Mehnat muhojirlari rossiyaliklar uchun asosiy xavfmi?

Image caption Rossiya hukumati mehnat muhojirlarining jamiyatga tezroq moslashuviga ko‘maklashish kerakligini aytgan

Rossiya aholisining katta qismi mamlakat uchun eng katta xavfni kirib kelish oqimi tinmayotgan boshqa millat vakillarida ko‘rar ekan.

Butun Rossiya omma fikrini o‘rganuvchi markaz tomonidan o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, 35 foiz kishi shunday xavotirni bildirgan.

So‘rov o‘tkazilganlarning 33 foizi xavfni madaniyat, fan va ta‘lim tizimining susayganida ko‘rsa, 28 foizi terakt va ekologik faoliyatlarda deb biladi.

Boshqa sabablar qatorida rossiyaliklar neft va gaz zahiralari tugashi, hokimiyatdagi bo‘linish, tug‘ilishning kamligi va hayot darajasining pasayib ketishida deb hisoblaydi.

Shu bilan birga, so‘rov mualliflariga ko‘ra, rossiyaliklarning xavotirlik darajasi oldingi yillarga nisbatan biroz kamaygan.

Ayni paytda mehnat muhojirlarining moslashuvi, ekstremizm va ksenofobiya, milliy madaniyatning rivoji uchun Rossiya hukumati 82 tashkilotdan ro‘yxat olgan.

BBC Rus xizmati ham rossiyaliklar orasida xavotirlarga sabab nima bo‘lganini o‘rganishga harakat qiladi.

Nikolay ismli kishi, "agar qisqa qilib aytganda, Rossiya uchun asosiy xavf muhojirlar emas, balki hukumatning ijtimoiy siyosati. Aynan bu siyosat- ijtimoiy tengsizlikka olib keldi. Muhojirlar hozir Yevropaning ham muammosiga aylangan", deb fikr qoldirgan.

Tverlik Vovaning muhojirlarga munosabati yaxshi emasligi uning so‘zlaridan anglanadi:"Rossiyadagi xohlagan militsiya bo‘limida kavkazlikni ko‘rish mumkin. Ularning familiyasidagi "o‘g‘li" ozarbayjonlik ekanini bildiradi. Qanday qilib boshqa millat vakillari militsiyaga suqilib kirishgan va nima uchun? Bu qandaydir rejalashtirilgan maqsadga o‘xshaydi, migrantlar oldin huquq tartibot organlarini, keyin esa butun mamlakatni bosib olishlari mumkin. Hamma diasporalarni taqiqlab, mamlakatdan haydash kerak, yaxshisi zonaga", deydi u.

Boshqa bir rossiyalikka ko‘ra, "aholini muhojirlikning o‘zi emas, jinoyatchi kishilarning hech bir qiyinchiliksiz mamlakatga kirib kelishi xavotirga soladi".

Yana boshqa tanqidiy qarashdagi izohda " Putin siyosatining natijasi bo‘lgan muhojirlar har bir burchakda. Mahalliy aholi uchun normal sharoit yarata olmaydi, bizdan ham battar ahvoldagi o‘rta asrlar qonunlari hukmron Kavkaz va O‘rta Osiyodan hamma kirib kelmoqda. Bugun aptekada mendan oldin turgan yo o‘zbek yoki qozoq ikkita ayolga gap tushuntirguncha aptekachining yarim soat vaqti ketdi", deyiladi.

Mehnat muhojirlari Rossiya matbuotining doimiy mavzularidan hisoblansada, keyingi paytlarda bunga e‘tibor yana kuchaygan.

"Hukumatning o‘zi muhojirlarni nima qilishni bilmaydi", deb yozadi Rossiyaning internet nashrlari.

"2013 yilning birinchi yarmida qariiyb 10 million kishi, aksariyati ish izlagan xorijlik Rossiyaga kelgan", - deydi Rossiya Federal muhojirlik xizmati rahbari Konstantin Romanovskiy. Unga binoan, o‘tgan yilga nisbatan muhojirlarning oqimi 13 foizga oshgan. Oxirgi to‘rt yilda esa 37 foizga oshganini bildirgan. "Muhimi ularning kirishi emas, o‘z vaqtida chiqib ketishi", degan u.

Keyingi oylarda mehnat muhojirlari turgan yotoqxonalarga reydlar o‘tkazish, Moskva viloyatida noqonuniy muhojirlarni ko‘chada "sazoyi"qilgan kabi olib o‘tish hollari kuzatilgandi.

Shuningdek, musulmon muhojirlar namoz o‘qiyotgan joyga bostirib kirib, ularni hibsga olishlar sodir etilgandi.

Rossiyadagi inson haqlari faoli Bahrom Hamroyev fikricha, bu kabi hodisalar Rossiya hukumatining aholini mamlakatdagi asosiy muammolardan chalg‘itish uchun qilinayotgan holdir.

Muhojirlar bilan ishlash markazi xodimi Yulduz Aminovaning aytishicha, Rossiyaga keluvchi mehnat muhojirlari orasida jinoyat ko‘chasiga kirib ketayotgan yoshlar haqiqatda bor. "Ba‘zi yoshlar hatto ota-onasidan so‘ramay kelishgan. Bu yerda ish topolmay, sharoitga moslasholmay jinoyatga qo‘l urayotganlari uchrab turadi", - deydi u.

O‘tgan haftada ham Rossiyaning qator metro bekatlarida reydlar o‘tkazilgan, 200dan ortiq noqonuniy mehnat muhojirlari ushlangani aytilmoqda.

Rossiya Dumasi deputatlari mehnat muhojirlari bilan mehnat shartnomasi tuzish shartlarini qayta ko‘rib chiqish kerakligini aytadilar.

Ularga ko‘ra, ba‘zi muhojirlar tomonidan sodir etilgan og‘ir jinoyatlar umuman olganda barcha muhojirlarga nisbatan ishonchni susaytirgan. Muhojirlar uchun shartlarning kuchaytirilishi Rossiyaga turli jinoyatchilarning oson kirib kelishiga ta‘sir qilishi mumkin, deb hisoblaydi deputatlar.