Panama qurol tashiyotgan Shimoliy Koreya kemasi xodimlariga ayblov e‘lon qildi

Image copyright Reuters
Image caption Shimoli Koreya o‘z kemasi va dengizchilari ozod qilinishini so‘ramoqda

Panama hukumati yashirin tarzda harbiy qurol-aslahani olib o‘tishga uringan Shimoli Koreya kemasi ekipajiga qarshi ayblov e‘lon qilgan.

Prokuror Xaver Karabalo kemaning 35 xodimini noqonuniy yo‘lda qurol tashish bilan jamoat xavfsizligiga jiddiy tahdid solishda ayblagan.

Ayblovdan bir necha soat oldin Shimoliy Koreya Panamadan o‘z kemasi va dengizchilarini zudlik bilan ozod qilishga chaqirgandi.

Politsiya harbiy jihozlarni shakar to‘la qoplar tagidan topgan. Kuba bu jihozlarni ta‘mirlash maqsadida Shimoliy Koreyaga yuborayotgan bo‘lganini aytadi.

Panama BMTga murojaat etib, mazkur hodisa Pxenyanga qo‘yilgan sanktsiyalarni naqadar buzishini tergov qilishga chaqirgan.

BMT kiritgan sanktsiyalarga ko‘ra, Shimoliy Koreyaga qurol yetkazib berish man etiladi. Bu sanktsiyalar Pxenyanning yadroviy dasturini to‘xtatishdan bosh tortishi ortidan kiritilgandi.

"Eskirgan jihoz"

Kuba hukumati chiqargan bayonotda aytilishicha, kema bortida 240 tonna eskirgan qurol-aslaha bo‘lgan. Ular orasida ikki aksil-raketa kompleksi, ehtiyot qismlariga bo‘lingan to‘qqizta raketa, ikkita MIG-21-bis qiruvchisi va MIG-15 dvigatellari bo‘lgan.

Kuba bu qurollarning bari 20-asr o‘rtalarida ishlab chiqarilgani va Shimoliy Koreyada ta‘mirlanib, Kubaga qaytarilishi mo‘ljallanganini aytgan.

Kemadagi asosiy yuk, Kuba hukumatiga ko‘ra, 10 tonna shakar bo‘lgan.

"Chong Chon Gang" kemasining qo‘lga olinishi borasida dushanba kuni Panama Prezidenti Rikardo Martinelli xabar tarqatgan.

Unga ko‘ra, avvaliga kema giyohvand moddalarni tashishda gumon qilinib to‘xtatilgan. Lekin, tintuv paytida murakkab raketa jihozlari ekani ishonilgan va deklaratsiyaga kiritilmagan yuklar topilgan.

Prezident Martinellining bildirishicha, tintuv chog‘ida kema sardori o‘zini otib o‘ldirishga uringan, 35 kishilik jamoa esa tintuvga qarshilik ko‘rsatishga uringanlar.