Dodojon Atoullo: "Ushlanishimga Rossiya hukumatining aloqasi yo‘q"

Image copyright BBC World Service
Image caption Dodojon Atoullo Tojikiston hukumatining ashaddiy tanqidchisi hisoblanadi

Tojikistonlik taniqli jurnalist va muxolifatdagi "Vatandor" harakatining rahbari Dodojon Atoulloh uning kecha Moskvaning Sheremetevo aeroportida qo‘lga olinishiga Rossiya hukumatining aloqasi yo‘qligini aytdi.

Bu haqda Dodojon Atoullo BBC bilan suhbati chog‘ida ma‘lum qildi.

Janob Atoullo Chexiya poytaxti Pragadan Moskvaga kelgan payti Sheremetevo aeroportida rus chegarachilari tomonidan bir necha soat davomida ushlab turilib, yana ortga qaytarilgan.

Muxolifat faoli Moskvada qo‘lga olinishi tafsilotini so‘zlab berdi.

Dodojon Atoullo: Kecha ertalab Pragadan Moskvaga parvoz qildim. Moskvaga borsam tojik maxsus xizmatlari va ularning rus hamkasblari tomonidan hibsga olinishim mumkinligi haqida oldinroq ogohlantirishgan esa-da, men, tavakkal qilib, Sheremetevo-2 aeroportiga qo‘ndim. Ertalabki soat 11:15 da men aeroportda edim. Uchoqdan chiqayotgan paytimda fuqaroviy libosdagi ikki noma‘lum shaxsning meni kuzatib turishganini sezganday bo‘ldim. Ular men tomon tikilib turishardi. E‘tibor bermadim. Hoynahoy birini kutib turishgan bo‘lsalar kerak, deb o‘yladim. Ular mening ortimdan kelishdi va chegaradan o‘tmoqchi bo‘lib turganimda ulardan bir yonimga kelib qaysi kabinaga borishim kerakligini ko‘rsatdi. Men u ko‘rsatgan joydan o‘tmoqchi bo‘lganimda, navbatchi chegarachi to‘xtatdi. U mening pasportimni olib, "sizga savollarimiz bor", - dedi. Men sababini so‘raganimda, "kichik bir tekshiruv bo‘ladi va so‘ngra sizni qo‘yib yuboramiz", - dedi. Oradan 10-15 minut o‘tar o‘tmas mening yuklarimni olib kelishdi. O‘shanda ozgina xavotirga tushdim va ko‘nglimdan "endi qo‘lga tushding", - degan fikr o‘tdi. Oradan bir vaqt o‘tib, bir necha odam yonimga keldi va qandaydir ahmaqona savollarni bera boshlashdi. Men ularning kimligini so‘raganimda, ular: "biz kichkina odamlarmiz, bizga hech narsa bog‘liq emas, sizning taqdiringizni boshqalar hal qilishadi", - deb javob qaytarishdi.

BBC: Sizdan nimalarni so‘rashdi?

Dodojon Atoullo: Ular men bilan suhbatlashib vaqtni cho‘zishardi, deb o‘ylayman. Kimnidir yoki qandaydir buyruqni kutishardi. Ammo orada men Rossiya prezidenti ma‘muriyatidagi bir yuqori mulozimga telefon qilishga ulgurdim. Men bu tanishimga "xavotirlanayapman, qandaydir yomon hodisa yuz berishi mumkin", - deb aytdim. Keyin meni pasport rejimini buzgan shaxslar saqlanuvchi joyga olib borishdi. U yerda afrikalik va arab davlatlaridan bo‘lgan bir necha kishi bor edi. Xona juda iflos edi. Badbo‘y edi. Men e‘tiroz bildira boshladim. Ular menga: "Chidang, bu yer sizga oromgoh emas", - deb javob qaytarishdi. Oradan ikki soat o‘tgach, ularning munosabati menga o‘zgara boshladi. Sigaret va qahva taklif qilishdi. Men ularning iliq munosabatidan tushundimki, men telefon qilgan odam, harakatga tushgan. Bir muddat o‘tgach, o‘sha tanishim menga telefon qildi va mendan bo‘lg‘usi rejalarim haqida so‘radi. Men Moskvada qiladigan ishlarim borligini aytdim. Ammmo u Moskva men uchun xavfsiz emasli va ortga qaytganim ma‘qulligini aytdi. Men uning bu taklifiga rozi bo‘ldim va Pragadan kelgan uchog‘imda yana chipta sotib olib, ortga qaytdim.

BBC: Rossiyaga borishingiz uchun barcha hujjatlaringiz taxtmidi?

Dodojon Atoullo: Ba‘zilarga ko‘ra, mening hujjatlarimda muammo bo‘lgan. Men shuni ayta olamanki, men qonunga itoat etadigan fuqaroman. Hayotimning har bir kuni, har bir qadamim turli maxsus xizmatlar nazorati ostida bo‘lganini yaxshi bilganim uchun doimo qonunga bekamu ko‘st rioya qilib yuraman.

BBC: Tojikistonda ko‘p yillardan buyon yashamaysiz. Tojikiston fuqaroligini saqlab qolganmisiz?

Dodojon Atoullo: Yo‘q, menda Tojikiston pasporti anchadan buyon yo‘q. Prezident Rahmon menga tojik pasportini bermaslik haqida buyruq bergan. Men Olmoniyada siyosiy boshpana olganman. Olmoniya hukumati bergan "hujjat" bilan dunyo bo‘ylab sayohat qilishim mumkin. Bu hujjatimda bir yillik Rossiya vizasi urilgan. Hozirga qadar bu hujjat bilan hech qanday muammolarsiz Rossiyaga kelib-ketib yurgandim. Kecha, mening bilishimcha, katta bir fitna tayyorlanayotgan bo‘lgan. Yo aeroportdan tashqariga chiqqanimda tojik maxsus xizmatlari ushlab ketishardi yoki aeroportning o‘zida ushlab ketishlari mumkin edi. Nazarimda, Rossiya hukumatida kimdir katta pulga meni Tojikiston maxsus xizmatlari qo‘liga berib yubormoqchi bo‘lgan. Ammo, mening Moskvada ushlanishimga Rossiya hukumatining aloqasi yo‘q.

--------------------------------------------------------------------------------

57 yoshli Dodojon Atoullo muxolifatdagi "Vatandor" ijtimoiy-siyosiy harakatining rahbaridir.

U 1991 yilda Tojikistonda ilk mustaqil va eng ommabop gazeta - "Charog‘i ro‘z"ni ta‘sis etgan.

Dodojon Atoullo Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmonga qarshi keskin tanqidiy chiqishlari va maqolalari bilan tanilgan.

Arab inqiloblari ortidan janob Atoulloyev Tojikistonda "binafsha inqilobi" yuz berishi va Imomali Rahmonni barcha diktatorlar qismati kutayotganini aytib chiqqan.

Yaqinda u Prezident Rahmonning o‘g‘li Rustami Rahmonning nikoh to‘yi videosini o‘zining sharhlari bilan Internetda e‘lon qildi.

Bu video qisqa vaqt ichida YouTube portalida ko‘p tomosha qilinadigan videolardan biriga aylandi.

2012 yil yanvarida Moskvada Dodojon Atoullo pichoqlab ketilgan, og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan edi.

O‘ziga qilingan hujum uchun u Tojikiston hukumatini ayblagan.