Nihoyat O‘zbekistonda mushtumzo‘r hokimlarga qarshi kurash boshlandimi?

Image caption O‘zbekistonda eng yuqori darajadagi va butun respublikaning eng nufuzli, obro‘li insonlari va vazirlari qatnashayotgan majlislarda ham do‘q-po‘pisa bilan gapirish tabiiy holatga aylandi

O‘zbekistonda prokuratura Namangan viloyat hokimining o‘rinbosariga nisbatan fermerga qo‘l ko‘targani uchun jinoyat ishi ochgani haqida xabarlar tarqalgan.

O‘zbekistondagi rasmiy doiralarga yaqin 12uz.com web-sayti xabar qilishicha, Namangan viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari O‘ktamjon Ergashev Kosonsoy tumanidagi "Zafar Muhammadjon chorvasi" fermerlik xo‘jaligi rahbari Muhammadjon Rahimovni kaltaklagan.

Bunga fermerlik xo‘jaligining davlatga don topshirish rejasini bajarmagani sabab bo‘lgan.

Hokim o‘rinbosari fermerni urgan majlis Kosonsoydagi "Qishloqxo‘jalikkimyo" idorasida bo‘lib o‘tgan.

Viloyat hokimining mushtumzo‘rligiga Kosonsoy tuman hokimi, tuman prokurori, militsiya boshlig‘i va bu tumandagi 43 ta fermer guvoh bo‘lganlar.

Do‘pposlanganidan keyin Muhammadjon Rahimovning viloyat prokuraturasiga murojaat qilgani xabar qilinmoqda.

Sud-tibbiyot ekspertizasi janob Rahimovning badanida ko‘p sonli jarohat va momataloqlarni qayd qilgan.

12uz.comga ko‘ra, viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari o‘zining lavozimida faoliyatini davom ettirmoqda.

Ushbu jinoyat ishi O‘zbekistondagi davlat amaldorining mushtumzo‘rligi bilan bog‘liq qo‘zg‘atilgan ilk jinoyat ishidir.

Aslida esa bunday hodisalar O‘zbekistonda deyarli har kuni yuz beradigan bo‘lib qoldi.

O‘zi O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan keyin kadrlar orasida Sharof Rashidov yoki O‘lmas Umabekovdek intelligent-ziyoli inson fazilatlariga ega, yuksak madaniyatli, odob-axloqli mutaxassislar yuksak qadrlanmay qo‘ygani kuzatiladi.

Aksincha, eng yuqori darajadagi va butun respublikaning eng nufuzli, obro‘li insonlari va vazirlari qatnashayotgan majlislarda ham do‘q-po‘pisa bilan gapirish tabiiy holatga aylandi.

Rahbar o‘z qo‘li ostidagini qancha haqoratlab-so‘ksa, kuldon bilan boshiga ursa yoki tepsa, shuncha hurmatga sazovor bo‘lishi kerak, degan feodal zamonga qaytish alomatlari ustun ko‘rila boshladi.

Natijada O‘zbekistonda bir necha hokim o‘zining zo‘ravonligi bilan insonlar o‘limiga sabab bo‘lgan aniq holatlar mavjud, ammo hayotdan ko‘z yumgan xo‘jalik rahbari, hokim yoki fermer qarindoshlariga o‘tkazilgan bosimlar oqibatida bu jinoyatlar jamoatchilikdan hozircha sir tutilib kelayapti.

Xuddi Kosonsoydagi majlisda bo‘lgani singari rahbarning mushtumzo‘rligi deyarli butun viloyatdan yig‘ilgan insonlar guvohligida ko‘p bora ro‘y bergan.

Jinoyat ekani aniq ko‘rinib turgan bu amalga militsiya va prokuratura rahbarlari boshlarini xam qilib qarab turadilar.

Bir necha yil oldin Surxondaryo viloyati hokimining ko‘pchilik oldidagi tahqirlashi muzrobotlik fermer o‘limiga sabab bo‘lgan edi.

2011 yil Ismoil To‘ranazarov o‘limi yuzasidan ochilgan jinoyat ishi qanday yakunlangani noma‘lum.

O‘zbekistonda "Ma‘naviyat va ma‘rifat" markazlari tashkil etilgan, lekin shu paytgacha ma‘naviyatni yuksaltirish haqidagi ma‘ruzachilar madaniyatsiz "arbob"larning axloqsizligini tanqid qilishga jur‘at qilmaganlar.