Qizil iblislar Runeyni "Chelsi"ga sotmoqchi emas

Image copyright Getty

Angliya chempioni 27 yoshli hujumchisi sotilmasligi javobi bilan boyvachcha moviylarning taklifini rad etgan.

Rossiyalik milliarder Roman Abramovichning "Chelsi"si ham "Manchester Yunayted"ga shunday taklif bilan chiqqanini rasman tasdiqladi.

Ammo takliflari Veyn Runeyni Xuan Mata yoki David Luizga ayirboshlashni ko‘zda tutmaganligini ma‘lum qildi.

Qizil iblislar "Chelsi"ning taklifini seshanba kuni tunda rad qilishgan. Moviylarning endi kattaroq pul taklifi bilan chiqishlari kutilmoqda.

Jamoa Bosh murabbiyi David Moyes o‘zini 1-raqamli hujumchi sifatida ko‘rmasligi ma‘lum bo‘lgach, Veyn Runey klubdan ketamanga tushib qolgan.

Seshanba kuni Bangkokda bergan suhbatida esa, moviylar Bosh murabbiyi Joze Mourino Runeyni qadrlashini aytgandi.

David Moyes asosiy hujumchilikka Robin van Persini ko‘zlayotganiga oid xabarlar Runeyning g‘azabini toshirib, boshini gangitib qo‘ygan.

Runey hafsalasi qanchalik pir bo‘lganligini "Manchester Yunayted" rahbariyatiga bildirib, golland futbolchisi ortida yurish istagi yo‘qligini bayon qilgan.

Sidneyda yangi futbol mavsumiga tayyorgarlik ko‘rayotgan qizil iblislar mas‘ullari esa, bu kabi xabarlarni sharhlashdan bosh tortishgan.

Runeyda qanday tanlov qoladi?

"Chelsi", o‘z navbatida, bugun rasmiy bayonot bilan chiqib, "Manchester Yunayted"ga qilgan takliflari chetga sizib chiqqanidan taassufda ekanliklarini izhor etgan.

"Manchester Siti" avvalgi ahdidan qaytib, Runey emas, "Sevilya" hujumchisi Alvaro Negredoni sotib olish ishtiyoqiga tushib qolgan.

"Bavariya" va "Real" ham qizil iblislar hujumchisiga qiziqish bildirayotgani yo‘q.

Ispaniyaning nahang "Barselona"si esa, braziliyalik sara hujumchi Neymarga ko‘z tikdi.

Xuddi shunday bir manzarada "Chelsi" Veyn Runey uchun muqobil bir tanlov o‘laroq o‘rtaga chiqdi.

Chunki avvaliga Runeyga qiziqish bildirgan Frantsiyaning "Pari Sen Jermen"i ham uning o‘rniga "Napoli"dan urugvaylik hujumchisi Edinson Kavanini sotib oldi.

Ustiga ustak, Veyn Runeyning o‘zi ham chetda to‘p surish istagi yo‘qligiga ishora qilgandi.

Runey hozir "Chelsi"ga o‘tishiga ruxsat berishlarini so‘rab, jamoasi rahbariyatiga murojaat qilishi mumkin.

Ammo "Manchester Yunayted" hujumchisini "Chelsi"dek ashaddiy raqibiga berib qo‘yishiga hech bir kafolat yo‘q.

Chunki qizil iblislar Runey ketamagan tushib qolgan va faqat sobiq Bosh murabbiyi ser Aleks Fergyusonning undovi bilan qolgan 2010 yildagidan ko‘ra kuchli mavqe‘da.