"Birlik" partiyasi sayti Qirg‘izistonda ta‘qiqlandi

Image caption Muxolif saytga ko‘ra, Qirg‘izistonda o‘zbeklar huquqlari poymol etilishi davom etayapti

O‘sh shahar mahkamasi O‘zbekistonning muxolifatdagi "Birlik" partiyasiga tegishli harakat.net saytini noqonuniy deb topgan va Qirg‘iziston hududida unga kirilishini ta‘qiqlagan.

Saytning noqonuniy deb topilishi to‘g‘risidagi arizani O‘sh viloyat prokuraturasi kiritgan. Prokuror.kg saytining ma‘lum qilishicha, 2013 yilning may, iyun oylarida o‘zbek tilida chop etilgan maqolalar o‘rganilib chiqilganda, qirg‘iz va o‘zbek millati o‘rtasida adovat qo‘zg‘ashga chaqiriqlar borligi aniqlangan.

O‘sh viloyat prokuraturasi bu to‘xtamga O‘sh davlat Universiteti ekspertiza xulosalari asosida kelganini aytgan.

Prokuratura bundan tashqari saytdagi maqolalar bo‘lginchi ruhda ekanligini e‘tiborga olib, hamda ijtimoiy noroziliklarning oldini olgan holda mahkamadan ushbu saytning faoliyatini to‘xtatib qo‘yishni so‘ragan.

"Birlik" partiyasining rais o‘rinbosari Po‘lat Oxunov BBC bilan suhbatda qirg‘iz tomonining xavotirlari asossiz ekanini aytdi.

Po‘lat Oxunov: Bu qarorni noto‘g‘ri va teskari qadam deb hisoblayman. Chunki biz Qirg‘izistonda, O‘shdagi o‘zbeklarning huquqlarini himoya qilib, o‘zbeklarning kamsitilishi haqidagi materiallarni Harakat saytiga qo‘yganmiz. Qirg‘izistondagi huquqni muhofaza qiluvchi organlar biz yoritayotgan faktlarni tergov qilib kamchiliklarni yo‘q qilish bilan shug‘ullanishi kerak edi. Buning teskarisini qilib bizga qarshi chora ko‘rayapti. Ular chora ko‘rgani bilan o‘zbeklarning huquqini poymol qilish, ularni siqib chiqarish siyosati davom etaveradi. Ular oshkoralikni yo‘q qilmoqchi, xolos.

BBC: Lekin, saytda chop etilayotgan maqolalar bir tomonlama bo‘lib, chindan ham adovat qo‘zg‘atishi mumkin emasmi?

Oxunov: Bir tomonlama bo‘lishi mumkin. Chunki Qirg‘izistonning o‘zida o‘zbeklarning ahvoliga tegishli va o‘zbeklarning huquqlarini himoya qiluvchi ma‘lumotlar yozilmayapti, radio, televideniyeda bu haqida gapirilmayapti. Faktlarga qarasak, o‘zbeklarning hamma huquqlari poymol qilingan va o‘zbeklar minbari yo‘q. Biz Harakat orqali barcha faktlarni yoritishga harakat qilib, o‘zbeklarning huquqlarini va dodini eshitishga intildik. Qirg‘iziston hukumati bundan foydalanib kamchiliklarni yo‘q qilish bilan shug‘ullansa to‘g‘ri yo‘l bo‘lardi, deb hisoblayman.

BBC: Nafaqat Qirg‘iziston, balki o‘zbek muxolifatining boshqa vakillari ham saytga va u yerda paydo bo‘layotgan haqoratlarga noroziliklar bildiradi. Ushbu qarordan keyin harakat.net sayti o‘z maqolalarida biror o‘zgarishlar qiladimi?

Oxunov: Albatta. Bizning maqsadimiz - kamchiliklarni yo‘q qilib, ishimizni yaxshilash. Shuning uchun agarda do‘stlarimiz yoki kimdir norozi bo‘lib faktlar keltirsa, mana shu aytilgan gaplar noto‘g‘ri, shuni olib tashlanglar desa, olamiz. Chunki men hozir shu narsalarga juda katta e‘tibor berib muxolifatdagi o‘zimizning do‘stlarimiz yoki boshqa vakillarni haqoratlashmas, bahs-munozara yo‘li bilan olib borishga harakat qilayapman. Shu yo‘nalishda o‘zgarishlar qilish niyatim bor. Xudo xohlasa, o‘zgarishlar qilamiz, hozir shu masalada harakatdamiz.

BBC: Qaror yuzasidan Qirg‘izistonda huquqiy jihatdan qanday ishlarni amalga oshirasizlar?

Oxunov: Biz harakat qilib ko‘ramiz. Avvalo sayt orqali shu qarorni tahlil qilib, uning noto‘g‘riligini ko‘rsatishga harakat qilamiz. Harakat saytining rasmiy egasi sifatida men Qirg‘iziston prokuraturasi va Oliy sudi nomiga rasmiy xatlar tayyorlashga harakat qilaman. Chunki men uchun bu masala juda ham muhim. Men 90-yilda, birinchi mojaro kelib chiqqanda, parlament a‘zosi sifatida, parlamentda guruh tashkil qilib shu masalalarda tergov o‘tkazib, har tomonlama xolis qaror chiqarishga harakat qilganman. Hozir Qirg‘izistonda xolislik yo‘q, o‘zbeklarga qarshi qarorlar chiqarilayapti. Shuning uchun biz xavotirdamiz va Qirg‘izistonda o‘zbeklarga nisbatan adolatli qaror chiqishiga ishonmayapmiz va ularga qattiqroq bosim qilishga harakat qilayapmiz.