Sahar Gul: "Meni xor qilganlarning xor bo‘lishini istayman"

Image caption Sahar Gul mahkamadan faqat bir narsani - o‘zini qiynoqqa solgan insonlarni risoladagidek jazolashini istashini aytadi

12 yoshida turmushga uzatilgan afg‘on qizi o‘zini yerto‘lada saqlab, tirnog‘u sochlarini ildizi bilan sug‘urib olgan qaynota, qaynona va qayn opasining bor-yo‘g‘i bir yilning ichida ozodlikka chiqarilishidan norozi.

Sahar Gulning kechmishi o‘tgan yili butun dunyoni larzaga solgan va Afg‘onistonning o‘zida ham kishilarning qahru g‘azablariga sabab bo‘lgandi.

Yosh boshi bilan o‘zidan ancha katta kishiga erga tegishga majbur bo‘lgan Sahar Gul eri va uning yaqinlari tomonidan shafqatsiz qiynoqqa solinadi.

Ular Sahar Gulni yerto‘lada och-nahor saqlashadi, tirnoq va sochlarini sug‘urib olishdan tashqari, badanini sigaret cho‘g‘i bilan kuydirishadi.

O‘tgan yili afg‘on politsiyasi o‘lishiga bir bahya qolgan Sahar Gulni qutqarib olishga muvaffaq bo‘ladi.

Men Sahar Gul bilan ana shu hodisalardan 18 oy o‘tib uchrashdim. Hozir 15 yoshda bo‘lgan yosh kelinchakning bunchalik tezlikda sog‘ayib ketgani, to‘g‘risi, o‘zimni ham hayron qoldirdi, deydi muxbirimiz Sanjoy Majumder.

Oliy mahkama hukmi

Image caption Afg‘oniston Oliy mahkamasi o‘z hukmini o‘tgan hafta e‘lon qilgandi

Afg‘oniston Oliy mahkamasi o‘tgan hafta Sahar Gulning qasddan odam o‘ldirishda ayblanib, 10 yillik qamoq jazosi berilishi kutilgan qaynota, qaynona va qayn opasini ozodlikka chiqarishga qaror qildi.

Sahar Gulning kechmishi ayon bo‘lgach, qochib ketgan eri ham keyinchalik topilgan esa-da, shu paytgacha mahkamaga tortilgani yo‘q.

Qo‘lidagi dastro‘molini buragancha, Sahar Gul menga juda qo‘rqayotganini aytadi.

"Men mahkamaning hukmini eshitib, juda xafa bo‘ldim. Chunki ular qamoqdan chiqsak, seni o‘ldiraman deyishgandi".

"Endi, aytganlarini qilib, izimdan tushishadi deb xavotirdaman".

Hammasi birpul bo‘ldimi?

Sahar Gulning amerikalik himoyachisi Kimberley Motley mahkama hukmidan og‘zi ochilib qolgani va hatto, bundan o‘zining ogoh etilmaganini aytadi.

"Sahar Gul bir bola bo‘lsa. Hech kim bu kabi kuyga tushmasligi kerak".

"Javobgarlarning qo‘yib yuborilishlariga hech bir asos yo‘q. Biz mahkama hukmi yuzasidan shikoyat arizasi bilan chiqamiz", deydi Sahar Gulning himoyachisi.

Hatto, Afg‘oniston Prezidenti Homid Karzay ham bu ishdan xavotirda ekani va bu xususda Sahar Gul haqida qayg‘urib kelayotgan xotin-qizlar huquqlarini himoya etish guruhi bilan bog‘langanini aytdi.

"Ular ham mendek azob chekishsin"

Image caption Sahar Gulning kechmishi o‘tgan yili butun dunyoni larzaga solgan va Afg‘onistonning o‘zida ham kishilarning qahru g‘azablariga sabab bo‘lgandi

Sahar Gul bilan suhbatimiz davom etarkan, u mahkamadan faqat bir narsa - o‘zini qiynoqqa solgan insonlarni qamoqqa qaytarib, jazolashini istashini aytdi.

"Ular meni xoru zor etishdi. Shu sababdan, men ham ularning o‘zimdek azob chekishlarini istayman", deydi Sahar Gul.

O‘zining boshiga tushgan dahshatli ko‘rguliklardan yana hayotga qaytishi oson kechmagan Sahar Gul hozir yengib o‘tishi kerak bo‘lgan yana bir mushkulot qarshisida.

Boshqa tomondan, Afg‘onistonda Tolibonga o‘xshash o‘ta an‘anador guruhlarning ta‘sirlari kuchaya boshlarkan, Sahar Gul va qolgan afg‘on ayollarining taqdirlaridan xavotirlar ham kuchayib bormoqda.