e‘tiborsiz qoldirdi. Kursida viqor bilan yastanib o‘tirgancha televizionning bugungi ahvolidan norozi ekanini bildirdi:

–Man tushunmayman, Ubay, sanlar maza–bemaza hamma narsani chiqarvossanlar... Sanlarni tergab turadigan odam bormi o‘zi?

Shu joyda quruq bayon uslubiga o‘tamiz... Xullas, uka bo‘lmish akaning gapini hazilga yo‘yib, ahvolni yumshatishga urindi, ya‘niki, ish bor joyda xato ham bo‘ladi. Lekin aka bari bir pastga tushmadi, televizionda ishni emas, nuqul xatoni ko‘rayotganini ta‘kidladi. Uka xatolar uchun uzr so‘radi, tezda tugatishga va‘da berdi. Aka o‘z navbatida...

Bu g‘aroyib sahna qancha davom etganini bugun aniq eslay olmayman. Bugunga qadar unga nom topishga urinaman, lekin topgan ta‘rifimning eng o‘zbekchasi absurd bo‘lib qolaveradi.

Birov ishonishi qiyin, lekin men yozgan matn, Botir aka suratga olmoqchi bo‘lgan kino haqida bir so‘z ham aytilmadi.

Ubay Burhon akasini pastgacha kuzatdi. Ko‘chaga ham birga chiqqan bo‘lardi, lekin Shukur Burhon eshik oldida bepisand qo‘l uzatib qo‘yaqoldi: "Bo‘pti, san ishingdan qolma..."

Ubay Burhon siniq iljayib ortiga qaytdi. Shukur Burhon, o‘zidan mamnun, Botir aka ikkimizga mag‘rur nazar tashladi:

–Bu amaldoring bilan qalay gaplashdim?..

Biz indamadik. Suvga tushgan mushukday shumshayib turganimizni ko‘rib, ishni buzib qo‘yganini anglaganday bo‘ldi.

–Nima, kino bitta Ubayning qo‘lidami? – dedi o‘zini oqlaganday bo‘lib. – Ana, katta kinoning egasi Abdulahad bor, Malik bor...

Tabiiyki, o‘sha zamondagi kino ministri Abdulahad Abdullayevga ham, kinochilar uyushmasining raisi Malik Qayumovga ham yalinib bormadi. Biz ham ortiq qistalang qilib o‘tirmadik.

Orqavarotdan, Shukur Burhon palon shogirdiga ijroqo‘mdan uy gaplashib beribdi, pismadon shogirdiga matlubotdan moshina gaplashib beribdi, degan uzunquloq ovozalar quloqqa chalinib qolardi. Lekin u xolisona yordam bergan odamlar bor–yo‘g‘i palon va pismadon edi. Shukur Burhon esa – Shukur Burhon. Chalasavod, to‘pori, nozikta‘b, boladay sodda, dallolday quv, buyukligidan masrur va... o‘ta mag‘rur Shukur Burhon.

Esda qolgan yana bir narsaki, shoirlardan marhum Shayxzodani ko‘p eslardi. Yashin domla, Nazir Safarov, Malik Qayumov... bularni ko‘proq tengqur ko‘rib gapirardi. Izzat ko‘rgan chog‘i, Sharof Rashidovni behad hurmat qilardi. O‘ziga tengdosh aktyorlarni tilga olmasdi hisob. Oshkora yomon ko‘rgani Nabi Rahimov edi. Aytishlaricha, qaysidir ustoz rejissyor teatrdan ketgan kuni Nabi Rahimov uning suratini devordan yulib, oyoqlari ostiga tashlab rosa tepgan ekan.

–Man – Ulug‘bek sulton, hammadan xiyonat topib saltanatim Samarqanddan chiqib ketvopman, – deya hikoya qilardi Shukur aka. – Bilsang, kinoning shunaqa joyi bor. Bobo Kayfiy degani otimning uzangisiga yopishvolib, man bilan vido qiladi... Vido qiladigan kim, bilasanmi? Nabi! Ulug‘bek sulton – man, Bobo Kayfiy – Nabi. Pastga qarasam, tirjaygancha jilovga yopishib turibdi. Yo‘–o‘g‘, chidolmadim, maning Vatandan badarg‘a bo‘lganim – buning bayrami–ku, dedim, buningni yo‘qot, deb aytdim, umuman ko‘zimga ko‘rinmasin!!.

Tolstoyning "Tirik murda" asarida bosh rolni o‘ynagan yana bir aktyorni ham jini suymasdi.

–Turgan–bitgani qalbaki! Protasov emish! – derdi Shukur aka fig‘oni chiqib. – Uning nimasi Protasov? Oshga to‘yib choyxonadan chiqqan mechkayning o‘zi–ku? Dard qani, isyon qani?! Tolstoy ahmaq bo‘lmagandir, Protasovning turgan–bitgani protest emasmi?

Shu joyda Shukur Burhon bizga sinovchan bir qarab olardi, so‘ng boshmoldog‘ini labiga surtib, oppoq dasturxonga burabroq bosardi:

–Bilsang, bularing Yalangto‘shning bitta imzosiga ham arzimaydi!

Bugungi yosh avlod Yusuf Yalangto‘sh kimligini bilmaydi. Bugun – sho‘rolar davrida suratga olingan filьmlarning ko‘pi yasoq. Na faqat chalabolshavoy Yalangto‘sh, balki Shukur Burhon o‘ynagan Mirzo Ulug‘bek ham qayta ko‘rsatilmaydi. Ko‘rsatilsa ziyon qilmasdi. Juda bo‘lmaganda, kino namoyishi oldidan yangi zamon mafkurasi vakili chiqib, ey ilg‘or vatandoshlar, bu kinolar eski zamonda suratga olingan, tabiiyki, eski mafkuraga xizmat qilgan, lekin biz – yangi zamon odamlari, andak kenglik qilib, eski kinolarda olg‘a surilmish zararli g‘oyalarga chalg‘imasdan, bugun bayroq etib ko‘tarilmish buyuk kelajakka va odil hukumatimiz misli ko‘rilmagan jasorat bilan qo‘llab kelayotgan rangbarang va behisob islohlarga sodiq qolgan holda, o‘tmishda yashagan buyuk aktyorlarimizning o‘yin mahoratini tomosha qilaylik, deb aytsa olam guliston edi.

Mumtoz kinomiz durdonasi hisoblanmish "Tohir va Zuhra" kinosi ahyon–ahyonda ekranda ko‘rinib qoladi. Ochig‘i, bu kino menga yoqmaydi. Zuhraning chiroyiga chidasa bo‘ladi, lekin Tohir degani ham shu qadar silliq, shu qadar xotinchalishki, ular ko‘ringan sahnalarda televizorni o‘chirib qo‘yging keladi. Bu kinoda uchta tirik odam bor, biri – Asad Ismat o‘ynagan zolim poshsho, ikkinchisi – Obid Jalil o‘ynagan vazir, yana biri – Qorabotir. Shukur Burhon o‘ynagan battol Qorabotir.

Bugun Shukur Burhonning Edipshohi ham yasoq. Albatta, Sofoklning manfur sho‘rolar tuzumiga aloqasi yo‘q, lekin, bari bir, murg‘ak avlod vakillari uning mashhur qahramoni – manglayiga tuqqan onasi xotin etib yozilmish poshshoning mustaqil millatimiz tabiatiga mutlaqo yot taqdiridan xabar topmagani ma‘qul ko‘rinadi.

To‘g‘ri, bugun nafaqat Edipshoh, Otello ham ko‘rsatilmaydi. Lekin bunga rashkchi Otello bilan begunoh Dezdemona emas, balki ularni o‘ynagan Abror Hidoyatov bilan Sora Eshonto‘rayeva aybdor. Aniqrog‘i – ularning sarkashroq nevaralari tufayli ikki buyuk aktyorni mehrimizdan mosuvo qilganmiz.

Albatta, bu zamzamalar oshiqcha ekanini o‘zim ham sezaman. Buyuk Nikolay Gogol bilib aytganidek, "Birinchidan, Vatan uchun mutlaqo foydasi yo‘q, ikkinchidan... ikkinchidan ham hech qanday foydasi yo‘q".

Darvoqe, Shukur Burhon Otelloni yoddan bilardi. Umr bo‘yi Otelloni o‘ynashni orzu qilgan, lekin o‘ynamagan. Ustozi Abror Hidoyatovning yuzidan o‘tolmagan. Sadoqatli shogirdi Erkin Komilning guvohlik berishicha, Shukur aka keyinroq, Abror Hidoyatovning qazosidan ancha keyin, Otelloni jiddiy mashq qilib ko‘rgan, ammo, bari bir, jur‘ati yetmagan. "Abror akadan o‘tkazib o‘ynash qiyin", deya tan olgan ekan rahmatli.