Umed Boboxonov: "Jurnalist haqiqat va milliy manfaatlar o‘rtasida haqiqatni tanlashi kerak"

Image caption Umed Boboxonov "Aziya-Plyus" bayramida o‘g‘li Farzon bilan

Umed Boboxonov 1962 yilda Dushanbeda ziyolilar oilasida tavallud topgan.

Tojikiston Davlat universitetining Sharqshunoslik fakulteti arab tili bo‘limini tamomlagan.

1982-83 yillarda Liviyada arabchasini mukammallashtirib qaytgan.

1987 yilda "Komsomolets Tadjikistana" gazetasiga muxbir bo‘lib ishga kiradi.

1991-96 yillarda "Komsomolskaya pravda" gazetasining Tojikistondagi muxbiri bo‘lib ishlaydi.

Umed Boboxonov Tojikistonda fuqarolar urushi yillarida(1992-97) qator dalil maqolalari bilan taniladi.

Hali fuqarolar urushi tinmagan Tojikistonda 1995 yilda mamlakatda birinchi va Markaziy Osiyoda ham birinchilardan bo‘lgan mustaqil xabar agentligi "Aziya-Plyus"ga asos soladi.

Image caption Burhoniddin Rabboniy bilan uchrashuv,1992 yil

1996 yilda axborot tahliliy ilk byulleten nashr qilinadi.

Bugunga kelib "Aziya-Plyus" (news.tj) mintaqadagi yetakchi axborot agentliklaridan biri sanaladi.

"Aziya-Plyus"ning web sahifasi nafaqat Tojikiston, balki Markaziy Osiyoda ham o‘qilishi darajasi bo‘yicha eng oldingi o‘rinlarda turadi.

"Aziya-Plyus" bugun nafaqat axborot agentligi, balki shu nomdagi mustaqil gazeta, radiostantsiya va ishbilarmonlar uchun mo‘ljallangan jurnalga ham ega.

Media mutaxassislarga ko‘ra, "Aziya-Plyus" Tojikistonda eng mustaqil nashrlardan biri sanaladi.

Mamlakatdagi turli siyosiy-ijtimoiy muammolar yoritilishi jarayonida "Aziya-Plyus"ning internet nashriga bir necha bor to‘siq qo‘yildi.

Umed Boboxonovning hamkasblari uni Tojikistondagi o‘z fikri va so‘ziga ega bo‘lgan jasur jurnalist deb ta‘riflashadi.

U Tojikiston mustaqil ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi boshqaruvi a‘zosi.

Umed Boboxonov uylangan, uch nafar o‘g‘li bor.

Qator xalqaro va milliy mukofotlar sohibi.

Umed Boboxonov o‘quvchilarimiz savollariga javob beradi.

O‘ktam Rizayev Xujanddan savol yo‘llab Aziya – Plyus Tojikistondagi eng mukammal axborot agentligini, shu darajaga yetishingizda kimlar yordam berganligi bilan qizibdi. O‘ktamning ikkinchi savoli esa axborot agentligi ochish g‘oyasi va bunga nima turtki bo‘lgani haqida... Marhamat!

Umed Boboxonov: Avvalambor bizga shunday baho berganlari uchun minnatdorchilik izhor etmoqchiman. Aslida Tojikistonda professional xabar agentliklari, gazetalar va boshqa ommaviy axborot vositalari oz emas degan fikrdaman. Biz ommaviy axborot vositalari orasida liderlikni qo‘ldan bermay kelayotganimizning sababi esa, menimcha, biz boshqalardan ko‘ra ancha avval boshladik ishni... Aziya-Plyus tashkil topganiga 18 yil bo‘ldi. Shundan beri biz o‘z jamoamiz va ishimizni yaxshilash yo‘lida harakatlarni to‘xtatganimiz yo‘q. Hozircha buning uddasidan chiqmoqdamiz. Nima uchun 1995 yilda men aynan axborot agentligi tuzishga qaror berganimga kelsak... shu o‘rinda men aytib o‘tishim kerak, 1987 yildan beri jurnalistika bilan shug‘ullanaman. Sobiq Sho‘rolar davrida eng katta tirajda chiqadigan "Komsomolskaya Pravda" gazetasiga konkurs asosida muxbir bo‘lib ishga kirganman. O‘tgan asrning to‘qsoninchi yillar o‘rtalariga kelib esa men axborot agentligini ochish rejasi ustida ishlay boshladim. Mening qo‘limdan o‘sha paytlar, qolaversa hozir ham faqat shu ish keladi. O‘zim bir ish boshlash niyatida edim. Ommaviy axborot vositalari sohasida o‘z biznesim bo‘lishni istadim. O‘sha paytlar gazeta ochishdan ko‘ra, axborot agentligi ochishga eng oz mablag‘ sarflanar edi. Xalqaro xayriya tashkilotlardan biri grant beradigan bo‘ldi. Birinchi kompyuterni sotib oldik. Birinchi printer, birinchi skanner...va ish boshladik. Ammo boshida juda qiyin bo‘ldi, chunki o‘sha paytlar Tojikistonda fuqarolar urushi kechayotgandi. Bizning axborotlarimizga obuna bo‘lish uchun odamlarda va hatto Tojikiston hukumatida ham pul yo‘q edi. O‘ngimizda bir savol ko‘ndalang turardi. Biz kim uchun ishlaymiz? Qanday qilib mehnatimiz uchun haq olamiz? Bozorni tahlil qildik va tushundikki, o‘sha paytda bizning axborotlarimizga obuna bo‘lib haq to‘laydigan yagona toifa – xorijliklar ekan. Xorijiy tashkilotlar, elchixonalari va yordam tashkilotlari...Ularga Tojikistonda bo‘layotgan voqealarni ingliz tilida tahlil qilib beradigan biror bir xabar agentligi va yo biror bir nashr yo‘q edi. Biz o‘z xabar va tahlillarimizni ingliz tilida tayyorlashga qaror qildik.1996 yilning aprel oyida birinchi xabarnomamiz chiqdi. Ilk nashrini bepul tarqatdik va obunaga taklif qildik. Tojikistondagi xorijiy tashkilotlar va elchixonalarda pul bor edi, ammo tanlov imkoniyati yo‘q edi, biz ingliz tilida axborot yetkazib bera oladigan yagona xabar agentligi edik. Shuning uchun ham bir oy ichida deyarli barcha elchixonalar va xalqaro tashkilotlar bizning xabarnomamizga obuna bo‘lishdi. Shunday qilib biz ilk bor o‘z mehnatimizga pul ola boshladik. Keyinroq esa oyoqqa turib oldik va Aziya-Plyus gazetasini ochdik. Ikki yil o‘tib esa Aziya-Plyus FM radio stantsiyasiga asos soldik.

Toshkentdan Mavlon ismli o‘quvchimiz esa matbuot erkinligiga doir savol yo‘llagan.

"Hurmatli Umed aka, men o‘zbekistonlikman, Aziya-Plyus saytini o‘qib boraman. Ochig‘i hayron qolaman dadilliklaringizga...Qaniydi bizda ham shunday bo‘lsa deb o‘ylayman. Yana ijtimoiy tarmoqlarda qardosh tojikistonliklarning zorlanishlari o‘qiyman, matbuot erkinligi yo‘q deb arz qilishadi... Bir O‘zbekistonga kelib yashab ko‘rishsin. Odamzod shukr qilmas ekan..." deb yozadi Mavlon.

Umed Boboxonov: Aslida matbuot erkinligi degan tushuncha anchayin nisbiy tushunchadir...Esimda bundan bir necha yillar avval men ham qirg‘izistonlik hamkasblarim bilan uchrashuvlarda shunday fikrlarni aytardim. Ular ham Akayev prezidentligi davrida hatto qanchalar bosim ostida ishlashayotganidan nolishardi. Men ularga "siz rostdan ham noshukrchilik qilmoqdasiz", der edim. Mana bizga keling va qo‘shni O‘zbekiston, qolaversa Turkmanistonga o‘tib ko‘ring...siz matbuot erkinligi borasida jannatda yasharkanmiz deb o‘ylab qolasiz...Aslida esa boya aytganimday hammasi nisbiy tushunchalar. Albatta, Xudoga shukr, Tojikiston jurnalistlarida o‘z fikrini aytish ozodligi o‘zbekistonlik va yo turkmanistonlik hamkasblariga qaraganda bir necha marta ko‘proq deb aytgan bo‘lardim. Men rostdan ham hozirgi erkinlikning qadriga yetib yana ham taraqqiy topish yo‘lida harakat qilishimiz kerak deb o‘ylayman. O‘zbekistonlik hamkasblarimizda ham so‘z erkinligi bo‘lsa osmon uzilib yerga tushmas edi deb ishonaman. Men rahbarlarimizdan farqli o‘laroq, jamiyatga xavf soladiganlar muammolarni yoritayotgan jurnalistlar emas, balki ko‘proq shu muammolar hali yo‘lida ish qilmayotgan rahbarlar deb bilaman.

Rahmat, biz qaysidir ma‘noda O‘zbekiston va Tojikiston munosabatlari mavzusiga yondoshdik, navbatdagi savolim Zamon ismli o‘quvchimizdan... "Janob Boboxonov, yakinda M-Vektor konsalt firmasi so‘rovlari buyicha Tojikiston aholisi, O‘zbekistonni o‘z davlatlari uchun asosiy dushman deb ko‘rishlarini bildirganlar... Albatta ikki davlat o‘rtasidagi hal kilinmagan (to‘g‘rirogi davlat rahbarlarining shaxsiy dunyoqarashi tufayli) asosi iqtisodga taqaladigan muammolari ko‘p, lekin mening fikrimcha,Prezident Imomali Raxmon janob oliylari, o‘z xalqini ichki muammolardan chalg‘itish uchun rasmiy Toshkent ramzida qandaydir qo‘rqinchlik va Tojikistondagi barcha problemalar "homiysi" o‘laroq Uzbekistonni ko‘rsatadi..." deb yozibdi.

Umed Boboxonov: Ha, afsuski, davlatlarimiz orasidagi munosabatlar ancha murakkab va men savol muallifining fikrlariga qo‘shilaman, munosabatlar tarangligida eng avval bizning siyosiy arboblarimiz aybdor. Davlat rahbarlari aybdor. Bizga ma‘lumki, Imomali Rahmon boshchiligidagi hozirgi hukumat davlat tepasiga O‘zbekiston yordami bilan kelgan...Shundanmi Islom Karimov Tojikiston rahbariyati u bilan maslahatlashib, roziligini olib keyin biror bir masala yuzasidan qaror berishi va yoki uning aytganlarini bajarishi kerak deb o‘ylaydi... Bunday bo‘lmaganidan keyin esa ikki davlat rahbariyati o‘rtasidagi munosabatlar taranglasha boshladi. Chegaralarga O‘zbekiston mina ekib chiqdi. Afsuski, bu minada o‘nlab begunoh insonlar qurbon bo‘lishdi va ular orasida birorta ham jangari yo‘q edi... Sobiq Tojikiston qo‘mondonlaridan Mahmud Xudoyberdiyev Tojikiston shimoliga o‘z otryadi bilan O‘zbekiston hududidan bostirib kirdi va alal-oqibat yana O‘zbekistonga chekinishga majbur bo‘ldi. O‘zbekiston bir muddat Tojikistonni transport qamaliga olishga harakat qildi. Rog‘un suv energiya stantsiyasi qurilishiga doir ziddiyatlar urchib ketdi va hokazo. Tojikiston rahbariyati ham natijada javobiy do‘stona bo‘lmagan amallarga qo‘l urdi. Aksilo‘zbek chiqishlarni kuchaytirdi. Rostdan ham O‘zbekiston aksar holatlarda "olabo‘ji"ga aylantirildi. Uni endi mamlakatdagi barcha muammolar uchun balogardon qilish mumkin bo‘lib qoldi... Bugun ayni yo‘ldan faol foydalanilmoqda. Ammo boshqa tomondan har ikkala mamlakatda ham aksariyat hozir bu kabi munosabatlar ortiq davom etmasligi kerakligini tushunib yetayotganlar ko‘p. Chunki bu juda xatarnok siyosatdir. Davlat rahbarlarining do‘stona bo‘lmagan munosabatlari oddiy odamlarga, biz istaymizmi yo‘qmi, albatta ta‘sir qiladi. Maishiy millatchilik kuchayib boradi. Bu olov bilan o‘ynashishga tengdir. Oqibatlari juda xunuk bo‘ladigan o‘yindir. Shuning uchun mening nazarimda, ikkala tomondan ham bu siyosatni imkon qadar tezroq to‘xtatish kerak. Jamoatchilik ikki davlat o‘rtasida munosabatlarni yaxshilash uchun harakat boshlashi lozim...

Toshkentda Sulaymon shu mavzuga to‘xtalib, Siz jurnalist sifatida ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni yaxshilashga qanday hissa qo‘shishingiz mumkin deb so‘ragan...

Umed Boboxonov: Men o‘ylaymanki, har ikki tomondagi jurnalist va ziyolilarga juda ko‘p narsa bog‘liq bu yo‘lda... birinchi o‘rinda, biz jurnalistlar bir birimiz misolimizda dushman obrazini yaratmasligimiz kerak. Rahbarlarning bu yo‘ldagi harakatlarini qo‘llamasligimiz lozim. Buning uddasidan chiqishning o‘zi katta gap. Ikkinchi tarafdan, madaniyat va san‘at arboblari do‘stlik rishtalarini bog‘lashda juda katta ahamiyat kasb etib kelishgan. Mana qarang, Dushanbeda Yulduz Usmonovani xalqimiz sevib qarshilaydi, Samarqandu Buxoroda Daler Nazarovni olqishlar bilan kutib olishadi. Xalqlarimiz orasida hech qanday to‘siq yo‘q, bir-birlariga yovqarash yo‘q...Mutlaqo. Ana shunday aloqalar ko‘proq bo‘lsa, menimcha, hozir jamoatchilikdagi ba‘zi salbiy qarashlar ham o‘rtadan ketar edi va yo keskin ozayadi deb o‘ylayman.

Rahmat, Dushanbedan Xilvatshoh Mahmud ikki savol bilan murojaat etgan, demak, birinchisi kuzda Tojikistonda kechadigan prezidentlikka saylovlar haqida qanday fikrdasiz, muxolifatdan yagona nomzod ko‘rsatish g‘oyasi qanchalar real va ikkinchi savoli mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot jarayonida mustaqil ommaviy axborot vositalarining ahamiyati bilan bog‘liq ekan... Marhamat!

Umed Boboxonov: Hukumatning Yangi Tojikiston deb atalgan partiya tuzilishiga keskin va loyiq bo‘lmagan munosabati bir narsani ochiqladi. Bizning hukumatimiz kelasi saylovda hech qanday raqobatga toqat qiladigan emas...Shuning uchun muxolifatdan kuchli va jiddiy muqobil nomzod ko‘rsatish va shaffof saylov o‘tkazish hayot haqiqatlariga mos tushmaydi. Ammo men mamlakatdagi obro‘li shaxslardan biri kutilmaganda o‘z nomzodini ilgari surib qolish ehtimolini ham rad etmayman...Men Tojikiston uchun, jamiyat va hatto hozirgi hukumat uchun ham haqiqiy muqobillik asosida kechadigan saylov foydali bo‘lar edi degan fikrdaman. Mustaqil matbuot vositalari va mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti masalasiga kelsak, bilasizmi, menimcha ular jamiyatda betakror bir rol o‘ynashadi. Keyingi yillarda bu ommaviy axborot vositalari nafaqat jamiyatga yangiliklar yetkazib bermoqda, balki o‘ziga xos muxolifat rolini o‘ylamoqda. Hukumatning kamchiliklarini ko‘rsatmoqda...Muxolifat ancha tarqoq, tashabbussiz va ojiz bo‘lgan holatda matbuot uning vazifasini bajarayotir. Hukumat esa har doim bo‘lmasa ham OAV bu kabi chiqishlariga javob berishga majbur bo‘layotir. Bu esa juda katta gap.

Dushanbedan Sobir yo‘llagan savolda Aziya-Plyus internet sahifasiga bir necha marta to‘siq qo‘yilgani haqida so‘z boradi... Bu kabi to‘siqlar qanday ta‘sir qilgani bilan qiziqadi?

Umed Boboxonov: Rostdan ham saytimizga bir necha marta to‘siq qo‘yishdi. Bir tomondan sahifamizning serveri mamlakat tashqarisida bo‘lgani uchun butun dunyo uni o‘qishda davom etdi, ammo mamlakat ichkarisida bu to‘siq ishladi. Ya‘ni, muammo faqat mamlakat ichkarisida edi... lekin bugungi kunda turfa proksi saytlar bor va o‘quvchilarimiz ulardan keng foydalanishdi. Muammo shundaki, proksi saytlardan kirsangiz, bizdagi reklama ko‘rinmaydi va biz ikki oy ichida shundan zarar ko‘rdik. Reklama bergan shirkatlar shartnomalarini to‘xtatib qo‘yishdi. Moliyaviy zarar ko‘rdik, xolos.

Olmoniyadan Abror so‘ramoqda, demak, biz jurnalistlar so‘z erkinligini talab qilamiz, demokratiya deymiz...Hukumatdagilar esa shu Ovro‘po va AQSh ham demokratiya o‘rnatganiga qadar yuzlab yillar ketganini uqtirishadi, shoshmanglar deyishadi, aytingchi bu yerda kim haq deb so‘rabdi...

Umed Boboxonov: Men o‘z fikrimni aytsam... demokratiya menimcha jarayondir. Eng osoni bu inqilob qilish va yo to‘ntarish qilib davlat tepasiga boshqa bir shaxsni olib kelib qo‘yish, ammo bu kabi inqilobni qisqa bir vaqt ichida insonlar onggida amalga oshirib bo‘lmaydi. Menimcha, ma‘rifatli va iqtisodiy mustaqil bo‘lgan bir avlod ulg‘ayishi kerak. Ular uchun yopiq jamiyatda yashashning imkoni bo‘lmay qoladi. Diktatorlar va yo avtoritar rahbarlar bunaqa hur va ma‘rifatli jamiyatda yashay olishmaydi. Bugun diktator va avtoritar rahbarlarning yashab kelayotganiga sabab aksariyat toqat qilishga tayyor... Ammo bunga bugungi rahbarlar ham, xalqimiz ham harakat qilishimiz kerak deb o‘ylayman...

Xujandda Umed so‘ramoqda," Sizning tanqidchilaringiz Aziya – Plyusni goh Amerika va goh Rossiya elchixonalari, ba‘zan esa hukumat nog‘orasiga o‘ynashda ayblashadi, muxbiringiz Olga Tutubalina esa Rossiya josusi ekan..."

Umed Boboxonov: Biz o‘n sakkiz yil avval ish boshlaganmiz va bu yillar ichida bizni doim nimalardadir ayblashadi. Ba‘zida bu ayblovlarga ishonsak, biz Rossiyaga, ba‘zida Amerika va yo Eron, ba‘zan O‘zbekiston manfaatlariga xizmat qilamiz... Bu odatiy hol. Bizning haqiqiy hakam bu o‘quvchilarimizdir. Ularning bizga bergan bahosi muhim. Mamlakatda eng katta adaddagi nashr bizning gazetamiz, web sahifamiz ham o‘quvchilar soni jihatidan eng oldingi o‘rinda...Shuning uchun bu kabi bema‘ni ayblovlarga e‘tibor berishga vaqtimiz yo‘q. Bunga ko‘nikib qolganmiz. Olgani Rossiya agenti deyishayapti, boshqa bir muxbirimiz O‘zbekiston hududida tug‘ilgani uchun O‘zbekiston josusi deb ayblashadi...Biz ochiqmiz. Marhamat, gazetani o‘qishsin, saytimizni ko‘rishsin va xulosa qilishsin bu ayblovlar qanchalar haqiqatga yaqinligini...

Samarqanddan Sobir yodingizda qolgan eng qiziqarli suhbatdosh haqida so‘rabdi, marhamat!

Umed Boboxonov: Mening jurnalistik faoliyatim davomida juda ko‘p qiziqarli suhbatlar kechgan...Mashhur va oddiy odamlar bilan suhbatlashganman. Yodimda qolganlaridan Ahmadshoh Ma‘sudni ko‘p eslayman. Uni 2001 yilda o‘ldirishdi. Ahmadshoh Ma‘sud darrov sizni o‘ziga rom qilib olardi. Bir iliqlik bor edi unda...Kuchli shaxs edi. Afg‘oniston manfaatlariga sodiq bir arbob edi. Men yana hozir Rossiya Bosh vaziri Dmitriy Medvedev bilan qisqa suhbat qilganman. Media forumlardan birida u so‘zga chiqdi va jurnalistlarni haqiqat va milliy manfaatlar yo‘lida ishlashga chaqirdi. Men undan ba‘zan milliy manfaatlar va haqiqat tamoyillari uyg‘un bo‘lmay qoladi, unda nima qilish kerak, deb so‘radim. Yodingizda bo‘lsa, o‘shanda Gurjiston va Rossiya o‘rtasida urush kechayotgan edi, Rossiya jurnalistlari va Gurjiston jurnalistlari bir voqeani turlicha bir birlariga qarama-qarshi yoritishayotgandi. Medvedev janoblari, rost, doim ham haqiqat tamoyillari va milliy manfaatlar uyg‘un bo‘lmaydi deb tan oldi, ammo u umid qilamanki, sizning ishingizda bu uyg‘unlik bo‘ladi dedi...

Siz jurnalist o‘laroq nimani tanlaysiz? Milliy manfaatlarnimi va yo haqiqatni?

Men uchun haqiqat muhimroq deb o‘ylayman. Aks holda milliy manfaatlar bizni doim boshi berk ko‘chaga olib kiraveradi. Mana O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi munosabatlar masalasini oling...tasavvur qiling, o‘zbekistonlik jurnalistlar va tojikistonliklar o‘z milliy manfaatlarini dasturamal qilib olishsa nima bo‘ladi? Biz abadiy urushga kirib qolamiz...

Suhbat uchun rahmat! O‘zbekistonlik hamkasblaringizga tilaklaringiz?

Umed Boboxonov: O‘zbekistonlik hamkasblarim qayerda bo‘lishmasin doim o‘z fikrlarini izhor etish imkoniyatiga ega bo‘lishini tilayman. O‘quvchilar va radiotinglovchilar esa, qayerda bo‘lishmasin ularda aniq va ob‘ektiv axborot olish huquqi ta‘minlanishini hohlardim.