Uzwebiston: O‘zbekiston Markaziy banki rahbari qayerda?

Ferghana.ru O‘zbekiston Markaziy Banki rahbari ahvoli haqida

Ferghana news xabar agentligining websahifasida aytilishicha, O‘zbekiston Markaziy Banki rahbari Fayzulla Mullojonov jiddiy kasal ahvolda kasalxonaga yotqizilgan. Agentlik Toshshkentdagi o‘z manbalariga tayanib, xabar berishicha, janob Mullajonovning ahvoli jiddiy. Aytilishicha, u buyrak kasalligiga uchragan. Fayzulla Mullajonov hukumat kasalxonalaridan birida bo‘lgan vaqti uning birinchi o‘rinbosari vazifalarini bajarib turibdi, deb xabar berilgan. Rasmiy Toshkent bu xabarlarni tasdiqlamagan. BBC muxbiri Markaziy Bank matbuot xizmati bilan bog‘langan vaqti, janob Mullajonov ishga chiqqanligi va sog‘lig‘i yaxshiligi aytilgan. "Yaqin orada shifoxonda bo‘ldimi", degan savolga, "yo‘q, ish safariga borib keldi" deya javob berilgan. Markaziy Bank matbuot kotibi keyinchalik bu borada rasmiy bayonot berishi aytilgan. Fayzulla Mullojonov O‘zbekiston Markaziy Banki rahbari lavozimida 1991 yildan beri ishlab kelmoqda va mamlakatdagi katta ta‘sirga ega shaxslardan biri sifatida ko‘riladi.

Ozodagon o‘zbek chegarachilari tomonidan ushlangan tojikistonliklar haqida

Tojikistondagi Ozodagon xabar agentligiga ko‘ra, "olib qochilgan" tojikistonliklar taqdirini muhokama qilish uchun belgilangan muzokarlarga O‘zbekiston vakillari kelmaganlar. Agentlik bir necha kun avval O‘zbekiston Chegara QO‘shinlari askarlari tomonidan Tojikiston shimolidagi Panjikent tumani yashovchilaridan 10 kishi 2000 boshdan ko‘proq mol-hollari bilan birga ushlab, olib ketilganligini xabar bergan. Ularni ozod qilish bo‘yicha muzokaralar 16 iyulga rejalangan, ammo o‘zbek tomoni vakillari uchrashuvga kelmaganlar.

Washington Post: "Ovrosiyoning yo‘qotilgan qalbi"

AQShda chop etiladigan Washington Post ro‘znomasidagi maqolada, turfa xalq va madaniyatlar o‘lkasi, bir vaqtlar Ipak Yo‘lining muhim tarkibiy qismi bo‘lgan Markaziy Osiyo mintaqasi hozirda ulkan Ovrosiyo hududining "yo‘qotilgan qalbi" singari ekanligi aytiladi. "1991 yili Sovet Ittifoqi qulashidan so‘ng o‘tgan 20 yildan ko‘proq vaqt mobaynida mintaqadagi besh respublika poraxo‘rlikka botgan diktatorlik va iqtisodiy jihatdan unchalik rivojlanmayotgan mamlakatlarga aylanib qolishgan". "Bu avtoritar davlatlarning quroli kuch va ba‘zida kuch qo‘llash terrorizmga qarshi kurash ehtiyoji bilan oqlanadi. 2005 yili O‘zbekiston hukumati Andijonda namoyishga chiqqan yuzlab kishilarni o‘ldirdi. 2010 yili esa Farg‘ona vodiysidagi millatlararo mojaro 400 ming kishining uy-joylarini tashlab chiqishga majbur qildi. Ayni vaqtda, mustaqil jurnalist va siyosatchilar muntazam tazyiq va hibsga olinish xavfi ostidalar. Buning oqibatida ko‘plar o‘z mamlakatlarini tashlab chiqib, boshqa davlatlardan boshpana so‘rashga majbur bo‘lganlar. Tazyiqqa olinganlarning aksari taqiqlangan islomchi guruhlarga a‘zolikda ayblanganlar, ammo ular orasida jurnalistlar, muxolifat a‘zolari va huquq faollari ham bor. Amnesty International tomonidan chiqarilgan yangi hisobotda aytilishicha, ushbu davlatlar rasmiylari ko‘pda qochqinlarni bir-birlariga tutib berish va ortga qaytarib yuborishda hamkorlik qiladilar. Oqibatda hech qanday jinoyatda aybdor, deya topilmagan fuqarolar "milliy xavfsizlikni ta‘minlash" bahonasi bilan qiynoqlarga yuz tutmoqdalar", deb yozadi Washington Post.

Daily Mail: "Britaniya zolim hukumatlarga 12 milliard dollarga teng qurol sotgan"

Britaniyada chop etiladigan Daily Mail ro‘znomasidagi maqolada aytilishicha, inson huquqlarini poymol etuvchi, deya ko‘rilgan mamlakatlarga Britaniya 12 milliard dollardan ko‘proqqa teng qurol-yarog‘ sotgan. Bu haqda bugun chop etilgan hisobotda ma‘lum qilingan. Hisobotda aytilishicha, qurol yarog‘lar Eronda prezident Mahmud Ahmadinajod rahbarligi davrida, Zimbabvedagi Robert Mugabe va O‘zbekistondagi Islom Karimov hukumatlariga sotilgan.

Uznetwork yangiliklari

Facebookdagi Uznetwork sahifasi jahon bo‘ylab muvaffaqiyatli o‘zbeklar va o‘zbekistonliklar haqida ma‘lumotlarni chop etishda davom etmoqda. Ulardan biri Britaniyada "Hotpants" sport bilan shug‘ullanish uchun maxsus shortilarini ishlab chiqib, savdosi bilan shug‘ullanuvchi shirkatning asoschilaridan biri Xurshid Fayzullayev borasida. Aytilishicha, shirkat maxsulotlari hozirda 100 dan ortiq mamlakatda sotilmoqda. Shirkatda atigi 90 kishi ishlaydi.

Twitterda Dr. Sanjar G. Umarov@SanjarUmarov O‘zbekistonda paxta dalalarida bolalar va kattlarning majburiy mehnatlari haqidagi 15 iyul kuni chop etilgan yangi hisobot haqida ma‘lum qilgan. #UZBEKISTAN http://www.cottoncampaign.org/reports/

@Nate Schenkk esa O‘zbekiston muxolifati rahbarlaridan Bahodir Choriyevning otasi Hasan Choriyev bundan 28 kun oldin hibsga olinganidan beri uni hech kim ko‘rmaganligi haqida "Freedom House" tashkiloti xabarini ilova qilgan.

"Freedom House" tashkiloti xabari bu yerda: