UzWebiston: "Gulnora qizimiz haqqiga duoda bo‘laylik"

Image copyright gkarimova.wordpress.com

"Farg‘onada odamlar doim Gulnora Karimovani duo qiladilar", deb aytgan imomlardan biri Forum-TV telekanali namoyish etgan ko‘rsatuvda.

Ko‘rsatuv O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi tashabbusi bilan tashkil etilgan iftorlikka bag‘ishlangan.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

"Bizning Farg‘onamizda ham bu tadbir o‘zgacha bir fayzli bo‘lib, hammaning qalbida o‘ziga xos bo‘lgan bir xursandchilik, yaxshi iz qoldirayaptiki, bu Gulnoraxon qizimizning olib borayotgan ishlariga Olloh muvaffaqiyat bersin! Umri uzoq bo‘lsin! Qilib borayotgan ishlariga doim Olloh omad berib, Olloh barcha yomonliklardan qizimizni O‘zini panohida asrasin! Hammamiz, biz farg‘onaliklar doimiy mana shunday duoda bardavom bo‘lamiz", degan Farg‘ona viloyati imomi Tursuntohir Ertaboyev.

Iftorlikda "og‘iz ochgan" Qo‘chqorvoy ota Jo‘rayev Gulnora Karimovaga o‘zining minnatdorligini bildirgan.

Forum-TVning boshqa bir videoyangiligi Buxoro viloyatidan tayyorlangan.

Buxoroda ham musulmonlar uchun muqaddas hisoblangan Ramazon munosabati bilan ro‘zani ochish yoki iftorlik kechalari uyushtirilgani haqida xabar qilingan.

"Shu kunlarda butun mamlakatimizdan yurtdoshlarimiz Bibi Orifa majmuasiga tashrif buyurmoqdalar. Ular nafaqat ziyorat uchun, balki iftorlik tadbirlarida qatnashish uchun ham kelmoqdalar. Bibi Orifa majmuasi yaqinda rekonstruktsiya qilindi. Qayta tiklash ishlarining tashabbuskori "Fond Forum" rahbari Gulnora Karimova bo‘ldi", deya xabar qilgan Forum-TV.

"Bugun 19 iyul kuni bu maskan ziyoratchilarga to‘la. Birin-ketin keksalar kirib kela boshladilar. Ularning bari bu dunyodan o‘tganlarning ruhlariga duo qildilar va ushbu tadbirni tashkil etganlarga minnatdorchilik izhor etdilar. Quyosh botganidan keyin ularning hammasi dasturxonga taklif etildilar. Ular orasida Risolat Xoliqova ham bor edi", deyiladi ko‘rsatuvda.

"Avvalambor Gulnoraxon qizimizga juda ham rahmat! Umrlari uzoq bo‘lsin! Shunaqa yaxshi kunlar doim hammamizga nasibu-ro‘z aylasin! Bu hammasi tinchligimizning sharofatidan. Har yili men ham niyat qilib ro‘za olaman. Bibi Orifada iftor qilishlikni Olloh menga nasibu-ro‘z ayladi", deb aytgan Risolat Hoji ona.

"Biz ushbu tadbirning hamma tashkilotchilariga, bugun xizmat qilganlarning hammalariga minnatdorchilik bildiramiz. Hammalarining oilalariga tinchlik, baxt-saodat tilaymiz! Umrlari uzoq bo‘lsin!", deya tilak bildirgan Zebo To‘xtayeva.

Forum-TV ko‘rsatuvida aytilishicha, iftorlik kechalarini tashkillashtirishda o‘z hissalarini qo‘shgan biznesmenlarga Gulnora Karimova nomidan minnatdorchilik xatlari taqdim etilgan.

Mamlakat ichkarisidagi loyihalarga e‘tibor qaratish

O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova o‘zining diplomatik daxlsizlikdan mahrum etilgani haqidagi matbuot xabarlarini rad etdi.

Shuningdek, u Jeneva shahrida joylashgan BMT idorasi va xalqaro tashkilotlarda O‘zbekistonning elchisi emasligi haqidagi xabarlarni ham jiddiy qabul qilmadi.

Elchilik o‘zi uchun unchalik muhim emasligini bildirdi.

Gulnora Karimovaga ko‘ra, O‘zbekistonning BMTdagi elchisi lavozimidan bo‘sh bo‘lish o‘ziga mamlakat ichkarisidagi loyihalarga ko‘proq vaqt sarflash imkonini beradi.

Googoosha ijodi o‘zining emas, Internet forumi muhokamasida

Gulnora Karimova boy-badavlat biznesvumen bo‘lishi bilan birga Googoosha taxallusli pop-qo‘shiqchi ekani ham ko‘pchilikka ayon.

U o‘zi bastalagan bir necha qo‘shig‘ini dunyoga mashhur qo‘shiqchilar Xulio Iglesias, Montserrat Kabalьe va Jerard Depardьelar bilan birga ijro etgan.

Googooshaning qo‘shiqlari va qo‘shiqlari asosidagi videokliplari O‘zbek radiostantsiyalari va TV Markaz televideniyesida muntazam efirga uzatib kelinadi.

Yaqinda u o‘zining "Yonimda bo‘ling" deb nomlangan yangi qo‘shig‘ini e‘lon qildi.

Moskvada joylashgan Ferghana.ru axborot agentligi bu haqda xabar tarqatdi.

Bu xabarga 23 ta sharh qoldirildi.

Qoldirilgan sharhlarning aksari salbiy mazmunda.

Biroq uning siyosatga aralashganidan ko‘ra qo‘shiq kuylagani afzalroq, deyiladi sharhlarda.

"Vlad" nomi ostida sharh qoldirgan internet foydalanuvchisi yozadi: "Kuylayversin! Bu uning qo‘lidan yaxshiroq kelayapti. Faqat hokimiyat va siyosatga aralashmasin..."

"Bыvshiy" sharhi: "Navbatdagi jo‘n qo‘shiq va hatto yaxshi aranjirovka ham vaziyatni yaxshilay olmaydi. Haqiqatan ham umuman tushunmaydigan ishlarga aralashganidan ko‘ra ashula aytib yurgani yaxshiroq".

"Djon" yozgan: "Hamma saytlarda u haqda, u haqda. O‘zbekistonning oxirgi qahramoni. Hammaning ko‘nglini ozdirdi..."

"Chujak" qoldirgan sharh: "Ayol kishining "qadr-qimmati"ni muhokama etishni yoqtirmayman. Unga kuylamagani yaxshiroq. U faqat do‘stlari bilan karaoke aytsa bo‘ladi. Lekin aftidan... yalovchilar uni hamma narsani sog‘lom aql bilan mushohada qilish qobiliyatidan mahrum qilganlar. Unga rahmim ham keladi... ayol sifatida. Eng muhimi, "o‘zgarish shamollari esishi bilan" ular birinchi bo‘lib unga tosh ota boshlaydilar va mag‘zava ag‘daradilar".