UzWebiston: "Merosxo‘r" operatsiyasi yo‘q yoki u haqda kam narsa ma‘lum

"Merosxo‘r" operatsiyasi

Vedomosti.ru web-sayti yozishicha, O‘zbekistondagi rejim barqarorligining ichki tahdidlari reytingida birinchi o‘rinni hokimiyat almashuvi egallaydi.

Yevgeniy Minchenko yetakchiligidagi Siyosiy Ekspretizalar Xalqaro institutining "O‘zbekistonning sarmoya salohiyati" deb nomlangan hisoboti ana shunday xulosaga kelgan.

Hisobot 40 dan ortiq xorijiy ekspert bilan intervьyular asosida tayyorlangan.

Prezident Karimov 75 yoshda va keyingi bir necha yilda mamlakatni kim boshqaradi, degan savol tashqi va ichki o‘yinchilarning asosiy fitnasi bo‘lib turipti, deyiladi hisobotda.

"Biroq hozircha "Merosxo‘r" operatsiyasi mavjud emas yoki u haqda ko‘p narsa ma‘lum emas", deyiladi hisobotda.

Shu paytgacha jamoatchilikka yetib borayotgan mujdalar qudratni Karimovning ichki doirasidan kimdir yoki uning qizi Gulnora qo‘lga olishi mumkinligidan ishoralar bermoqda. Hisobot mualliflariga ko‘ra, merosxo‘rni tanlashda asosiy o‘yinchilar prezident va uning oilasi, kuchishlatar tizimlar va mintaqalar rahbarlari bo‘ladilar. Minchenko ekspertlari siyosiy voris bo‘lishi ehtimoli eng ko‘p nomzodlar sifatida Bosh vazir Shavkat Mirziyoyev va Bosh vazir o‘rinbosari Rustam Azimovni ataganlar.

Ekspertlar O‘zbekistonda hokimiyatni otadan farzandga meros qilib qoldirish, ya‘ni Prezident Karimov o‘rnini qizi Gulnora Karimova egallashini amalga oshirish qiyin ish deb biladilar, biroq Karimova siyosiy vorisni tanlashda salmoqli ta‘sir ko‘rsatishi mumkin.

Hisobot mualliflari Shavkat Mirziyoyev va Rustam Azimov shaxsiyatlariga to‘xtaladilar.

"Biroq ikki nomzoddan qay biri tanlangan taqdirda ham bu inson nafaqat o‘zini ilgari surgan klan, balki O‘zbekistondagi barcha klanlarning roziligini qo‘lga kiritishi lozim bo‘ladi, bu esa oson ish emas", deyiladi hisobotda.

"O‘zbekistondek yopiq tuzumda hokimiyat uchun kurashni ko‘rish juda mushkul. Kimdir hammaning ko‘ziga tashlanadigan qadam qo‘yib, o‘z manfaatlarini ko‘rsatishi bilanoq uni prezident ishtirokchilar safidan chiqarib tashlaydi. Karimovning vorisini uning o‘zi juda yaxshi bilishi kerak. Aftidan, u Karimovning yaqin doirasidan tanlanadi. Rossiyaga ma‘lum bo‘lmagan siyosatchining paydo bo‘lishi mumkin emas", deb aytgan MDH mamlakatlari institutidan Andrey Grozin.

Uning fikricha, oxirgi paytda Internetda kechayotgan axborot kurashi, xususan Gulnora Karimovaning diplomatik maqomidan mahrum etilgani haqidagi xabarlar mamlakat rahbari va xalqiga emas, tashqi o‘yinchilarga mo‘ljallangan.

O‘zbekistondagi siyosiy mavhumlikning salbiy oqibatlari sifatida oxirgi paytlarda davlat tomonidan reyderlik holatlari kuchaygani va xorijiy shirkatlarning amaldorlar nazoratiga olingan, deb yozilgan Vedomosti.ru web-saytida.

Savitskiy muzeyi rahbari Frantsiya ordeni bilan mukofotlandi

Mezon.uz web-sayti xabar qilishicha, dunyoga mashhur Nukus shahridagi Savitskiy muzeyi direktori Marinika Babanazarova Frantsiyaning L'Ordre des Arts et des Lettres deb nomlangan ordenining kavaleri bo‘lgan.

Bu orden San‘at va Adabiyot sohalaridagi xizmatlari uchun deb nomlanadi.

Marinika Babanazarovaga nufuzli Frantsiya ordeni 14 iyul kuni Toshkentda topshirilgan.

Shu kuni Frantsiyaning O‘zbekistondagi elchixonasida Bastiliya olinishining 224 yilligi bayrami nishonlangan.

Ushbu marosimda Frantsiyaning Toshkentdagi elchisi Fransua Gotьe Marinika Babanazarovaga San‘at va Adabiyot sohalaridagi xizmatlari uchun ordenini topshirgan.

Endi "Tez yordam"ga 03 ga qo‘ng‘iroq qilmang

Gazeta.uz web-sayti tarqatgan xabarga ko‘ra, Toshkent shahrida favqulodda yordamlar xizmatlarining telefon raqamlari o‘zgaradi.

Hali Sho‘rolar zamonidan 01 - Yong‘inni o‘chirish xizmatining, 02 - Militsiya va 03 - "Tez tibbiy yordam" xizmatining raqamlari bo‘lib kelgan.

"O‘zbektelekom" hissadorlik shirkatining Toshkent shahar telefon tarmog‘i xabar qilishicha, bundan keyin 0 raqami bilan boshlanadigan raqamlar bo‘lmaydi.

10 iyuldan O‘zbekiston poytaxtida eski favqulodda xizmatlar va ma‘lumot olish xizmatlarining telefon raqamlarini o‘zgartirish boshlangan.

Bundan keyin bu xizmatlarni chaqirish uchun ularning eski raqamlari oldiga 1 raqamini qo‘shish kerak bo‘ladi.

Masalan, Yong‘in xizmati uchun 101, Militsiyaga 102 va "Tez yordam" uchun 103 ni terish kerak, deya xabar qiladi Gazeta.uz.