O‘zbekiston: paxta mavsumida xalqaro kuzatuvchilar ishtirok etishi kutiladi

Image caption O‘zbekiston bundan oldin ko‘p marotaba Xalqaro tashkilotlarning monitoring o‘tkazish so‘rovlarini javobsiz qoldirgan.

O‘zbekiston dalalarida 2013 yilgi paxta yig‘im-terimi payti Xalqaro mehnat tashkiloti vakillari monitoring olib borishiga ruxsat berilishi mumkin.

Bu haqda AQSh Davlat kotibi yordamchisining o‘rinbosari Jeyn Zimmerman Toshkentdagi Amerika elchixonasida tashkil etgan matbuot anjumanida aytgan.

"Biz Xalqaro mehnat tashkiloti joriy yilda paxta terimini monitoring qilishi yuzasidan muzokaralarda sezilarli yutuqqa erishdik", - degan Jeyn Zimmerman.

Zimmermann xonim O‘zbekiston Tashqi Ishlar vaziri Abdulaziz Komilov, O‘zbekiston parlamentining inson huquqlari bo‘yicha vakili Sayyora Rashidova va Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz rahbari Akmal Saidovlar bilan ko‘rishgan.

O‘zbekiston hukumati bundan oldin ko‘p marotaba Xalqaro tashkilotlarning monitoring o‘tkazish so‘rovlarini javobsiz qoldirib kelayotgandi.

Faollarga ko‘ra, rasmiy Toshkent paxta yig‘im-terimida asosiy kuch arzon bolalar mehnati bo‘lgani sababli, xorijiy kuzatuvchilarning mamlakatga kiritilishini xohlamaydi.

Paxta mavsumini kuzatishni xohlagan Bolalar huquqlari uchun kurashuvchi bir necha inson haqlari faollari mamlakatga kiritilmagan.

O‘zbekistonda bu masala bilan shug‘ullanuvchi oz sonli huquq faollari rasmiylar qarshiligiga duch kelishgan, ularning paxta dalalarida bolalar mehnati aks etgan foto-video lavhalari militsiya xodimlari tomonidan olib qo‘yilgan.

Xalqaro Human Rights Watch inson haqlari tashkiloti AQShdan O‘zbekiston hukumatini paxta yig‘im terimida xalqaro monitoring guruhi va mahalliy huquq tashkilotlari ishtirokiga ruxsati uchun bosim o‘tkazishga chaqirgan.

Human Rights Watch murojaatida O‘zbekistonda "qullik mehnati" davom etayotgani, ko‘plab murojaatlarga qaramasdan o‘quvchi va talabalar mehnatidan voz kechilmagani ta‘kidlanadi.

Shuningdek, Cotton Campaign" kaolitsiyasi ham AQSh rasmiylariga maktub yo‘llab, O‘zbekiston paxta dalalarida bolalar va kattalarni majburiy ishlatish amaliga chek qo‘yish yo‘lida bosim o‘tkazishga da‘vat etgandi.

Tashkilotning AQSh Davlat Kotibi Jon Kerri nomiga yozilgan maktubida O‘zbekiston hukumati bu yilgi paxta terish mavsumini kuzatish uchun Xalqaro Mehnat Tashkilotining vakillarini mamlakatga kelishlariga ruxsat bermas ekan maxsus "qora ro‘yxat"ga kiritilishi kerakligi bildirilgan.

O‘tgan yil O‘zbekistonning aksar viloyatlarida maktab o‘quvchilari o‘rniga litsey, kolledj va institut talabalari, shuningdek davlat xizmatchilari - o‘qituvchi, hamshira, shifokor va qurolli kuchlar askarlari, xususiy shirkatlar xodimlari paxta yig‘ib olishga keng miqyosda jalb qilingan.

Majburiy paxta terimiga qatnashishni istamagan xodimlar ishdan bo‘shatilgani, talabalar o‘qishdan haydalish hollari ko‘plab yuz bergani, yoki eng kamida maosh va nafaqalari berilmasligi bilan po‘pisa qilingani huquq faollari tomonidan aytilgandi.