Uyi buzib tashlangan termizlik onaxon: "Boradigan joyim yo‘q!"

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi
Image caption Sobiq Akmal Ikromov ko‘chasidagi uylarning aksari bir necha yil muqaddam qayta ta‘mirlangan edi.

Termiz shahrining sobiq Akmal Ikromov ko‘chasida uylarning buzilishiga qarshi mahalliy aholi norozilik bildirishda davom etmoqda.

May oyida bu borada ayni ko‘chada yashovchi 75 yoshli keksa ayolning O‘zbekiston prezidentiga murojaati Youtube portali orqali e‘lon qilingandi.

Videolavhada o‘nlarcha qo‘porilgan va kesilgan daraxtlar va militsiya xodimlari aks etgan.

"Kim bunaqa qonunsizlikka buyruq berdi?. Xalqni kim qon qaqshatmoqda?" - deya prezidentga xitob qilgan termizlik onaxon hovlisida farzandlari va nabiralari doxil yetti oila yashayotgani, hech qachon uylarini tashlab chiqmasliklarini urg‘ulaydi.

Termizning Akmal Ikromov ko‘chasida yashovchi onaxon o‘z uyi oldi hovlichasidagi kesilgan daraxtlarni birma-bir tanishtirib chiqadi.

Shahar rasmiylari uy-joylarni buzish shaharni qayta qurish rejalarining tarkibiy qismi ekanini aytadilar.

Mahalliy huquqbonlar aytishicha, Termiz shahrining sobiq Akmal Ikromov ko‘chasida uch qavatli zamonaviy binolarni qurish jarayoni ketmoqda.

Ikki yilcha avval boshlangan hukumat loyihasiga muvofiq, ko‘chaning ikki chetida uch qavatli binolarning qad ko‘tarishi rejalangan.

Bu binolarning birinchi qavati tijoriy maqsadlarda foydalanishi, yuqori qavatlari esa aholi uchun ipoteka asosida sotiladigan kvartiralar bo‘lishi mo‘ljallangan.

Huquq faollariga ko‘ra, bu maqsadda hududdagi 100ga yaqin xususiy uy buzilmoqda.

Akmal Ikromov ko‘chasidagi uylarning tomlari bor-yo‘g‘i 4-5 yil muqaddam qaytadan yopilib, ta‘mirlangan edi.

Uylari buzilayotganlarga shahar chekkasidagi stadion orqasidan yangi uy qurib, ko‘chib o‘tish uchun yer ajratib berilayotgani xabar qilingan.

Uylari buzilayotganlarning taxminan yarmi bu yerda uylar tiklab, ko‘chib ham o‘tishgan.

Ba‘zi xabarlarga ko‘ra, yangi uylar uchun ajrtilgan yerda termitlar juda ko‘p va xom g‘ishtdan qurilgan uylarni kemira boshlagan.

Ammo Akmal Ikromov guzarida yashovchi aholi vakillari o‘zlari uchun ajratilgan yerlarda hali yangi uylar qurilmasdan turib, avvalgi uylari buzib tashlanganini aytishadi.

BBC ana shunday ko‘chada qolgan onaxonlardan biri bilan suhbatlashdi.