Tojikistonlik zargarlar Ginnes rekordlar kitobiga kirishmoqchi

Tojikistonlik zargar-o‘ymakor Mixail Galanovning BBC O‘zbek Xizmati bilan suhbatida aytishicha, tez orada xalqaro Ginnes qo‘mitasiga bir emas, ikkita ariza topshirishmoqchi.

Unga ko‘ra, kumushdan rekord nusxadagi kabinet soati va yelkanli harbiy fregat yasashmoqchi.

Tojikistonlik zargarning so‘zlaridan ayon bo‘lishicha, "Hisor -3000" soati 990 probali kumushdan yasalgan, og‘irligi 3 ming karatdan ortuvchi 3.000 dona yarim qimmatbaho ametist toshi o‘rnatilgan, umumiy vazni 93 kg 300 grammni tashkil etuvchi dunyodagi yagona zargarlik buyumi bo‘ladi.

Uning aytishicha, soat zargarlik buyumlari sirasiga kirgani uchun ham, Ginnes rekordlar kitobi San‘at bo‘limining Zargarlik qismiga mos tushadi.

Tojikistonlik zargarga ko‘ra, Ginnesning rekordlar kitobiga kiritishni rejalayotgan ikkinchi buyumlari esa, yelkanli harbiy fregatdir.

"Hisor" haqiqiy harbiy fregatning dunyodagi yagona 75 marta kichraytirilgan asl nusxasi bo‘ladi. U ham mutlaq 990 probali kumushdan yasaladi", deydi biz bilan suhbatda Mixail Galanov.

Ariza

Tojikistonlik zargarning aytishicha, har ikki arizani ham imkon tug‘ilishi bilanoq xalqaro Ginnes qo‘mitasiga topshirishmoqchi.

"Hisorning 3000 yillik tantanalarini uyushtiruvchi tashkiliy qo‘mita bor. Bu ish bilan bevosita shug‘ullanayotgan odamlar bor. Menga esa, shu ishni tashkillashtirish yuklangan. Mahalliy ommaviy-axborot vositalari bizning maqsadimizdan barchani ogoh etishlari bilan biz ham o‘z arizamizni topshiramiz", deydi u.

Uning aytishicha, rekord nusxadagi har ikki buyum ham mahalliy zargarlar va mutlaq mahalliy mahsulotlardan tayyorlanadi.

"Deylik, Dushanbeda o‘rnatilgan dunyodagi ustuni eng baland bayroq xorijda ishlangan. Qozon ega bo‘lgan jahondagi eng yirik "Qur‘on"ni italiyaliklar tayyorlashgan. Biz esa, ularni Hisorda, mahalliy zargarlar o‘zimiz Tojikistonning o‘z kumushi va yarim qimmatbaho toshlaridan yasamoqchimiz. Bu ham o‘ziga xos bir jihati", deydi Mixail Galanov.

Zargarning so‘zlaridan ayon bo‘lishicha, bu ikki loyihaning umumiy bahosi 700-800 ming AQSh dollariga borishi mumkin.

"Biz uni moliyalash ishlarini Hisor tumani hokimiyati va o‘zi ham asli hisorlik bo‘lgan mamlakat Bosh vaziri muovini Murodali Alimardon bilan birgalikda amalga oshirmoqchimiz", deydi u.

"O‘zingiz o‘ylab boqing, eng baland ustunli bayroq Tojikistonga 32 million dollarga tushgan. Ham soat va ham fregatning umumiy qiymati esa, 700-800 ming AQSh dollaridan ortmaydi. Ustiga ustak, xalqaro Ginnes rekordlar qo‘mitasining sertifikatiga ega bo‘lgan har qanday buyum kimoshdi savdosiga qo‘yilsa, narxi osmon barobar ko‘tarilishi mumkin".

Hozirliklar

Mixail Galanovning aytishicha, allaqachon ularning eskizlarini chizish, texnik tasniflarini yozish ishlarini boshlab yuborishgan.

Ayon bo‘lishicha, rekord nusxadagi soat Hisor qal‘asi shaklida bo‘ladi. Qal‘a bosh darvozasi tepasidagi arkda o‘rnatiluvchi mexanik soat esa, "Pavel Bure" shirkatidan sotib olinadi.

Soatning asosi esa, kumush va lojuvarddan ishlangan sakkiz qirrali piramida tashkil etadi.

Tojikistonlik zargarga ko‘ra, o‘z arizalarini xalqaro Ginnes qo‘mitasiga topshirgandan so‘ng, 7-8 oy ichida har ikki zargarlik buyumini ham tayyorlashga muvaffaq bo‘lishadi.

Uning aytishicha, bu - o‘zlarining shaxsiy tashabbuslari bo‘lmay, uning tashabbuskori shaxsan Tojikiston Bosh vaziri muovini Murodali Alimardondir.

Tojikiston bundan avval poytaxt Dushanbeda dunyoda ustuni eng baland bayroq o‘rnatib, Ginnesning rekordlar kitobiga kirishga muvaffaq bo‘lgan.

Markaziy Osiyoning eng qashshoq davlatlaridan biri ekaniga qaramay, hozir jahondagi eng yirik choyxonani qurib bitkazish arafasida.

Agar, tojik hukumati qurish harakatida bo‘lgan Rog‘un GESi bitsa, dunyodagi eng baland to‘g‘on ham Tojikistonda bo‘ladi.

Yaqinda marmarli binolarining soni bo‘yicha qo‘shni Turkmaniston ham Ginnesning rekordlar kitobiga kirishga muvaffaq bo‘lgandi.

O‘zbekistonlik oshpazlar esa, rekord tonnadagi palov pishirib, bunga muvaffaq bo‘lish rejasidalar.