UzWebiston: Iftorlik man qilingani borasida kim nima demoqda?

Image caption Mehr Nuri jamg‘armasi Andijondagi iftorlikdan mana bu suratni chop qilgan

Toshkentda joylashgan BBC Monitoring xizmati O‘zbekistonda go‘yoki ta‘qiqlangani aytilgan iftorliklar borasidagi qarama-qarshi xabarlarni yoritgan.

Ba‘zi xorij ommaviy axborot vositalari Toshkentdagi hukumat idoralari ishchilariga muqaddas Ramazon oyi davomida iftorliklarga borish ta‘qiqlanganini yozishgandi.

Biroq, O‘zbekiston matbuoti va Gulnora Karimovaning twitter sahifasi buning aksini namoyish qilmoqda.

Xorijiy matbuot

17 iyulda Tojikistonning Asia-Plus web-sayti Toshkentda hukumat xodimlariga iftorga chiqish ta‘qiqlandi, deb xabar tarqatdi.

"Mazkur ta‘qiqlov poytaxtdagi restoranlarga ta‘sir qildi, ularning ham iftor tashkil qilishi man qilingan. Biroq, ko‘p restoranlar yo‘lini topishmoqda. Toshkentdagi bir restoran menejeri do‘stona yig‘ilishlar uchun stol buyurtma berish mumkinligi, biroq zinhor-bazinhor "iftor" so‘zi tilgan olinmasligi kerakligini aytgan. "Iftor taqiqlangan", - deb aytgan u", deyiladi Asia-Plus xabarida.

Bishkekda joylashgan Central Asia News web-sahifasiga ko‘ra esa, bankirlar, soliq idoralari xodimlari, militsiya, shifokorlar va boshqa davlat ishchilariga iftorliklarda qatnashish man etilgan.

Web-sahifa bu haqida Ozodlik radiosiga tayanib xabar tarqatgan. Ozodlik avvalroq iftor ta‘qiqloviga bo‘ysunmaganlar Milliy Xavfsizlik Xizmatining "qora ro‘yxat"iga tushishini da‘vo qilgandi.

"Ba‘zi hukumat idoralarida xodimlar masjidlardagi juma namoziga borishlari ham ta‘qiqlangan. Lekin, hamma rahbarlar ham unchalik qattiqqo‘l emas, ularning ba‘zilari o‘z ishchilari birgalikda, yashirincha tarzda, iftorga borishlariga yo‘l qo‘yib bergan", deydi bu xabarlarga qo‘shilgan fergananews.com sayti.

Bu xabar ostida fikrini bildirgan "Xo‘ja Nasriddin" ismli o‘quvchi shunday yozadi: "Jamoat joylarida iftorlik qilish ta‘qiqlangan. Lekin Mehr Nuri va Fond Forum yoppasiga iftorlik qilishayapti. Mantiq qani bu yerda?"

Mahalliy matbuot

Toshkentda chop etiladigan rus tilidagi Pravda Vostoka gazetasi 17 iyulda Ramazon savob ishlar qilish vaqti ekani haqida maqola bilan chiqqan.

"Ramazon savob qilish, yordamga muhtoj odamlarni qo‘llab-quvvatlash davri. Bu kunlarda mamlakatimizning barcha viloyatlarida an‘anaga binoan iftorlik hayriya tadbirlari o‘tkazilmoqda. Tadbirlarni Mehr Nuri ijtimoiy fondi tashkil etgan. Unda 6,500 odam qatnashishi kutiladi", deb yozadi Pravda Vostoka.

Ramazon kunlarida O‘zbekiston televideniyesi imomlar va diniy ulamolar ishtirokida munozaralar tashkil etadilar. Bu ko‘rsatuvlarda imomlar muqaddas oyda bazmlar uyushtirishmaslikka chaqiradilar. Ular dabdabali iftorliklarni tanqid qiladilar va musulmonlarni yetimlar va nogironlar kabi yordamga muhtoj kishilarga nisbatan sahovatli bo‘lishga undaydilar. Gulnora Karimovaning twitter sahifasi

Ramazonning birinchi kuni, 10 iyulda, Gulnora Karimova o‘z folloverlarini hayriya qilishga chaqirdi.

"Ramazon muborak! Bu oy hayriya qilaylik. Olloh ro‘za tutganlarni qo‘llab-quvvatlasin!", deb yozgan Gulnora Karimova.

Mehr Nuri tashkiloti 13 iyulda Gulnora Karimovaning twitter sahifasida e‘lon chop qilgan. E‘londa Mehr Nuri jamg‘armasi 15 iyuldan 6 avgustgacha barcha viloyatlarda hayriya tadbirlarini uyushtirishi aytiladi. Bu e‘lonni 12 kishi qayta twit qilgan.

15 iyulda Mehr Nuri Andijon viloyatidagi iftorlikka 500 kishi qatnashayotganini yozgan. Bu twitga hech kim sharh qoldirmadi.

So‘ngra Mehr Nuri shu kuni Farg‘onaning Toj Mahal restoranida iftorlik hayriya tadbiri bo‘lishini e‘lon qildi. Bu twitga ham hech kim sharh qoldirmadi.