"Bachadon naychasi majburan bog‘lab qo‘yilgani 13 yildan buyon azoblamoqda"

Image copyright BBC World Service
Image caption Sterilizatsiya maqsadida O‘zbekistonda ko‘plab ayollar va ularning erlariga bosimlar o‘tkazilgan.

BBC O‘zbekistonda tug‘ish yoshida bo‘lgan ayollar majburan bichilayotgani haqidagi yangi guvohlikni ko‘lga kiritgan.

Mazkur tafsilotlar majburiy sterilizatsiya harakatlari O‘zbekistonda 1990-yillarning oxirlarida boshlanganidan dalolat beradi.

Yoshi qirqdan oshgan Muslima 13 yil oldin uning bachadon naychalarini O‘zbekiston shifoxonalaridan birida bog‘lab qo‘yishganidan shu kunga qadar azob chekmoqda. Biroq u o‘z sog‘ligini tiklash umididan voz kechmagan.

To‘qsoninchi yillar oxirlarida uchinchi farzandiga ko‘zi yoriganidan keyin Toshkent viloyatidagi shifokorlar Muslimaga bosim o‘tkazishni boshlaganlar.Shifokorlarlarning kontratseptiv moslamani qo‘ydirish harakatlariga ko‘nmagan Muslima bir necha yildan so‘ng yana homilador bo‘ladi.

Uch oylik homilasi bilan tibbiy tekshiruvdan o‘tayotganida qornidagi bolasi yaxshi rivojlanmayotganini aytgan mutaxassislar homila uning o‘zining hayotini xavf ostida qoldirayotganidan ogohlantirishgan. Ehtimol shifokorlar ayolning sog‘ligini o‘ylab, bolani abort qilishni tavsiya etishgandir, buni Muslimaning o‘zi ham qisman tan oladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bundan oldingi homiladorlikni og‘ir ko‘targan.

UZI (ultratovush tekshiruv)dan so‘ng, homila qiz bola ekanini bilgan shifokorlar uning turmush o‘rtog‘iga "shuncha qizlaringiz bor, bolani oldirib tashlang" deya bosim o‘tkaza boshlashdi. "Aks holda ayolingiz o‘lishi mumkin", deb qo‘rqitishgan. Turmush o‘rtog‘i shifokorlarga ishonib, ayoliga abort qildirgin, deb bir necha bor aytgan.

"Men ishonmaganman, chunki sog‘ligimni bilaman, qanday ko‘tarayotganimni ham bilaman, chunki oldingilarda ham shundoq qiynalardim, ovqat yeya olmasdim, qusardim, xolos. Shuncha bolalaringiz bor ekan, sizga bundan oldin ham tug‘ish mumkin emasligi aytilgan edi-ku, deyishdi. Uchinchi bolamni tuqqanimdan keyin menda boshqa bola bo‘lmaydi, deb aytishgan. Lekin Ollohning qudrati bilan bola bo‘ldi".

Muslima shifokorlardan aynan nima sababdan o‘ziga tug‘ish mumkin emasligini so‘ramaganidan afsuslanadi. Shifokorlar ham unga hech narsa aytishmagan. Ayol homiladorligini ruhan ezilgan holatda o‘tkazgan.

"Baribir o‘ylaysiz, doktorlar aytgan so‘zlarni, agar sroki yetmasa, o‘lib qolsam, nima bo‘ladi deya. Lekin men nimadan qo‘rqdim? Avvalambor, Ollohdan qo‘rqdim, bolani oldirib tashlash musulmonchilikda yaxshi narsa deb xisoblanmaydi".

Bir oy o‘tib, ayolingizning muddati katta bo‘lib ketayapti, deb turmush urtog‘iga abort qildirish borasida bosim kuchayib borgan. Biroq Muslima bolamga hech qanday ta‘sir qiladigan kasalligim yo‘q deb qattiq turib olgan. U soppa-sog‘, o‘zbek ayollari orasida keng tarqalgan anemiya asoratlarisiz o‘zini his qilgan. Lekin qo‘rquv uni tark etmagan.

"Qo‘rqqanman, to‘qqiz oyga kelyapti, endi nima bo‘ladi deb, siqilib yurganman. Ikkiqatlarga siqilib yurish mumkin emas, shifokorlarning gapiga rosa siqilganman. To‘qqiz oy bo‘lmasdan odam qanday o‘lishi mumkin? Qaysi shifokorga borishni bilmay qolasiz".

An‘anaviy oilada tarbiya olgan ayol "bola oldirish katta gunoh" deb kichkinaligidan aytib kelishgani qulog‘ida qolganini aytadi. Tug‘ish muddati kelganida, Muslimani tez yordam mashinasi tug‘ruqxonaga yetqazib boradi. U yerda uni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazgan shifokorlar boshida "tushga borib tug‘asiz" deb aytishadi. Biroq UZIga olib borganlaridan keyin, uni noma‘lum sabab tufayli uyga qaytarishga qaror qilishadi, "ikki haftadan keyin kelasiz" deya qo‘liga hujjat topshirishadi. Lekin zinada uning dardi tutib qoladi.

"Zinada turibmiz, ikkinchi yoki uchinchi etajda, erim endi olib ketmoqda edi, shundoq og‘riq boshlandiki, bola chiqib ketay degan ma‘noda. Shunda erimga qarab, uzr, uzr boshlanayapti, deb baqirganman."Chiqing, chiqing", deb ular meni yonidagi tug‘ruqxonaga olib kirishgan...Kreslosiga qanday qilib chiqqanimni eslolmayman, lekin chiqishim bilan shu paytda bola tug‘ildi".

Ko‘zi yorishi bilan shifokor bilan hamshiralar Muslimani bachadon naychalarini bog‘lab qo‘yishga ko‘ndirishga urinadilar. Ular Muslimaning onasi va turmush urtog‘ini Muslima boshqa tug‘masligi kerak, deb qo‘rqitadi. Lekin uning o‘zi rozi bo‘lmagan. Biroq qattiq turib olmagan ham. U o‘zini juda kuchsiz his qilib, ruhan va jismonan ezilib yotganida, shifokorlar bichish amaliyotini o‘tkazganlar. O‘sha paytda yoshi salgina o‘ttizdan oshgandi. Sog‘liqning nozik masalasiga kelganda, Muslima o‘z onalariyu-buvilaridan qondan vaqtli qolish mumkin emas, deb eshitganini aytadi. "Hayz har oyda keladimi" deb so‘raganida, tibbiyot hodimlari "ha, albatta uch oydan keyin har oyda bo‘ladi", deb ishontirib qo‘yishgan. Biroq uch oy uch yilga aylanib o‘shandan beri Muslima hayz ko‘rmagan.

"Qanday rozi bo‘lganman deb afsuslanaman. Sog‘lig‘ingiz ham bunga bog‘liq. Biz ularning gapiga ko‘p ishonib, xatoga yo‘l qo‘yganmiz".

Bichish amaliyotidan vaqt o‘tib, turmush o‘rtog‘i ishlagan Rossiyaga boradi. U yerda Muslima qaytadan bachadon naychalarini ochdirishga urinadi. Biroq, rossiyalik shifokorlar bizga juda kech murojaat qildingiz, deb aytishgan.

U hozir ham davolanishini to‘xtatmagan.

Vatanidan olayotgan xabarlardan ayollar hanuzgacha bichish amaliyotlariga duch kelayotganlarini eshitib turibdi. Uyma-uy yurgan shifokorlar yosh kelinchaklarga tabletka dori tarqatib yurishganlarini eshitgan. Ular go‘yoki uchta boladan keyin tug‘ish mumkin emas, deya mahalla ahli orasida tushuntirish ishlarini olib bormoqdalar. Ba‘zi ayollar bachadoniga spiral qo‘ydirilganidan ham bexabar. Ularning erlari ham davlatning bunday aralashishidan g‘azabdalar. "Bu odamlarning shaxsiy ishi. Biz sodda bo‘lib, shifokorlarga ishonamiz", deydi Muslima.

U o‘z tajribasidan kelib chiqib, ayollar soddalik qilmasdan, o‘z bilimlarini oshirib, o‘z ustilarida ishlashlari kerak, deydi. "Menga o‘xshab xafa qilib qo‘yishmasin", deydi Muslima.

O‘zbek rasmiylari mamlakatda xotin-qizlarni o‘z ixtiyorlariga qarshi sterilizatsiya qilish maxfiy dasturi mavjudligini rad etadilar.

O‘zbek amaldorlariga ko‘ra, ayollarining majburan bichilayotgani haqidagi vaqti-vaqti bilan paydo bo‘layotgan xabarlar "o‘z isbotini topmagan".