Jamoliddin Abdujaparov: "Meni O‘zbekistonda vatan dushmaniga chiqarishgan"

Jamoliddin Abdujaparov sovet va o‘zbek velosportining dunyoga dongi chiqqan namoyondasi. Uni tanish uchun velosport ishqibozi bo‘lishingiz shart emas. "Toshkentlik dahshat" deb laqab olgan bu jozibali sprinter 1990-yillarda jahon velopoygasida ustunlik qilardi, biroq doping ayblovlari ortidan ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Ibrat Safo uni topib, suhbatlashishga muvaffaq bo‘ldi.

Atrofimda badani tatuirovkalarga to‘la, quloq va burunlariga sirg‘alar taqqan, sochlari turli ranglarga bo‘yalgan panklar. Men Londonning andergraund kontsertlari bilan nom chiqargan Brikston mavzesidagi pank musiqasi kechasidaman. Qorong‘i bu honadagi sahnada ovozi boricha baqirayotgan qo‘shiqchi va ovoz kuchaytirgichlardan yorilib chiqayotgan pank va rok sadolari qulog‘imni garang qilay deyapti.

Lekin, meni bu yerga musiqiy hordiq istagi emas, balki mashhur vatandoshimning ismi yetaklab keldi. Kechada ishtirok etayotgan pank guruhlaridan biri Abdujaparov deb nomlanadi. Guruhning chiqishini tomosha qilgach, uning yakkaxoni Lezli Karterdan nima uchun bunday nom tanlaganini so‘rayman.

"Men bir kun Tur de Fransni tomosha qilayotgandim. Unda Abdujaparov o‘ta ajoyib velopoygachi edi. U poyga yo‘lagida haqiqiy tomosha qo‘yardi. Ayniqsa finish chizig‘iga yetayotganda u yovvoyi jonzotga aylanardi va bir yoqdan ikkinchi yoqqa og‘ib, jazavaga tushardi. Boshqa velopoygachilarni tomosha qilish zerikarli. O‘shanda, avvalgi guruhimizning oxirgi albomini yakunlayotgandik, va men, agar yana bir guruh tuzsam, uni nomini albatta Abdujaparov qo‘yaman deb niyat qilganman."

Image copyright abdou.co.uk
Image caption Abdujaparov pank-rok gruppasi jahon bo‘ylab muxlislariga ega

"Siz musiqangizni qanday tasvirlagan bo‘lardingiz? Bu musiqani Abdujaparov nomi qanday aks ettira oladi?" - deb so‘rayman undan.

"Bu 1977 yilning ingliz pank-rok musiqasi. U mana shu velopoygachiga o‘xshab ketadi, ya‘ni juda agressiv, o‘zini qo‘yarga joy topa bila olmaydigan, lekin ayni damda hayotdan mamnun. Bu ism guruhimizga juda mos tushgan. Lekin, guruhimizni reklama qilish qiyin bo‘ldi, chunki hech kim Abdujaparov so‘zini talaffuz qila olmasdi (Qotib-qotib kuladi). Biz Abdujaparovning o‘ziga atab ham qo‘shiq yozganmiz. Mana bunday boshlanadi: "O‘zbekistondan bir xatar yetib kelganmish, ismi naq Toshkentlik dahshat emish, va hokazo. Keyingi misralarda so‘kinishni boshlaymiz, qolganini aytmay qo‘ya qolay".

Tinchgina hayot

Abdujaparov bu rokerlar orasida kultga aylangani bejiz emas. U "Toshkentlik dahshat" (inglizchasiga "Tashkent Terror") laqabini finish chizig‘idagi o‘z raqiblarini tirsagi bilan turtishi, xavfli va tajovuzkorona usullari tufayli orttirgandi. U "Abdu" va "Uzbek express" laqablari bilan ham yaxshi tanildi. Biroq 90-yillar oxirlariga borib, uning analizlarida noqonuniy dorilar asorati topilar ekan, Toshkentlik dahshat diqqat markazidan g‘oyib bo‘ldi.

Men esa bir necha yil avval bolaligimning bu qahramonini qidirishga tushgandim. Va nihoyat uni Italiyadan topdim. Telefon orqali suhbatimizni uning nomi bilan atalgan pank-gruppaning kontsertiga borganim bilan boshladim.

"Ha, ularni bilaman. Menda hatto ularning disklari bor. Avvaliga men bunga ishonmagandim. Nimaga endi mening sharafimga gruppani nomlashibdi deb hayron qolganman. Keyin qarab ko‘rsam, rost ekan bu. Bu men uchun o‘ta katta sharaf! Aytingchi, yana qaysi odamning nomiga musiqiy guruh nomlangan?" - deydi Abdujaparov.

"Men bilmayman".

"Men ham bilmayman. Uning ustiga, ayniqsa eng mashhur qo‘shiqchilar chiqqan Angliyada. Bitlzni olasizmi, Rod Styuratnimi, Angliya birinchi o‘rinda turadi," - deydi u.

Abdu bir necha yillardan beri Italiyaning Verona shahri yaqinidagi kichik shaharchada yashayotganini aytadi. Men undan kichkina shaharda yashash uning qiziqqon xarakteriga naqadar mos kelishini so‘rayman.

"Yaxshi, tinchgina, hech qanday mojaro yo‘q. Do‘stlarim bu yerda ko‘p, o‘rganib qolganman. Oilam yo‘q, shuning uchun hayot tinch. Italiyaliklar meni o‘ziniki deb qabul qilishadi, chunki juda ko‘p marta Italiya jamoalari sharafini himoya qilganman. Bu ularning xotirasida muhrlanib qolgan... Mashqlar va qolgan ishlarim Italiyada bo‘lgani uchun shu yerda qolib ketganman, hali ham ishlayman, mana Tur de Fransga taklif qilishdi. Yaqinda Jiro de Italiyaga chaqirishdi", - deydi Jamoliddin aka.

Qulash

"Toshkentlik dahshat" laqabiga Jamoliddin Abdujaparov kamtarona munosabat bildiradi. Uning aytishicha, finish chizig‘iga bir kilometr qolganda, har kim har qanday usulni yo‘lga solardi va aslida, aksincha, uning raqiblari uni turtib yiqitishga ko‘proq uringanlar. Lekin, tomoshabin va tahlilchilar uchun u yuqori tezlikda bo‘la turib, ikki yonga og‘ishga shuncha energiya sarflashi va yana g‘olib ham chiqishi bir jumboq edi.

Image caption Abdu g‘alaba ortidan g‘alabaga erishdi

Raqiblari esa unga yaqinlashishga qo‘rqishardi.

1991 yilgi Tur de Fransning to‘rtinchi bosqichida barerga tiralib qolgan belgiyalik poygachi Yoxan Museyu tele-intervyusida o‘zbek raqibi ustidan mana bunday shikoyat qilgandi.

"U har doim shunday qiladi. Bu adolatdan emas. Uni kimdir to‘xtatishi kerak. Aksincha, oqibat juda xavfli bo‘lishi mumkin"

Oqibati xavfli bo‘ldi ham. Jamoliddin Abdujaparovning velosportdagi eng esda qoladigan onlari ayni poyganing so‘nggi bosqichida, Parijning Yelisey hiyobonida yuz berdi.

Finish chizig‘iga 100 metr qolganda Jamoliddin Abdujaparov yuqori tezlikda harakat qilayotib, barerga chalinib ketdi va o‘mbaloq oshib yerga quladi. Miyasi chayqalishi va bir necha suyagining sinishiga qaramay, Abdu 20 daqiqadan so‘ng tibbiy xodimlar yordamida finish chizig‘ini kesib o‘tdi.

Bu qulashiga qaramay, u eng yaxshi sprinterning maykasi - yashil maykani saqlab qoldi. U yiqilishidan avval mazkur Tur de Fransning 1 va 4-bosqichlari g‘olibi bo‘ldi. Mukofot taqdimoti davrida esa kasalxonaga yotqizildi. Men Abduning o‘zidan bu kunni qanday eslashini so‘rayman.

"Finish sari harakat qilayotgandim. O‘ng tomonda barerlar o‘rnatilgandi. Men boshimni egib, barerlarga qarab harakat qilayotgandim. Barerlar chizig‘i o‘ng tomonga qarab keta boshladi va men ham shu chiziq bo‘ylab harakat qildim. Lekin bu chiziq keskin qayrilgan ekan, shu barer oyog‘iga chalinib ketdim va keyin, bo‘lgani bo‘ldi. G‘ildiragim ikkiga bo‘linib ketdi, keyin yiqildim."

"Ba‘zi axborot manbalarida sizni Koka-kola idishiga chalinib ketgan deyishgan", - deb so‘rayman.

"Yo‘q, barerga urilgandim. Koka-kola idishi yo‘q edi. Sekinlashtirilgan kadrlarni tomosha qilsangiz, urilganim va velosipedim ustimdan uchib ketgani ko‘rinadi. Idishni bosganimda unday bo‘lmasdi. Bu bo‘lmag‘ur gaplar... Kimdir Koka-kolaga reklama qilib qolmoqchi bo‘lgan, shekilli. O‘zi sprinterda to‘rtta ko‘z bo‘lishi kerak. Ikkisi oldinga, ikkisi orqaga va chap va o‘ngga qarashi kerak. Hammayoqqa qarab ulgurish kerak bo‘ladi, demoqchiman. Men u paytda orqaga ham qarayotgandim, va keyin, pastga, to‘siqlarga qarayotganimda bu qulash yuz berdi. Keyin besh daqiqa hushsiz yotganman".

Image caption 1995 yilgi Tur de Fransdagi yana bir g‘alaba

"Vatan dushmani"

Abdujaparov o‘z karerasi davomida dabdabali Tur de Fransning to‘qqiz bosqichi, Jiro de Italiyaning bir bosqichi, Ispaniyadagi Vueltaning yetti bosqichi, va Jahon velopoygasining besh bosqichida g‘olib bo‘lgan. Hatto Lans Armstrong ham buncha ko‘p unvonlarga ega emas.

Abduning sportdan g‘oyib bo‘lishiga 1997 yilgi hodisa sabab bo‘ldi. Tur de Fransning ikkinchi bosqichida u antidoping tekshiruvlaridan o‘ta olmadi. Uning analizlaridan noqonuniy dori izlari topildi.

Ashaddiy velosport ishqibozlarining qahramoni uchun bu yanada dahshatliroq qulash bo‘ldi. Uning o‘zi bu haqida gapirishdan bosh tortib kelgan. Lekin, men bilan suhbatda o‘zi bila turib qandaydir doping qabul qilganini rad etadi.

"Belgiyaning Loto jamoasi tarkibida chiqayotgandim. U yerda juda yomon odamlar bor edi. Idishimga shu dopingni sepgan bo‘lishgan. Qizig‘i shuki, musobaqa tekshiruvchilari emas, jamoamizning murabbiysi kelib, menda doping topilganini aytgan. U buni avvaldan bilgan. Massajistimga bu dorini idishimga sepish buyurilgan. Massajist ertasi soat tonggi to‘rtda Tur de Fransdan ketib qolgan. U men uni tutib, adabini berishimdan qo‘rqib, qochib ketgan".

"Lekin, sizni bunday yomonotliq qilish va musobaqadan chetlatishdan kim manfaatdor edi?"

"Mening shartnomam juda daromadli edi. Shu pulni to‘lamaslik uchun, o‘z jamoam o‘zimga qarshi shunday yo‘l tutgan. Ularning menga nisbatan qiziqishi so‘nib borayotgandi, shuning uchun katta bir janjal bilan meni chetlatishdi va kareramni bulg‘ashga urinishdi. Men bunga qarshi mahkamaga shikoyat qildim. Lekin, men vakili hisoblangan O‘zbekiston federatsiyasida juda hasadgo‘y odamlar ishlashardi. O‘sha paytdagi federatsiya vitse-prezidenti bilan o‘smirligimizdan beri chiqishmasdik. Federatsiya men uchun mas‘uliyatni bo‘yniga olmagan. Aslida bu katta doping emasdi, yordam bersa bo‘lardi. Men olti oy ichida yana sportga qaytishim mumkin bo‘lardi. Vitse-prezident meni "Vatan dushmani" deya haqorat qilgan. U men vatanimni sharmanda qilganimni aytgan".

"Ochiq sir"

Image caption 1993 yil iyulida Abdu Tur de Fransning Vandan Dinargacha bo‘lgan bosqichida g‘olib bo‘ldi

Abdu dopingga munosabati juda yomon ekanini aytadi. Uning aytishicha, ko‘plab g‘oliblar yillar o‘tib, doping qabul qilganlarini bo‘yniga olganlar. "Ular bu doping bilan go‘yoki mototsiklda harakat qilishgan, men esa orqalaridan velosipedda quvganman", - deydi u.

Doping masalasi o‘nlab yillar davomida velosportning "ochiq sir"i bo‘lib kelgan. Aytilishicha, noqonuniy dorilar o‘ta og‘ir jismoniy to‘siqlarni yengib o‘tishi kerak bo‘lgan velopoygachilar orasida keng tarqalgan.

O‘tgan yili jahonning eng mashhur velopoygachilardan biri, Tur de Fransning yetti karra g‘olibi Lans Armstrong doping ayblovlariga iqror bo‘lishi ortidan, unvonlaridan judo qilindi. Velosport imidjiga qattiq shikast yetkazildi. Abdujaparov ham o‘sha avlodning bir vakili bo‘lgan.

"Avvaliga, buni faqat shifokorlar bilishardi. Shu shifokorlar Armstrong deysizmi, yo boshqa poygachilar bilan, shartnoma tuzardilar. Shu shifokorlar hamma mashg‘ulotlarni kuzatardilar. Kimki dopingni istasa, shu shifokorlar bilan aloqaga kirardi. Hammasini ular nazorat qilishardi", - deydi Abdu.

O‘z vatani sport federatsiyasi rahbariyati tomonidan "Vatan dushmani"ga chiqarilgan Abdujaparov chet ellarda qolib ketdi. Biroq, baribir o‘z vatandoshlari bilan rishtalarini uzmadi va ularni Ovro‘po jamoalariga joylashtirish bilan shug‘ullandi.

"O‘zbekistonda velosport federatsiyasi bormi, yo barbod bo‘ldimi, men bilmayman. Men avvallari O‘zbekistondan velosportchilarni chaqirib olib, Ovro‘podagi jamoalarga joylashtirardim. Lekin, federatsiya mensiz buni eplashiga ishonib, aloqani uzdi. Bu yilgi Tur de Fransda chiqayotgan farg‘onalik Sergey Lagutinni ham men o‘smirligida Ovro‘poga chaqirib olgandim. Bir yili o‘zbekistonlik sportchilar bilan Veronaga yaqin joyda tanishdim. Tasodifan bilib qoldim, o‘smirlar poygasiga kelgan bu bolalar uch kun oziq-ovqatsiz, temir yo‘l vokzalida yotishgan ekan. Pul sarflamaslik uchun, trenerlari bolalarni mehmonxonaga yotqizmaganlar. Hamma ishimni tashlab, darrov vokzalga bordim, va shu bolalarga ovqat, ichimliklar olib berdim. Qo‘limdan kelganicha yordam qildim, va keyingi yili ularni Ovro‘podagi jamoalarga joylashtirdim. Bolalarni olib kelib, ochidan o‘ldirishiga sal qolgan trenerlar keyin federatsiya rahbariyatiga tayinlanganlar. Bizda mentalitet shunaqa", - deydi u.

Image caption Abdujaparov bu yilgi Tur de Frans ishtirokchisi, britaniyalik mashhur sprinter Mark Kavendish bilan

"Lekin mentalitet shunday bo‘lsa, siz qanday qilib bunday yutuqlarga erishdingiz? Siz ham O‘zbekistondan, Qibraydansiz. Demak, siz bu yutuqlarga erishishingiz uchun, nimanidir to‘g‘ri bajarishgan bo‘lishsa kerak?"

"Agar inson hayotida nimagadir erishishni istasa, qattiq mehnat qilishi kerak. Men boshqalardan ikki marta ko‘p mashq qilardim. Toshkent velotrekida hech birimizda velosiped yo‘q edi. O‘nta bolaga ikki yo uchta velosiped bor edi. Navbatma-navbat uchardik, menga yetmay ham qolardi. Yoki o‘rindig‘i baland velosipedni qo‘limga tutqazishardi, o‘rindig‘ini tushiraman desam, ruxsat berishmasdi... Baland o‘rindiq bilan bir amallab uchaverardim".

Oddiy haydovchi ota va oshpaz onaning o‘g‘li Jamoliddin bu sharoitlarga qaramay, yuksak yutuqlarga erisha oldi. U kunlar unga uzoq o‘tmishdek tuyuladi. Abduning diqqati markazida o‘tmish emas, kelajak. U o‘zining professional velopoygachilar jamoasini tuzish loyihasi bilan mashg‘ul va bu loyihasi uchun homiylar qidirayapti.

Ilk va yagona musulmon Tur de Frans g‘olibi bo‘lgan Abduga arab davlatlarida qiziqish bor, biroq, uning aytishicha, bu qiziqish hali moliyaviy sarmoyaga sabab bo‘lganicha yo‘q.

U 25 nafar yosh velosportchilardan tuzilgan yangi jamoasini tuza olsa, uch yil ichida ularni Tur de Fransga olib chiqishiga ishonadi. Aytishicha, Britaniyaning yulduz sprinteri Mark Kavendish ham bu jamoaga qo‘shilish istagini bildirgan.

"Lekin, buning uchun homiy kerak. Velosport eng kir, dorilarga botgan degan ayblovlar yo‘q bo‘lishini istayman. Men qo‘li egri shifokorlar aralashmagan, sof jamoani tuzishni juda xohlayman", - deydi u.