Salim Shamsiddinov yaqinlariga uning jasadi O‘zbekistondan topilganini aytishgan

Image copyright BBC World Service
Image caption Salim Shamsiddinov 15 martdan beri uyiga qaytmagan

Tojikiston Ichki ishlar vazirligi Xatlon viloyati o‘zbeklar jamoasining ko‘zga ko‘ringan vakillaridan Salim Shamsiddinovning jasadi O‘zbekistondan topilganini aytgan.

Jamoat arbobi Salim Shamsiddinov deb qaralayotgan bu jasad Surxandaryo viloyati hududidagi Amuzang kanalidan topilgan.

Bu haqda O‘zbekiston tomoni Tojikiston Ichki ishlar vazirligiga elektron maktub yo‘llagan.

Bugun Xatlon viloyati ichki ishlar bo‘limi rahbari Anvar Tog‘aymurodov matbuot anjumani o‘tkazib, u ham ayni jasad Salim Shamsiddinovniki ekanligiga ishonishini aytgan.

BBC muxbiri Mardon Muhammadga ko‘ra, ayni damda Salim Shamsiddinovning yaqinlari jasadni elektron pochta orqali yo‘llangan rasmdan tanib bo‘lmasligini aytishgan.

Ammo uning rafiqasi suratdagi sport kiyimi Salim Shamsiddinov 15 mart kuni uydan chopish uchun kiyib chiqib ketgan sport libosiga o‘xshashini aytgan.

Hozir Salim Shamsiddinovning yaqinlari O‘zbekistonga borish uchun viza olish tadorigida ekanliklari aytiladi.

Tojikiston Ichki ishlar vazirligi bu borada Shamsiddinovning yaqinlariga yordam berishayotganini ma‘lum qilishgan.

Calim Shamsiddinov shu yil 15 mart kuni tongda o‘z uyidan chiqib ketganidan beri bedarak yo‘qolgan.

Avvalroq, Tojikiston sotsial-demokratik partiyasi raisi Rahmatillo Zoirov, janob Shamsiddinov siyosiy vajlar bilan hibsga olingan bo‘lishi mumkin degan iddao bilan chiqqan edi.

Rahmatillo Zohirov Salim Shamsiddinov bedarak yo‘qolishi munosabati bilan bir necha bor murojaat bilan chiqib, Tojikiston huquq-tartibot idoralaridan o‘zbeklar jamiyatining ko‘zga ko‘ringan vakili taqdiri borasida aniq ma‘lumot berishni talab qilgan.

G‘oyib bo‘lishidan avval Salim Shamsiddinov janob Zoirov boshchilik qilgan Tojikiston huquqdonlari konsortsiumining Xatlon viloyati bo‘yicha vakilligini o‘z zimmasiga olishi kutilayotgandi.

Rahmatillo Zoirovning ma‘lum qilishicha, Salim Shamsiddinov unga yo‘qolishidan bir muddat oldin sim qoqqan va xavfsizlik xodimlari ortidan tushganliklaridan shikoyat qilgan.

Tojikistonda fuqarolarning xavfsizlik kuchlari tomonidan hibsga olinishi va bu haqda yaqinlarini xabardor etmaslik odatiy holga aylangan.

Salim Shamsiddinov o‘tgan yil may oyida viloyat markazi - Qo‘rg‘onteppa shahrida noma‘lum shaxslar tomonidan kaltaklab ketilgandi.

U o‘zining kaltaklab ketilishini Tojikiston va O‘zbekiston munosabatlari haqida "Millat" gazetasiga bergan tanqidiy intervyusi bilan izohlagan edi.

Salim Shamsiddinov g‘oyib bo‘lishidan bir kun avval Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon mamlakat tashqi siyosatini o‘zgartirish haqida gapirib, O‘zbekiston bilan aloqalarni mustahkamlash zarurligini ta‘kidlagan edi.