Dubayda vazn tashlagan odamlarga oltin sovg‘a qilinadi

Image caption Fors ko‘rfazi mamlakatlarida semizlikning ortib borishiga "fast-food" mahsulotlarining mashhurligi va "o‘troq" hayot tarzi sabab bo‘layotgani aytiladi.

Dubay hukumati sog‘lom turmush tarzi loyihasi doirasida shaharliklarga ketkazilgan har bir ortiqcha vazn uchun oltin berishga qaror qilgan.

Loyihada barcha xohlovchilar ishtirok qilishi mumkin.

Semizlikni yo‘qotish loyihasi 30 kun- musulmonlarning muqaddas Ramazon oyi davomida o‘tkaziladi.

Qatnashchilar har bir kilo uchun bir grammi 45 dollarga teng oltinlik bo‘lishadi.

Shu bilan birga, qatnashuvchilar sovg‘a olish uchun kamida ikki kilo vazn yo‘qotishlari lozimdir.

Loyihada hammadan ko‘p ozishga harakat qilgan uch ishtirokchi qiymati 5,4 ming dollarlik tanga uchun bellashishadi.

"Sening vazning tilloda" harakatining boshlangani haqida Dubay ma‘muriyati boshlig‘i Hussayn Nosir Luta e‘lon qilgan.

Image copyright AP
Image caption Qatnashchilar har bir kilo uchun bir grammi 45 dollarga teng oltinlik bo‘lishadi.

"Ramazon- bunday foydali amallar uchun eng qulay fursat. U bizga vaznimiz kamayishi bilan his qiladigan sog‘liqning foydasi haqida eslatadi va yangi hayot tarzi boshlash uchun jiddiy qadamlar qo‘yishga undaydi", - deb aytgan shahar mulozimi.

Fors ko‘rfazidagi ko‘p mamlakatlarda semizlikning muammoga aylanayotgani "fast-food" - tez pishar ovqatlarni ko‘p iste‘mol qilish va jismoniy harakatning kamgiligidir.

"Sening vazning tilloda" loyihasining homiylari Dubayning Gold and Jewellery Group notijoriy tashkiloti va keng tarmoqli Dubay tovar- xom-ashyo birjasidir.

"Biz jamiyatning turli qatlam vakillarini bu ajoyib tashabbusda ishtirok etishga chaqiramiz va umid qilamizki, idoramiz tomonidan ajratilgan 100 ming dirxam (27,2 ming dollar)ga teng tangalar bunga munosib rag‘bat beradi", - deydi loyiha homiylaridan Ahmad bin Salim.

Ro‘yxatga olinadigan qatnashchilarga sog‘liqqa zarar qilmay ozish usullari haqida maslahatlar beriladi.

16 avgust kuni Dubayda haqiqiy ozganlar uchun bayram bo‘lishi va‘da qilinmoqda.