Sohiba Hayitboyeva: "O‘zbeklar axlat titishayapti"

Image caption Farroshlar supermarketlar mahsulotlari chiqarib tashlanadigan joylarni va tashlash vaqtini yaxshi bilishadi

Moskvaga kelganimdan beri bir achinarli holni kuzataman: yurtdoshlarimiz chiqitga chiqarilgan oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-kechak, uy-ro‘zg‘or buyumlarini olib, yeyishadi, kiyishadi, ishlatishadi...

Yo‘q, ular ishsiz ham, pulsiz ham emas. Nochorlikdan ham axlat titishayotganliklari yo‘q. Bu xalqimizga xos "iqtisodchi"lik oqibati. Yemishiga sarflanadigan pulni tejab, uyga ko‘proq pul yuborish uchun oriyatni chetga surishmoqdalar.

Oziq-ovqatlar

Eng ko‘p yurtdoshlarimiz supermarketlar atrofida ko‘p o‘ralashishadi.

Ma‘lumki, supermarketlar, umumiy ovqatlanish korxonalarida oziq-ovqat mahsulotlari yaroqlilik muddati tugashi bilan chiqitga chiqariladi.

Har kuni chiqindiga aylanayotgan tonnalab mahsulotni mehnat muhojirlari olib bemalol iste‘mol qilishmoqda.

- Nima qilibdi, aynimagan, mazasi buzilmagan bo‘lsa!, - dedi Sabohat opa. - Ruslar muddati 10 minut o‘tgan bo‘lsa ham tashlayveradi. Lekin yesa bo‘ladi-ku. - Lekin chiqindiga tashlangan narsani olish...? - Top-toza, qadog‘i ham buzilmagan.

Tanish farrosh yigitcha kunda-kunora qora tsellofan qopda turli mahsulotlarni yashash joyiga olib keladi, lekin muzlatgichi bo‘lmagani uchun ularni saqlash muammo bo‘lib tanishlarga tarqatadi.

- Savob bo‘ladi, - deydi u kulib. – Mengayam tekin kelayapti-ku!

- Aynigan narsa bo‘lsa-chi?

- O‘zbeklarga jin ham urmaydi! Shuncha odam o‘lgani yo‘g‘u hali.

Farroshlar supermarketlar mahsulotlari chiqarib tashlanadigan joylarni va tashlash vaqtini yaxshi bilishadi.

Kuni kecha yana bir holatga duch keldim. "Yog‘ olmaysizmi?" - deb qo‘ng‘iroq qilib qoldi bir yurtdoshim.

O‘z narxidan ancha arzonga taklif qildi.

Sababi bilan qiziqsam, ishlatilgan yog‘ni to‘kib tashlamay sotishar ekan.

"Ko‘pmas, uch-to‘rt marta belyashi, chebureki pishirilgan xolos", - deydi opa.

Kuzatishlarimga yangi mavzu topilgani qiziqishi bilan yog‘ni ko‘rdim, besh litrli kir baklashkaga quyib sotishga tayyorlab qo‘yilgan. Yog‘ni tagida esa kuygan un cho‘kmalari ko‘rinib turibdi.

Atigi uch-to‘rt martamas, yaxshigina ishlatilgan yog‘ligini ichida har narsalar suzib yurganidan bilish qiyinmas.

Azbaroyi qo‘shimcha pul topish ilinjida rahbarlarida bekitiqcha chiqindi yog‘ni sotayotganlar ham, arzonligiga uchib uni olib ishlatayotganlar ham sog‘liklari uchun qayg‘urishni umuman unutib qo‘yishgani achinarli.

Kiyim-kechaklar

Chiqindi idishlariga hamisha ham axlat tashlanmaydi. Sal uringan yoki urfdan qolgan kiyim-kechaklar ham ko‘rinib qoladi gohi. Bu "tejamkor" yurtdoshlarimizning nazaridan chetda qolmadi, albatta.

Yangi tashlangan poyafzallarni paketga solayotgan hamyurtimizni uchratib qoldim va nima uchun olayotganini so‘radim.

"Qarang, Italiyaniki ekan", - dedi kishi. – "Deyarli yangi. Ayolimga olib boraman, o‘lchami to‘g‘ri kelsa, kiyar. Bo‘lmasa, birortasiga berar".

Yana bir ayol har doim chiqindiga chiqarib tashlangan kiyimlarni olib yurishini aytdi. Ularni yig‘ib uyga yuborar ekan.

"Rossiyani kiyimlari sifatli bo‘ladi", - deydi u. – "Uyga, dalaga kiyaveramiz. Biz tomonda shular ham falon pul".

Kuzatishlarimdan bildimki, oziq-ovqat mahsulotlarini ko‘proq yoshlar, kiyim-kechaklarni katta yoshdagi mehnat muhojirlari oladi.

Yoshlar kiyimni ko‘proq narxi arzonlashtirilgan do‘konlardan xarid qilishni ma‘qul ko‘rishadi.

Kattaroq yoshdagilar uchun esa yangi kiyim kiyish u qadar muhim emas.

"To‘y qilishim kerak, ikkitam ketma-ket tayyor bo‘lib turibdi", - deya hasrat qildi navoiylik Jamila opa. – "Topganlarimizni tejab ishlatmasak bo‘lmaydi. Yoshlarga yangi olsak, o‘zimizga shuyam bo‘laveradi".

Muhojirlik kishini odatlanmagan ko‘p narsalarga ko‘nikishga majbur etayapti. Ammo shu paytgacha halqimiz axlat titib yurish darajasiga tushib qolmagan edi...

Uy-ro‘zg‘or buyumlari va boshqalar...

Image caption Ular kech bo‘lishini ham kutishmaydi, har doim xotirjam kelib axlat titishadi

Farg‘onalik Gulini ishlagani kelganiga ko‘p bo‘lgani yo‘q.

Hamma qatori turar-joy muammosi bilan o‘ralashib qoldi.

Sakkiz ayol turadigan xonadan bir metrli joyga ega bo‘ldiyu, tagiga solishga hech nima topmadi.

Do‘kondan olishga hali puli yo‘q, hujjat, ijara puli bilan keyingi oyga yetib olishi kerak.

Unga uy egasi axlatxonalarni kuzatib yurishini, gohida ruslar krovat yoki matratsga o‘xshash narsalarni chiqarib tashlashini aytdi.

Guli ko‘p kutmadi. Bir hafta axlatxonalarni qarab yurib matrats topdi. Bolalarnikiyu, lekin but-butun. Joyiga olib kirib yotib yuribdi.

"Krovat sotib olishdan qutildimu, lekin matratsda kana bor ekan, ertalabgacha chaqib chiqayapti", - deydi Guli.

Uy-ro‘zg‘or buyumlari sotib olishga pulini qizg‘angan muhojirlar chiqindi idishlarida kerakli biror jihozni ko‘rishsa bo‘ldi, uyga olib kirishadi.

"Vaqtincha yashaymiz, sotib olib nima qilamiz?! Baribir, hammasini tashlab ketishga to‘g‘ri keladi", - deydi Adiba opa.

Sotib olinmaslikning yana bir sababi, o‘zbek muhojirlari tez-tez ijara uylarini o‘zgartirib turishadi. Adiba opaning aytishicha, ko‘chganda ortiqcha yuk bo‘ladi.

Moskva ko‘chalarida velosiped haydab yurgan farroshlarni ko‘p uchratish mumkin.

Keyingi paytlarda e‘tibor bersam, velosipedli farroshlar ikki kishi bo‘lib, chiqindixonalarni tekshirib yurishadi.

Ular kech bo‘lishini ham kutishmaydi, har doim hotirjam kelib ahlat titishadi va "pichoqqa ilingulik" narsalarni saralab yig‘ib ketishadi.

Ularning bir nechasi bilan gaplashishga urindim, ammo istashmadi.

Eng qizig‘i, ularning hech biri kasallik yuqtirib olishdan cho‘chish u yoqda tursin, bu fikr hayollarining ko‘chasidan ham o‘tmaydi.

Avvaliga temir-tersak, plastmassa, yelim idishlarni yig‘ib qayta ishlash korxonalariga topshirishsa kerak, deya taxmin qilgandim.

Ammo surishtirsam, Rossiyada bunday korxonalar mavjud emas ekan.

Axlatlar yig‘ilib, tashlandiqlarga eltib tashlanadi.