Aksil-Putin siyosatchi Navalny 5 yilga qamaldi

Image copyright Reuters
Image caption Navalny Putin tomonidan tahdid deb ko‘rilayotgani uchun mahkamaga tortilayotganiga ishonadi

Rossiyadagi aksil-Putin namoyishchilarga boshchilik qilgan Aleksey Navalny o‘g‘rilikda aybdor deb topilgan va besh yillik qamoq jazosiga hukm etilgan. Uning o‘zi mahkama ishi asosida siyosiy sabablar yotganiga ishonadi.

Navalny va u bilan birga sudga tortilgan Pyotr Ofitserov mahkama zalida qo‘llariga kishan solinib, olib ketilganlar. Ikkovlonga 500 ming rubl hisobida jarima solingan.

Hakam Sergey Blinov korruptsiyaga qarshi kurashib kelgan mazkur faol tovlamachilik yo‘li bilan taxta sotuvchi shirkatning pulini o‘g‘irlagan deb topgan.

Janob Navalny har doim ayblovni rad qilib kelgan va Prezident Vladimir Putinga qarshi chiqqani uchun mahkamaga tortilganini urg‘ulagan.

Bu qaror tufayli u sentyabr oyiga mo‘ljallangan Moskva hokimligi saylovlariga o‘z nomzodini qo‘ya olmaydi.

Janob Navalny Moskvadan 12 soat poyezdda safar qilishi ortidan Kirov shahridagi mahkamaga kelgan.

Mahkamani kuzatgan BBC muxbiri Daniel Sandfordning xabar qilishicha, janob Navalny avvaldan kutilgan qaror o‘qib eshittirilganda, taqdirga tan bergandek jilmaydi.

Prokurorlar ayblanuvchi olti yillik qamoq jazosiga hukm etilishini so‘rashgandi.

Navalny janoblari yaqinda prezidentlikka o‘z nomzodini qo‘yish istagini izhor etgandi. Kelgusi saylovlar 2018 yilga mo‘ljallangan.

"Qalloblar va o‘g‘rilar"

Image caption U Putinga qarshi bir necha million odamlar ishtirok etgan namoyishlarga boshchilik qilgandi

37 yoshli janob Navalny Kirov hokimi Nikita Belыxning maslahatchisi bo‘lib ishlagan davrida "Kirovles" shirkatidan 500,000 dollar o‘g‘irlagan guruhga boshchilik qilishda aybdor deb topildi.

"Mahkama, ishni o‘rganib chiqib, Navalny jinoyatni uyushtirgani va katta miqdorda mulkni o‘g‘irlaganini aniqladi", - deya o‘z qarorini o‘qib eshittirdi hakam Blinov.

Qarordan oldin tvitterda o‘z munosabatini bildirgan Navalny hakam prokurorlarning ayblovlarini qaytarayotganini aytdi.

"Shunday ekan... oqlash kabi yoqimli stsenariy yuz bermaydi", - deb yozgan u.

Oy boshida mahkamada chiqish qilgan janob Navalny ayblovlarni butkul rad etgan, va mazkur mahkama ishi uni siyosatdan chetlatishga qaratilganini iddao qilgan.

"Biz hammamizning mulkimizni o‘g‘irlayotgan bu feodal jamiyatni yo‘q qilamiz", - deb aytgan u.

"Agar kimdir men olti yillik qamoq jazosini eshitishim bilan xorijga qochib yashirinishimni kutgan bo‘lsa, adashadi. Men o‘zligimidan qocha olmayman", - dedi u.

Navalny janoblari 2011 yil dekabrida Kreml va Prezident Putinga qarshi ommaviy noroziliklarni ilhomlantirgan chog‘i nom chiqargandi.

U bugunda muxolifatning eng ahamiyatli arboblaridan biridir. U Rossiyada keng tarqalgan korruptsiyaga qarshi kurashi bilan siyosiy elitaning jig‘ini qo‘zitib keladi.

Navalny hukumatdagi Bizning Rossiya partiyasini "Qalloblar va o‘g‘rilar partiyasi" deya tasvirlashi ortidan, partiya bu laqabdan qutula olgani yo‘q.