Uzwebiston: "O‘zbek shou biznesi "axloqsiz" video kliplardan ogohlantirildi

Image caption "O‘zbeknavo" san‘atkorlar faoliyatini yaqindan kuzatib boruvchi davlat idorasi hisoblanadi

"O‘zbeknavo" Estrada Birlashmasi 17 iyul kuni maxsus yig‘in o‘tkazib, san‘atkorlarni "axloqsiz" video kliplar haqida ogohlantirdi, deya xabar beradi Sayyod.uz shou biznes web sahifasi.

Majlis zali taniqli xonandalar, aktyorlar va shou biznes vakillariga to‘la edi, deyiladi ushbu web sayt 18 iyul kuni nashr etgan xabarda.

Unda ta‘kidlanishicha, "Qadr-qimmatim, tayanchim va iftixorimsan, mustaqil O‘zbekiston!" deb nom olgan majlisda ikki muhim masala - "Mustaqillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish" va shou biznesdagi "o‘ziga xos holatlar" - ko‘rib chiqilgan.

"Axloqsiz" video kliplar

Majlisda TV Markaz tomonidan namoyish etilgan va internetga qo‘yilgan ba‘zi kliplar "axloqsiz" deya baholangan.

Xabar qilinishicha, Abdulla Qurbonov, Jahongir Qurbonov va ayniqsa, transvistit libosidagi "noma‘lum" san‘atkor majlis ishtirokchilarining keskin tanqidlariga uchragan.

Abdulla Qurbonov video klipi Youtube portalida ommalashgandi. Unda politsiya bo‘linmasida qo‘li kishanlangan san‘atkor politsiya zobitini "poraxo‘rlik"da ayblaydi va haqorat qiladi.

"Noma‘lum" san‘atkorning klipi "Asal choy" deb nomlanadi va uni YouTube portalida tomosha qilish mumkin.

Videoda ayol libosini kiygan qo‘shiqchi o‘z idorasi rahbariga bo‘lgan muhabbati haqida kuylaydi.

Web foydalanuvchilar sharhlari

"Asal choy" klipi iyun oyi boshida internetga qo‘yilgandi.

Hozirga qadar uni 21 mingdan oshiq odam tomosha qilgan va ko‘plab sharhlar qoldirilgan.

O‘z fikrini qoldirganlarning aksari video klip haqida o‘ta salbiy fikr bildirgan.

Ularning ba‘zilari hamjinsbozlik dunyo bo‘ylab targ‘ib etilayotganini yozishadi.

Portalga o‘z fikrini qoldirgan To‘lqin Qorayev jumladan shunday yozadi: "Bunaqa xaromilar uchun dunyoda keng yo‘l ochilayapti. O‘zbekistonni ham shunga kiritishga urinishmokda. Bu urinishlarga esa mana shunaqa xaromi qo‘shiqchilar yordam qilishga kirishishgan. O‘zbek o‘zini asramasa, bu yomon qovunlar juda ko‘p urug‘ sochib yuborishlari mumkin. Ming la‘nat millatning bunaqa sharmandalariga!"

19 iyul kuni sharh qoldirgan Dilya Narzullayeva esa: " besoqolbozlikka statьya borku O‘zb.da, faqat aybini isbotlash kerak,tavba sharmanda!" – deb yozadi.

Hamidulla Xodjayev ismli foydalanuvchi esa quyidagi fikrni bildirgan: " O‘zbeklarni sharmanda qipti. Buni osib o‘ldirish kerak. Toki qolganlariga o‘rnak bo‘lsin. O‘zbekni sharmanda qilishshi oqibati yaxshimasligini".

18 iyul kuni fikr qoldirgan "Morello" ismli internetdan foydalanuvchi esa: "O‘zbekistonda qizlar xunuk bo‘lgani uchun yigitlarga boshqa jinsdagilar libosini kiyishga to‘g‘ri kelayapti" – deb yozgan.

"Eltoxa 100" esa "Men mazza qilib kuldim", – deb yozgan.

Huquqiy jihat

"O‘zbeknavo" majlisida agar o‘xshash surat va videolar jamoatchilikka tarqatilsa, tarqatganlar ma‘muriy javobgarlikka tortilishi haqida ta‘kidlangan.

"O‘zbeknavo" rahbariyati xonandalarni "qo‘shiq mazmuniga e‘tibor qilish"ga chaqirgan.

O‘zbekiston jinoyat kodeksi "Besoqolbozlik" uchun uch yilgacha qamoq jazosi belgilagan.